(Fatvoni qo‘ynidan olib ko‘rsatadi.)
U l u g‘ b e k
Jallodlarning malayisan, badbaxt kushanda!
16
Bir zarba bilan urib Abbosni yiqitadi. Abbos o‘rnidan turib
sipohlarga ishora qiladi. Sipohlar Ulug‘bek navkarlariga hujum
qilganda bittasi qochadi. Yigitali esa qilichini sug‘urib,
ularni yaqinlatmaydi. Ota Murod: “Musulmonlar, voy dod,
bosqin!” deb qichqirib qishloq tomonga qochadi.
Yigitali, qilichimni bergin, ko‘ray-chi,
Qilichbozlik bilarmikan bu nobakorlar!
Yigitali Ulug‘bekka qilich beradi. O‘zi ham qilich tutib
Ulug‘bekning chap tomonida turadi.
Yo‘q, bo‘shashgan emas hali Ulug‘bek qo‘li,
Men qilichni olmaslikka qasam ichgandim,
Ammo bunga sen haromi majbur etasan,
Goho kerak bo‘lar ekan bobo merosi.
Ulug‘bek fonus orqasida turib hujum qilayotganlarni ravshan
ko‘rgani uchun Abbos va sheriklarining hamlalariga raddi-badal
berib yaqinlatmaydi. U o‘zini hamda Firuzani himoya qiladi.
Yigitali jarohat yeb yiqiladi.
Ab b o s
(sipohlarga)
Fonusni ur! Yo‘qsa unga bas kelolmaymiz!
Bir necha sipohi fonusni urib tushiradilar.
O‘rtaga qorong‘ilik cho‘kadi.
U l u g‘ b e k
Eh, nomardlar, yapaloqlar, ko‘rshapalaklar,
Qorong‘ida faqat sizning ishingiz unar!
Uch-to‘rt sipohi qorong‘idan foydalanib Ulug‘bekka orqadan
hujum qiladilar, o‘ng qo‘lidan yaralaydilar,
qilich Ulug‘bek qo‘lidan tushib ketadi.
17
A b b o s
Darhol bog‘lang! O‘chni o‘zim olmog‘im kerak.
Sipohlar arqon tashlab Ulug‘bekni daraxtga bog‘laydilar.
U l u g‘ b e k
O‘lim meni qo‘rqitmaydi. Lekin, afsuski,
Men do‘stlarni hasrat ichra qo‘yib ketaman.
A b b o s
Hukmi shar’iy bajarilur. Ayting vasiyat!
U l u g‘ b e k
Vasiyatim, vasiyatim! Kim ham eshitgay.
Mulkim yo‘qki, birovlarga meros qoldirsam,
Xazinam yo‘q, birovini boyitib qo‘ysam.
Merosimdir kitoblarim va jadvallarim.
Bir meroski, zamon uni mahv etolmaydi,
Bir meroski, vorislari bu vatan ahli,
Bir meroski, bahra topar undan yer yuzi.
Esiz, esiz, vatanimga so‘ng xitobimni
Na birovlar eshitadi va na yozmoqqa –
Bu boylovliq va yarador qo‘lim qodirdir.
Yovuz dushman oldida men boylovliq qo‘lim,
Parvardigor, bundan ortiq bormikan zulm?
Qayerdasan, dastyorim, sodiq navkarim,
Hay, Berdiyor, nega yo‘qsan shu damda o‘zing?
Nega seni men jo‘natdim o‘zimdan yiroq?
Sen bo‘lmasang ketar ekan omadim har choq.
Sen qaydasan, hay, Berdiyor, Chotqol shunqori!
Sahna orqasidan B e r d i y o r tovushi eshitiladi.
B e r d i y o r
Labbay, hazrat, sadongizdan aylanay, hazrat!
Hozir keldim, hay nomardlar!
18
Ab b o s
(cho‘chib, sipohlarga)
Jadal bo‘ling, tez otlaning, darhol ketamiz,
Mana qasos, mana sizga otamning xuni!
(Ulug‘bek ko‘ksiga xanjar tiqadi.)
B e r d i y o r
Seni tirik qochirmayman!
Abbosga o‘q uzadi. Abbos “o‘ldim” deganicha yerga yiqiladi.
Berdiyor va dehqonlar Ulug‘bekni darhol daraxtdan yechib yerga
yotqizadilar. Odamlar uning atro
da tiz cho‘kadilar.
U l u g‘ b e k
(ko‘zini ochib)
Bu senmisan, Berdiyorim? Kechikding biroz.
Berdiyor
Oh, kechikdim bir daqiqa, qiblayi olam!
Biz u cholni ayab sekin yo‘l yurib edik,
Bu qishloqning yaqinidan o‘tganimizda,
Ota Murod jar solganin eshitib darhol
O‘zim chopib keldim bunga... Oh, zolim falak!
(Abbos qo‘lidan olgan xanjarga qarab)
U la’nati sizga tiqqan shu xanjar tig‘in,
Abdullatif ismi bunga yozug‘lik ekan.
Bu Toshkandning xanjaridur, dami zaharli...
Ey Xudo, sen guvoh bo‘lgin, bu xanjar bilan
Abdullatif kallasini olmasam agar
Yuz ming la’nat bo‘lsin menga!
19
U l u g‘ b e k
Men davramda do‘stlarimni ko‘raman yana,
Demak, bizga o‘lim yo‘qdir, men bo‘lmasam-da.
Shu payt osmonda bulutlar orasidan to‘lin oy ko‘rinib qoladi.
Sen ham biroz kechikibsan, ko‘kning fonusi!
Dushman meni yengolmasdi, chiqsang oldinroq.
Ortiq tamom, g‘urbatlarda daydib yurmoqdan
Shu vatanda shahid bo‘lmoq oliy saodat.
Xayr sizga, sho‘x yulduzlar, senga g‘amli oy!
Xayr sizga, do‘stlar, xayr, jami insonlar!
Xayr senga, oh Firuzam, qalbim singlisi!
Abdurazzoq, batafsil yoz bu qissalarni!
Dunyo, dunyo, bevafosan, bilaman seni.
Ammo, senga yomon farzand emas edim-ku!
Yorug‘ kunda, baxt ayyomi, meni yod ayla.
Bitdi nafas. Yig‘lamayman, siz ham yig‘lamang!
O‘ladi.
Piri Zindoniy
Men ellik yil zindonlarda chiritdim tanim,
Ne-ne balo, uqubatlar ko‘rmadi ko‘zim.
Ammo tangri shohiddirki, biron lahza ham
Ko‘zlarimda ko‘zyoshlari yalt etgan emas.
Vo ajabo, hech kimsadan uyalmay bugun
Men yig‘layman, yurak qoni bilan yig‘layman!
Yetim qolgan el dardiga kuyib yig‘layman!
Bosh qo‘yaman tuprog‘iga ulug‘ insonning!
Do'stlaringiz bilan baham: |