Kanop
Xalq xo‘jaligidagi ahamiyati. Kanop-qimmatli lub tolali ekin bo‘lib, uning poyasida 24% gacha tola bo‘ladi. Tolasi pishiqligi, yumshoqligi va gigroskopikligi bilan ajralib turadi. Undan brezent, qoplar, gilam va mebel uchun material, arqon va boshqa buyumlar tayyorlanadi. Chiqindilari qurilish plitalari va qog‘oz tayyorlashda ishlatiladi. Kanop urug‘ida 18-20% yog‘ bo‘ladi, undan lak bo‘yoq sanoatida va sovun tayyorlashda ishlatiladi. Hindistonda lampa moyi sifatida foydalaniladi. Kunjarasi mollar uchun yem sifatida ishlatiladi.
Kanop yovvoyi holda Janubiy Afrikada uchraydi. Kanopning vatani-Hindiston va Janubiy Afrika hisoblanadi. Kanop Hindistonda, Xitoy, Eron, Indoneziya, Birma, Sudan, Vyetnam, Italiya va AQShda ekiladi. Kanop 1925-1926 yillarda Shimoliy Kavkaz va Turkiston nav tajriba stansiyasida ekila boshlangan. Mamlakatimizda 1927 yildan boshlab ekib kelinadi. Respublikamizning, asosan Toshkent viloyati Yuqori, O‘rta va Quyi Chirchiq, Yangiyo‘l va Bo‘stonliq tumanlarida 10 ming gektar yerga ekiladi. Kanop o‘rtacha bir gektar yerdan 100-120 s poya va 4-5 s urug‘ beradi. Yuqori agrotexnikani qo‘llash natijasida undan 150-180 s poya 8-9 s urug‘ olish mumkin.
Botanik xususiyatlari. Kanop-Hibiscus cannabinus L turiga., gulhayridoshlar (Malvaceae) oilasiga mansub bir yillik o‘t o‘simlik. Ildizi o‘q ildiz, yaxshi rivojlangan bo‘lib, tuproqning 2 m va undan ko‘p chuqurligiga kirib boradi. Asosiy ildizi yo‘g‘on, tuproqning yuza qatlamida 30-40 sm chuqurligida joylashadi. Keyin kichrayib boradi va yon ildizlar orasida yo‘qolib ketadi. Agar nam yetishmasa, o‘q ildiz baquvvat rivojlanib, 2 m va undan ham chuqurlikka o‘sib kiradi. Poyasi tik o‘sadi, ko‘ndalang kesimi yumaloq, ozgina g‘adir-budir bo‘lib, uzunligi 2 metrdan 3,5 metrgacha yetadi. Siyrak ekilganda, oziq va nam bilan vaqtida ta’minlanib turilganda, poyasining bo‘yi 5m gacha yetishi mumkin. Poyasi uchiga tomon ingichkalashib boradi, kuchli shoxlangan, yon shoxlari poyaning ko‘sakchalar bo‘lmagan pastki qismidan chiqadi. Tola olish uchun qalin ekilgan joylarda poyasi shoxlanmaydi. Poyasida 40-90 tagacha bo‘g‘im bor. Bo‘g‘im oraliqlari 3-4 sm keladi. Poya odatda yashil rangda, lekin qirmizi rang yoki qizil poya chiqaradigan shakllari ham uchraydi. Qizil va qirmizi rangli kanop poyalari yaxshi iviydi. Shu bois ulardan sifatli tola olinadi. Poyasi tikanchalar bilan siyrak qoplangan. Poyasining diametri 1,5-2,0 sm. Tola olish uchun ekiladigan navlarida esa 1,3-1,5 sm dan oshmaydi.
Barglari ketma-ket joylashgan, pastki barglari oddiy, o‘rta qismida bo‘lak-bo‘lakli, keyingilari esa lansetsimon bo‘ladi. Guli-yirik kalta bandli 5-7 mm. 5 ta tojibargdan tashkil topgan, ochilganda diametri 7-8 sm dan 12 sm gacha yetadi, sariq, och-gunafsha, pushti rangda yoki och qizil rangda bo‘ladi. Changchisi 60-70 ta, qizil rangda, bir-biri bilan qo‘shilib o‘sib, changchi ustunchasini hosil qiladi va 5 ta doira bo‘lib joylashadi. Changdoni buyraksimon shaklda, zarg‘aldoq rangda, tugunchasi 5 uyali, tuk bilan qalin qoplangan. Gullash pastki gullardan boshlanadi. Har bir gul bir kunda ochiladi. Kanop bir uyli o‘simlik, kam hollarda chetdan changlanadi. Mevasi-5 qirrali quticha bo‘lib, uzunligi 2,5 sm, eni 1-2 sm bo‘ladi. Bitta o‘simlikda 20-30 ta quticha hosil bo‘ladi. Urug‘i buyraksimon yoki burchakli shaklda bo‘lib, rangi to‘q kulrangda bo‘ladi. Bitta qutichada 15-20 ta urug‘ bo‘ladi. 1000 donasining vazni 18 gr gacha yetadi. Urug‘ining bo‘yi 3-5 mm, eni 2,5-4,0 mm keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |