Kanop (Hibiscus cannabinus) — gʻoʻzadoshlar oilasiga mansub lub tolali bir yillik oʻsimlik, tolasi uchun ekiladigan ekin. K. yovvoyi holda Janubiy Afrikada va Markaziy Hindistonda uchraydi. Vatani — Hindiston. Eron, Xitoy, Yava va Sumatra orollarida, Afrika, Amerika (AQSH, Braziliya, Kuba), Rossiyaning janubda ekiladi.
Oʻzbekistonda 20-asrning 30-y.laridan boshlab ekiladi (1925-yilda Sirdaryo viloyatida t-zqiqot maqsadlarida 275 ga maydonga ekilgan, hosildorlik 3 s/ga ni tashkil qilgan). K.ning oʻq ildizi tuproqqa 1,5–2 m chuqurlikka kirib boradi. Sugʻoriladigan yerlarda ildizning asosiy qismi 30—50 sm chuqurlikda taraladi. Poyasi tik oʻsadi, rangi yashil, tukli. Boʻyi 1,5—3,5 m gacha, uchki tomoni shoxlanadi. Barglari yirik, barg bandlari uzun. Gullari yirik, och sariq (deyarli oq) qisqa bandli (5–7 mm), barg qoʻltigʻida joylashadi.
Mevasi 5 uyali tuxumsimon koʻsakcha, uz. 2,5 sm, eni 1—2 sm, har bir uyada 2—3 ta urugʻi bor. Urugʻi 3 qirrali, toʻq kulrang. 1000 tasining vazni 18—24 g, uz. 3–5 mm, eni 2,5–4 mm. K. namga, haroratga va yorugʻlikka talabchan. Oʻsish davri 124—145 kun. K. urugʻi tarkibida 18—20% texnika moyi bor. Moyi lok-boʻyoq sanoatida, sovun tayyorlashda ishlatiladi. Kuruq poyasidan 16—20% toʻqishga yaroqli tola olinadi (qarang Kanop tolasi).
K. almashlab ekishda kuzgi bugʻdoy, dukkakli don, bedadan keyin ekiladi. Ekishdan avval yer kuzda 28—30 sm chuqurlikda shudgor qilinadi. 50x10—12 sm sxemada, urugʻ olish uchun qator orasi 60 sm qilib yakka qatorlab ekiladi. Poya olish uchun 30—35 ga kg/ga urugʻ sarflanadi (yaganalangandan soʻng koʻchat qalinligi 160—180 ming tup/ga). Urugʻ olish uchun 10–12 kg/ga urugʻlik sarflanadi. Urugʻ 4—6 sm chuqurlikka koʻmiladi. Ekinni parvarish qilish, qatqaloqqa qarshi kurash, qator oralarini ishlash, oziqlantirish va sugʻorishdan iborat.
Vegetatsiya davrida 4—5 marta kultivatsiya qilinadi, 2 marta oziqlantiriladi. K. suvga talabchan. Yer osti suvlari 1,0— 1,5 pastda joylashgan oʻtloqi-botqoqi tuproqlarda 5—7 marta, yer osti suvlari chuqur joylashgan tuproklarda 8— 10 marta sugʻoriladi1. Sugʻorish normasi 800-1000 m3/ga.
K. oʻrtacha 1 ga yerdan 100—120 s koʻk poya va 4—5 s urugʻ beradi. Oʻzbekistonning sugʻoriladigan yerlarida yuqori agrotexnikani qoʻllab 150—180 s/ga koʻk poya va 8—9 s urugʻ olish mumkin.
Navlari: Oʻzbekistonda "Oʻzbekiston-3876", "Oʻzbekiston-2142", "Kuban-338" navlari ekiladi.
Zararkunandalari: tunlamlar, lavlagi qandalasi, bitlar, tripslar vab. Kasalliklari: poyaning kulrang chirishi, alternariozlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |