Laminariya – Geterogeneratasimonlar sinfi, Laminariyalilar tartibiga mansub bo`lib, tallomi lentasimon va panjasimon tarmoqlangan ko`rinishda. Tanasining tagida substratga yopishib oladigan kalta lekin pishiq rizoidlari bor. Laminariyaning barg plastinkasi har yili almashinib turadi. Eski plastinka tushib ketgandan keyin uning o`rnini asosidan o`sib chiqqan yangi barg plastinkasi oladi.(Shimoliy dengizlardagi laminariya barglarini qish oxirida almashtiradi).
Laminariya jinssiz va jinsiy yo`l bilan ko`payadi. Jinssiz ko`payish organlari - zoosporangiylar barg plastinkasining ikki tomonida sorus holida to`planadi. Zoosporangiyda zoosporalar chiqib, mikroskopik tuzilgan changchi va urug`chi o`simtalarga aylanadi. Changchi o`simtalari yon shoxchalar ko`rinishida tarmoqlangan iplardan iborat bo`lib, ularda bir hujayrali anteridiylar shakllanadi. Urug`chi o`simtalari kaltaroq, bir necha hujayradan iborat, har biri bitta tuxum hujayrali oogoniyga aylanadi. Voyaga yetgan tuxum hujayra, oogoniydan tashqariga chiqib uni tepasiga yopishadi va spermatazoidlar bilan urug`lanadi. Hosil bo`lgan oospora, tinim davrini o`tamay o`sib, yangi ko`p yillik, yirik laminariya tallomini hosil qiladi. Shunday qilib, bu o`rinda nasllarning gallanishi ko`riladi, ayni qatda, jinssiz nasl(laminariyaning o`zi) kattaligi va rivojlanish jihatdan jinsiy nasldan (boyagi o`simtalardan) ustun turadi. Sitologik jihatdan olganda laminariyaning o`zi diploid hisoblanadi. Uning zoosporangiyalarida yuzaga keladigan reduksion bo`linish natijasida gaploid zoosporalardan gaploid o`simtalar paydo bo`ladi.
Fukus – Siklosporasimonlar sinfi, Fukuslilar tartibiga mansub bo`lib, tallomi 0,5 m gacha boradigan va dixotomik ravishda shoxlangan to`q qo`ng`ir tusli qalin plastinkadan iborat. Fukus ostki qismi bilan substratga yopishgan holda o`sadi. Fukusning jinsiy organlari tallomining uchlarida (maxsus chuqurchalar skafidiyalar) - konseptakulada hosil bo`ladi. Konseptakula dumaloq “uycha” ichida ko`plab zich joylashgan o`simtalar bilan to`lgan bo`ladi. Har bir o`simta tashqi muhit bilan bog`lanib turuvchi teshikcha bilan ta`minlangan. Konseptakula ustidan tashqariga ko`p hujayrali tolasimon kokil shaklidagi o`simtalar o`sib chiqadi. Oogoniy va anteridiy ba`zan bir o`simlikdagi skafidiyada ba`zan boshqa – boshqa o`simlikdagi skafidiyada hosil bo`ladi.
Urug`chi konseptakulalaridagi oogoniy oval shaklida bo`lib, unda 8 ta tuxum hujayra paydo bo`lsa, changchi konseptakulalarida anteridiy voyaga yetib, ularning har birida 64 tadan shilimshiq modda bilan o`raglan spermatozoid yuzaga keladi. Jinsiy hujayralarning shu ikkala xili ham chuqurchadan tashqariga chiqadi va o`sha yerda o`zining jinsiy elementlarini ajratadi. Urug`langan tuxum hujaytra tinim davrini o`tamay, yangi fukusga aylanadi. Shunday qilib, jinssiz yo`l bilan ko`payish hodisasi fukusda kuzatilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |