3.7.Mavzu. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rejalashtirish. 3.7.1.Qishloq xo‘jaligida rejalashtirishning ahamiyati. Rejalashtirish tizimi ko‘rsatkichlari.
3.7.2.Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini bashorat qilish.
3.7.3.Strategik va bir yillik (biznes) va operativ rejalarini tuzishning maqsadi va vazifalari.
3.7.4. Qishloq xo‘jaligida biznes reja va uni tuzish tartibi.
3.7.5. Qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligini rejalashtirish.
3.7.6.Mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishning texnologik kartasi.
Tayanch iboralar:biznes reja, rezyume, xulosa, marketing, rasmiy biznes reja, ishchi biznes reja, funksiya.
3.7.1.Qishloq xo‘jaligida rejalashtirishning ahamiyati. Rejalashtirish tizimi ko‘rsatkichlari. Qishloq xo’jaligi korxonalarida ishlab chiqarishni rivojlantirishning ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy va texnologik ko’rsatkichlari o’rtasidagi o’zaro bog’liqlik va nisbatlarni ta’minlash, rivojlanish yo’llari va sur’atlari, tarmoqlar va bo’linmalar, takror ishlab chiqarishning asosiy bo’g’inlari o’rtasida to’g’ri mutanosiblikni shakllantirish jarayoniga rejalashtirish deb ataladi.
Qishloq xo’jalik korxonasi va uning ichki ishlab chiqarish bo’linmalari hamda tarmoqlari faoliyatini ifoda etuvchi rejalar ichki xo’jalik rejalari deb ataladi.
Qishloq xo’jaligi korxonalarini rejalashtirish bir nechta tamoyillarga tayanib amalga oshiriladi. Rejalarning realligi rejalashtirishning muhim tamoyilidir. Bu tamoyilga rioya qilmaslik rejalashtirishni ma’nosiz qilib qo’yadi, chunki rejaning biror soha va korxonada bajarilmay qolishi, u bilan bog’liq bo’lgan soha shartnomalari bajarilmay qolishiga, jarimalar to’lashga, ishonchni yo’qotishga olib keladi.
Rejalar bajarilishi uchun ular ilmiy jihatdan asoslangan bo’lishi kerak. Rejalar jamiyatni va ishlab chiqarishni rivojlantirishning obyektiv iqtisodiy qonunlari va qonuniyatlariga mos kelishi, fan va texnikaning eng so’nggi yutuqlariga, tabiiy, iqtisodiy va mahalliy shart-sharoitlarga, ilg’orlar tajribalariga tayanishi va korxonaning mavjud resurs salohiyatiga asoslanishi lozim.
Rejalashtirishning uzviylik va o’zaro bog’liqlik tamoyilitalabiga strategik, istiqbolli, joriy va operativ rejalar o’zaro bir-biri bilan bog’liq holda, bir-birini to’ldiradigan negizda tuzilishi va korxonaga berilgan davlat buyurtmalari orqali mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti rejasi bilan bog’liqligi ta’minlanishi kerak.
Rejalashtirishning mutanosiblik va muvozanatlilik tamoyili mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini mutanosib va uyg’un rivojlantirish qonuniyatlaridan kelib chiqadi. Unga ko’ra korxona faoliyatining barcha tarmoq va sohalari faoliyatini tashkil qilish yagona uyg’unlikda va mutanosiblikda amalga oshiriladi. Buning uchun tarmoqlararo mehnat, moddiy va moliyaviy resurslar balanslari tuziladi.