Konstruksiyalarni oldindan yiriklashtirish. Oldindan yiriklashtirish darajasiga bog‘liq holda quyidagilarga ajratiladi:
alohida konstruktiv elementlar bilan montaj qilish;
oldindan yiriklashtirilgan yassi va hajmiy bloklar bilan montaj
qilish;
kompleks bloklarni muhandislik va texnologik jihozlari o‘rnatilgan va mahkamlangan elementlari bilan montaj qilish.
Yig‘ma temirbeton konstruksiyalarda karkasning asosiy elementlari
– ustunlar va fermalari juda kamdan – kam hollarda yiriklashtiriladi. Ko‘pincha metall elementlar – kran osti to‘sinlari, ustunlar, deraza panjaralari, bog‘lamalar, fonar konstruksiyalari, kompleks yiriklashtirilgan bloklar – metall ko‘taruvchi konstruksiyali va samarali yengillashtirilgan ustyopmali (tomli) qoplama bloklari yiriklashtiriladi.
Konstruksiyalarni rulonlashtirish usuli – metall listli konstruksiyalarni yiriklashtirib yig‘ishning bir turi bo‘lib metall konstruksiyalarni tayyorlovchi zavodda amalga oshiriladi. Bu usul rezervuarlarni, gazgolderlarni, oziq-ovqat va kimyo sanoati silindrik idishlarini (sig‘imlarini) montaj qilishda qo‘llaniladi.
Ko‘tarish - montaj qilish jihozlari uchta asosiy guruhga bo‘linadi:
Montaj kranlari – avtomobil, pnevmog‘ildirakli, maxsus shassiga o‘rnatilgan kranlar, gusenitsali, minorali, chorpoyali, temir yo‘lli.
Kransiz moslama – chig‘ir, polispast, ko‘targichlar, domkratlardan foydalanib, konstruksiyalarni ko‘tarish va joylash uchun.
Yuk ko‘taruvchi qurilmalar – montaj qiluvchi machtalar, shevrlar, portal ko‘targichlari, domkratlar massasi seriyali kranlarning yuk ko‘tarish qobiliyatidan ortiq bo‘lgan konstruksiyalar va jihozlarni montaj qilish uchun.
Binoni montaj qilishda montaj qiluvchi mexanizmlarni tanlash muhim masala hisoblanadi. Bir qavatli sanoat binolarini montaj qilishda juda xilma – xil kran qurilmalari (uskunalari) qo‘llaniladi:
yuk ko‘tarish qobiliyati 6,3...16 t bo‘lgan avtomobil kranlari;
pnevmog‘ildirakli kranlar (10...100 t.);
gusenitsali kranlar (6,3...160 t)
minorali kranlar (60...100 t);
temir yo‘l kranlari (16...30 t);
chorpoya kranlar (15...100 t.);
Temir yo‘l va chorpoya kranlarini odatda montaj ishlarini bajarish uchun loyihalashtirilmaydi, ammo qayta qurishda yoki kengaytirishda bunday kranlar bilan jihozlangan ishlab chiqarish majmuilarida ular ishlarini amalga oshirish uchun ishlatilishi mumkin.
Ayniqsa yengil turdagi binolarni elementlab montaj qilishda ko‘pincha avtomobil va gusenitsali kranlar qo‘llaniladi, chunki ular ko‘proq xarakatchan, ishlashda qulayligi bilan farq qiladi. O‘rtacha va og‘ir turdagi bir qavatli binolarni blokli va yirik blokli montaj qilishda katta ko‘tarish qobiliyatiga ega, ko‘pincha minora-strelali qurilma bilan jihozlangan gusenitsali kranlardan foydalaniladi. Bunday montaj qilishda ko‘pincha minorali kranlarni va SRK relsli kranlarni qo‘llanish nazarda tutiladi.
Ulardan biri SRK – 3500 (yuk momenti 3500 t bo‘lgan strelali relsli kran) 35 m kulochda 100 t gacha yuk ko‘tarishi mumkin.
Kranosti yo‘llarini qurish zarurligi minorali va strelali relsli kranlarning qo‘llanilishini ancha murakkablashtiradi. Pnevmog‘ildirakli kranlar yaxshigina yuk ko‘tarish va geometrik tavsiflarga ega, lekin montaj ishlarini bajarishda nisbatan kam qo‘llaniladi. Nisbatan og‘ir konstruksiyalarni montaj qilish uchun bunday kranlarga chiqariluvchi tayanchlar o‘rnatish talab etiladi, bu esa montaj ishlari sur’atini ancha pasaytiradi, shuning uchun gusenitsali kranlar qo‘llash afzaldir.
Binoning karkaslarini montaj qilish uchun montaj qiluvchi kranlarga bo‘lgan faqat ehtiyojnigina emas, balki ularni joylashtirishni ham loyihalashtirish zarur. Ishlar amalga oshirilayotgan joyda mavjud kranlarga bog‘liq holda, ularni arendaga olish imkoniyatlariga, shuningdek binoning konfiguratsiyasiga, uning geometrik tavsiflariga, konstruktiv yechimlarining xususiyatlariga bog‘liq holda qaror qabul qilinadi. Odatda kranlar joylashuvining ikki varianti tahlil qilinadi:
Kran bino karkasi ichida joylashgan. Montaj qilish “o‘ziga tomon” amalga oshiriladi, kran orqaga tisarilib, karkasning montaj qilingan yacheykalarini qoldirib montajni amalga oshiradi. Montaj qilishni bunday tashkil etishda elementlarni ko‘tarish joyida ularni oldindan joylashtirib olish oson. Konstruksiyalar montaj qilish zonasiga kran harakatiga qarshi tomondan yetkazib beriladi. Bunda konstruksiyalarni tushurish va ularni montaj qilish karkasning turli xil yacheykalarida amalga oshiriladi va ishchilar bir – birlariga xalaqit berishmaydi. Kranning bino karkasi ichida xarakatlanishi qurilish amaliyotida juda keng tarqalgan, u oqilona va iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydi.
Kran montaj ishlarini bino karkasining tashqarisidan amalga oshiradi. Bunday qaror binoning yer osti xo‘jaligi rivojlangan holatda, demak yer ishlari hajmi, texnologik jihozlar ostiga poydevorlar qurish bo‘yicha beton ishlari hajmi katta bo‘lganda muhandislik
kommunikatsiyalari tunnellar bilan yotqizilganda qabul qilinadi. Bu holda konstruksiyalarni montaj qilishga uzatish montaj qilish yo‘nalishida yoki boshqa tomondan amalga oshiriladi, bu qurilish maydonchasidagi aniq sharoitlarga bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |