9.1. Binolarni barpo etishning o‘ziga xos texnologik xususiyatlari 9.1.1. Sanoat binolarining xajmiy- rejaviy yechimlari
Amalda ko‘pincha to‘liq yig‘ma holatda maydoni 3...20 ming m2 gacha bo‘lgan bir qavatli sanoat binolari ko‘p uchraydi. Ular kransiz yoki elektr tokida ishlaydigan ko‘priksimon kranlar bilan jihozlangan bo‘lishi mumkin. Binoning oraliqlari 12, 18, 24 va 30 m, ustun qadamlari 6 va 12 m, binoni balandligi 8,4 m dan 18 m gacha bo‘ladi. Yig‘ma elementlarning massasi 2,5 t dan 33 t gacha bo‘ladi. Bino bir xil tipdagi yacheykalari, konstruksiyalari, bo‘ylama hamda ko‘ndalang yo‘nalishlar bo‘ylab katta o‘lchamlarga egaligi bilan ajralib turadi.
Bir qavatli sanoat binolarining asosiy afzalligi – nisbatan arzonligi, texnologik uskunalardan yukni to‘g‘ridan-to‘g‘ri gruntga uzatishi, ustunlar to‘rini siyrak xillarini qo‘llash mumkinligidir. Bunday binolar asosan planda to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda qurilib, balandlik bo‘yicha bir xil, oraliqlari bir yo‘nalishda bo‘ladi.
Binolarning universal hajmiy-rejaviy va konstruktiv yechimlari ishlab chiqilgan bo‘lib, ular industrial montaj qilish uslublarini qo‘llash imkoniyatini beradi. Bino parametri va gabarit sxemalarining o‘zaro bog‘liqligi chegaralangan. Oraliq o‘lchamlari o‘zaro ma’lum balandlik va ustunlar qadami, kranlarni ustki gabaritlariga bog‘liq bo‘ladi. Bir qavatli sanoat binosi karkasining elementlari, to‘suvchi va tomyopma konstruksiyalarining o‘lchamlari nominal yiriklashtirilgan modulga karrali bo‘lib reja bo‘yicha – 6 m, balandlik bo‘yicha – 1,2 m ni tashkil etadi.
9.1.2. Ishlarni bajarish ketma-ketligi
Bir qavatli sanoat binolari odatda zavodlarda seriyali tayyorlangan tipovoy (namunaviy) yig‘ma temir beton elementlaridan montaj qilinadi. Bir qavatli binolarning yig‘ma konstruksiyalari to‘suvchi va yuk ko‘taruvchi turlarga bo‘linadi. Yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarga – yig‘ma poydevorlar, ustunlar, kran osti to‘sinlari, stropila va stropilaosti fermasi, to‘suvchilariga esa – tomyopma plitasi, kamar – to‘sin va devor panellari kiradi.
Oraliqlari 30 m va undan katta bo‘lganda metall fermalar qo‘llanilib, kichik oraliqdagi binolar arkasimon, segmentli va paralel belbog‘li temir-beton fermalar bilan yopilishi mumkin. SHuni ta’kidlash kerakkim temirbeton karkasli binolarni barpo etishdagi mehnat sarfi uxshash metall konstruksiyali binolarga qaraganda ancha yuqoridir.
Yig‘ma temir betonli binolarni elementlari bittalab montaj qilinadi, chunki ularning tutashuv joylari murakkabligi tufayli fazoviy bloklariga biriktirib, yiriklashtirilmaydi, chunki temirbeton blokining massasi, xuddi shunday metall blokka nisbatan 3 ... 5 marta og‘ir bo‘ladi.
Tutashuv joylarini yaxlitlashda − “ho‘l jarayonlar” mavjudligi konstruksiyalar montajini ancha murakkablashtiradi. Ustunlarni stakan turidagi poydevorlarga o‘rnatgandan va ularni yaxlitlagandan so‘ng, keyingi konstruksiyalarni montaj qilish qiyinlashadi. Chunki tutashuv joylarini yaxlitlash va ular 70% mustaxkamlikka erishguncha ushlab turish talab qilinadi. Bu esa qishki mavsumda ishlarni bajarishda qo‘shimcha murakkabliklar tug‘diradi. Qurilish maydonida bir nechta kran mavjud bo‘lganda karkasni montaj qilish bir nechta paralel va ketma-ket oqimlarida bajarilishi mumkin: yig‘ma poydevorlar, ustunlar, ustunlar orasidagi bog‘lovchilar, kranosti to‘sinlari va tom yopma elementlari, devor panellari montaji. Ishlarini bunday tashkil etilishi ob’yektni montaj muddatini sezilarli darajada qisqartiradi.
Poydevorlar uchun transheya yoki chuqurlar qazilib, zamin tekislanib zichlangandan so‘ng, poydevorlarni montajiga kirishiladi. Poydevorlar chuqur joylashtirilganda yoki yaxlit kotlovan qazilgan bo‘lsa kran kotlovan tubi bo‘ylab xarakatlanadi.
Ustunlar ikkinchi (oqim) oqimda montaj qilinadi, bunda nolinchi sikl ishlari tugallanib birinchi qamrov qabul qilingan bo‘lishi kerak. Bunday ishlarga quyidagilar kiradi: ustunlarni montaj qilish uchun qabul qilingan poydevorlar, transheya va chuqurlarni yon-biqinlari grunt bilan qayta to‘ldirilishi, qamrov chegarasida gruntlarni tekislash ishlari, transport xarakati uchun yo‘llar tayyorlash, konstruksiyalarni taxlash va kranni ishlashi uchun maydonchalar tayyorlash. Tekislash ishlaridan keyin eng ma’qul yechim butun qamrov yuzasi bo‘yicha pol ostini betonlanishidir. Transport va kran harakati uchun qattiq qoplamali temirbetonli yo‘l plitalaridan foydalanish mumkin. Bu holatda konstruksiyalarni qumli asosda tayerlangan maydonchaga joylashtirish tavsiya etiladi. Odatda uzunligi 12 m gacha bo‘lgan ustunlar tortib mahkamlanmaydi, ya’ni tortqilar ishlatilmaydi, ularni mustahkamligi poydevorga maxkamlash bilan ta’minlanadi. Balandroq ustunlarni o‘rnatganda ular bikrlik yuzasini kichik tekisligida tortib mahkamlanishi kerak (ustunlar qatori bo‘ylab). Ustun va poydevor tutashuv joylarida beton qorishmasi kerakli mustaxkamlikka erishgandan so‘ng bog‘lovchilarni montajiga va kranosti to‘sinlarini o‘rnatilishiga kirishish mumkin. Kran osti to‘sinlarini quyma detallari ustun konsoliga payvandlanib va tutashuv joylari to‘ldirilgandan keyin ustunlar orasidagi tortqilar olinadi. Kranosti to‘sinlari odatda tomyopma konstruksiyalari bilan bir oqimda montaj qilinadi. Karkasning har bir yacheykasini kompleks uslubida montaj qilish tavsiya etiladi: ya’ni yacheykadagi xamma kranosti to‘sinlari, stropilaosti to‘sini, stropila fermasi va yacheykadagi barcha tomyopma plitalari o‘rnatiladi. Plitalar bir yon tomondan ikkinchi yon tomonga ketma-ket, chetki oraliqni birinchi plitasi birinchi qator ustunlariga ilingan osma montaj maydonchasidan turib, o‘rta oraliq plitalari oldin montaj qilingan chetki oraliq plitalari ustidan turib montaj qilinadi. Devor panellari oxirgi montaj oqimida odatda mustaqil kran bilan montaj qilinadi. Panellarni qushni ustunlar orasiga butun balandligi bo‘yicha deraza panjarasi bilan bir paytda va elementlar choklarni yaxlitlash bilan birgalikda montaj qilinadi. Bir qavatli sanoat binolarini montaj qilishda ob’yekt oldi omborlari tashkil etilmaydi. Montaj qilish zonasiga konstruksiyalar uchinchi smenada keltirilib, tushiriladi va ko‘tarish joylariga taxlab teriladi. Konstruksiyalar zaxirasi kamida ikki yoki uch kunlik ishga mo‘ljallanadi, keltirishda uzilishlar bo‘ladigan holatlarda zaxira kuni oshishi mumkin. Konstruksiyalarni yetkazishni kunduzi ham tashkil etsa bo‘ladi, bunda konstruksiyalar montaj yo‘nalishining qarama-qarshi tomonidan tashib keltirilishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |