I Ish: Dala qirqbo`g`imining tuzilishini o`rganish;
Bo`lim: Qirqbo`g`imtоifа – Equisetophyta;
Ajdod (sinf): Qirqbo`g`imlilar – Equisetopsida;
Tartib (qabila): Qirqbo`g`imlilar – Equisetales;
Oila: Qirqbo`g`imdoshlar – Equisetaceae;
Turkum: Qirqbo`g`im – Equisetum;
Tur: Dala qirqbo`g`imi – Eguisetum arvense;
Maqsad: Dаlа qirqbo`g`imi tuzilishini o`rganish.
Kerakli materiallar: Mikroskop, lupa, preparoval nina, laboratoriya asboblari, pinset, dala qirqbo`g`imining gerbariysi.
Nazariy tushuncha: Qirqbo`g`imtoifa bo`limi – Equisetophyta. Bu bo`lim vakillari poyasining bo`g`imi va bo`g`im oraliqlariga bo`linganligi bilan boshqa spora hosil qilib ko`payuvchi o`simliklardan farq qiladi, bo`g`imlardan chiqqan barglar mayda, poyada to`p - to`p yoki halqasimon joylanishga ega bo`lib, ko`pincha reduksiyalangan holda bo`ladi.
Bu bo`limning asosiy sinflari:
Gieniyalar - (Hyeniopsida),
Ponabarglilar - (Sphenopnopyllopsida),
Qirqbo`g`imlilar –(Equisetopsida).
B irinchi va ikkinchi sinf vakillari yo`qolib ketgan, bizning davrimizga yetib kelgan emas. Ulardan faqat Qirqbo`g`imlilar sinfiga oid, qirqbo`g`imlilar tartibining vakillarigina yetib kelgan.
Qirqbo`g`imlilar tartibi – Equisetales ga kiruvchi o`simliklar poyasining ichki tuzilishi bo`shliqlardan iborat. Mayda barg shoxlari bo`g`imlarda halqasimon bo`lib joylashgan. Tartibning faqat bitta Qirqbo`g`imdoshlar oilasi (Equisetaceae) va bitta Qirqbo`g`im turkumi - (Equisetum) bor. Bu turkum hozirgi davrda 30 dan ortiq turga ega. O`rta Osiyo sharoitida 6 ta turi ma`lum. Shulardan eng ko`p tarqalgan turlaridan biri dala qirqbo`g`imidir.
Dala qirqbo`g`imi ko`p yillik ildizli o`t o`simlik bo`lib, u asosan botqoq, o`tloq daryo va ariq bo`ylarida uchraydi. Poyaning balandligi 10-50 sm. Poyaning yer ostki qismi ildizpoyaga aylangan. Ildizpoya ham o`z navbatida yer ustki qismi kabi bo`g`imlarga bo`lingan. Ildizpoya bo`g`imlarida tugunak va mayda ildiz tutamlari hosil bo`ladi. Tuganaklar zapas oziq moddalar saqlashga moslashgan.
Ildizpoyadan o`sib chiqqan yer ustki novdalar ikki xil: erta bahorgi va yozgi. Bu novdalar tashqi morfologik tuzilishi jihatdan bir-biridan alohida ajralib turadi. Erta bahorgi novdalar qoramtir yoki qo`g`ir rangda bo`ladi. Bu novdalarning bo`g`imlarida shaklan o`zgargan bir-biri bilan qo`shilib naysimon qin hosil qilgan o`tkir uchli mayda barglari bor.
Novdalarning uchki qismida bir nechta sporofillardan tashkil topgan, shakli duksimon tuzilishga ega bo`lgan sporali boshoqchalar vujudga keladi. Har bir sporofil uch qismdan - olti kirrali lappak, qisqa oyoqcha va uning atrofida joylashgan 8-10 ta sporangiydan iborat. Sporangiylar ichida shakl jihatdan teng bo`lgan elaterial sporalar hosil bo`ladi. Sporalar elateriallar yordamida tashqariga tarqaladi. Shuning uchun bahorgi novdalar quriydi. Bundan so`ng ildizpoyadagi yozgi (vegetativ) novdalar ham o`z navbatida bo`g`im va bo`g`im oraliqlarga bo`lingan. Har bir bo`g`imda halqasimon tarzda joy olgan yon novdachalar bor. Bular ham o`z navbatida bo`g`imlardan tashkil topgan. Bo`g`imlarda hosil bo`lgan barglar mayda bo`lib, ular deyarli xlorofill donachalariga ega emas. Shu tufayli assimilyatsiya jarayoni novda va yon novdachalarda amalga oshadi. Yozgi novdalar to kech kuzgacha saqlanib qoladi va kelgusi yer ustki qismi uchun oziq moddalar to`playdi.
Dala qirqbo`g`imi vegetativ va sporalar yordamida ko`payadi. Vegetativ yo`l bilan ko`payganda ildizpoya va tuganaklar ishtirok etadi. Sporalar yordami bilan ko`payish otalik va onalik gametofitlari hosil bo`lishi bilan boradi. Sporalar sirtdan bir-biridan farq qilmasa ham, lekin ular ichki tuzilishi - fiziologik jihatdan farq qiladi. Shuning uchun sporalar nam yerga tushgandan so`ng, ba`zi birlari o`sib otalik gametofit, boshqalari esa onalik gametofitlarini hosil qiladi. Lekin bu doimo saqlanib qoladigan farq bo`lmay, tashqi muhit ta`sirida otalik gametofitlarida arxegoniylar, onalik gametofitlarida esa anterediylar ham hosil bo`lishi mumkin. Har ikkala gametofit tasmasimon uzun yoki qisqa bo`laklarga bo`lingan yashil ko`rinishda bo`ladi. Otalik gametofitlari onalik gametofitlariga nisbatan kichiq Ularda anteridiylar yuzaga kelib, ko`p xivchinli spermatozoidlar yetiladi. Onalik gametofitida arxegoniylar rivojlanadi. Arxegoniy tuxum hujayrasini otalanishi natijasida zigota hosil bo`ladi, undan yangi qirqbo`g`im o`simligi, ya`ni sporofit nasl o`sib chiqadi. Otalanish suv yordamida kechadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |