Aksiyadorlik jamiyatlarini tuzish va faoliyatini tashkil qilish tartibi O`zbekiston Respublikasining «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida»gi qonunda ifodalangan. Ushbu qonunning 2-moddasiga muvofiq:
Aksiyadorlik jamiyati – bu jismoniy shaxslar kapitallarining birlashuvi bo`lib, u aksiyalar chiqarish yo`li bilan tashkil etiladi.
Fuqarolik kodeksining 64-moddasida aksiyadorlar jamiyatga quyidagicha tarif beriladi:
Ustav fondi muayyan aksiyalar soniga bo`lingan jamiyat aksiyadorlar jamiyati hisoblanadi; aksiyadorlar jamiyatining ishtirokchilari (aksiyadorlar) uning majburiyatlari bo`yicha javob bermaydilar va jamiyat faoliyati bilan bog`liq zarar uchun o`zlariga qarashli aksiyalar qiymati doirasida javobgar bo`ladilar.
Aksiyalar haqini batamom to`lamagan aksiyadorlar aksiyadorlar jamiyatining majburiyatlari bo`yicha o`zlariga qarashli aksiyalar qiymatining to`lanmagan qismi doirasida solidar javobgar bo`ladilar.
Aksiyadorlar jamiyatining firma nomida jamiyatning nomi hamda bu jamiyat aksiyadorlik jamiyati ekanligi o`z ifodasini topishi kerak.
Aksiyadorlar jamiyatining huquqiy mavqei hamda aksiyadorlarning huquq va burchlari ushbu Kodeks va boshqa qonunlar bilan belgilanadi.
Jamiyat jamlangan kapitaliga qarab maxsus qimmatli qog`oz – aksiya chiqaradi. Aksiyani sotib olganlar hissadorlarga aylanishadi va foydadan o`z hissasi – divedendni olib turadilar. Aksiyadorlik jamiyati o`z majburiyatlari bo`yicha o`ziga tegishli butun mol-mulk bilan javobgar hisoblanadi. Aksiyadorlar jamiyati majburiyatlari bo`yicha javobgar emas va uning faoliyati bilan bog`liq zararlar uchun faqat o`zlariga tegishli aksiyalar qiymati doirasida javobgar hisoblanadi.
Aksiyadorlik jamiyati quyidagi afzalliklarga ega:
aksiya chiqarish orqali cheklanmagan miqdorda mablag`lar jalb qila olish;
a’zolarning soni korxona faoliyatiga katta ta’sir ko`rsatmaydi;
tashkiliy rasmiylashtirish aksiyador tashkiloti organlari doirasidagi nazorat vazifalarini taqsimlashga yordam beradi, ya’ni qaror qabul qilish jarayonida faqat malakali mutaxassislar ishtirok qilishadi;
aksiyadorlikdan chiqish tartibini osonligi.
Bu va boshqa afzalliklar shuni ko`rsatadiki, AJ yirik biznesda keng tarqalgan bo`lib, u yirik va uzoqni ko`zlaydigan loyihalarni amalga oshirishda qo`llaniladi.