SO‘Z BOSHI
Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lgan qurilish strukturasida muhim o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Bu ishlab chiqarishga mo‘ljallanmagan ob’yektlar miqdori oshishida, bino, inshootlar va shahar mikrorayonlarining rekonstruksiya hajmlarining o‘sishida hamda ish sifati, atrof-muhitni himoyasi, ob’yekt qurilishini investitsion sikli davomiyligiga qo‘yilayotgan talablarda namoyon bo‘lmoqda. Qurilish ishtirokchilari o‘rtasida yangi munosabatlar va raqobat elementlari paydo bo‘lmoqda. Narxlar, ish haqi va resurs iste’moli miqyosi keskin o‘zgarmoqda.
Quruvchilarni bozor iqtisodiyoti davrida qabul qilgan tashkiliytexnologik va boshqaruv bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlarining natijasi sezilarli bo‘lmoqda. Bo‘layotgan o‘zgarishlar tashkiliy-texnologik tayyorlov, loyihalash, qurilish ob’yektidagi texnologik jarayonlarini shakllanishi va boshqarilishi tizimidagi yangi holatlarni aks ettirishi kerak. Bu o‘zgarishlar qurilish tarmog‘iga mutaxassislar tayyorlashda ham e’tiborga olinishi lozim.
Bu yerda zamonaviy o‘quv-uslubiy adabiyotlarning mavjudligi, uning yangilanishi va mukammallanishi muhim ahamiyatga ega. Darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratilishidagi asosiy prinsiplardan biri, bu o‘quv materialini bayon etish va fanning tashkiliy –texnologik siklini o‘rganishda sistemalilik va izchillikdir.
“Bino va inshootlar qurilishi” yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olayotgan bakalavrlar “qurilish texnologiyalari” deb umumiy nomga ega, ketma-ket o‘tiladigan fanlarni o‘rganadilar. Bunga qurilish konstruksiyalarini ishlab chiqarish texnologiyasi, qurilish jarayonlari texnologiyasi, bino va inshootlarni barpo etish texnologiyasi va qurilishni tashkil etish va rejalashtirish fanlari kiradi. Oldin bu qurilish texnologiyasiga mansub o‘tiladigan fanlar yagona majmuaning bosqichlari sifatida ko‘rilmagan va bu o‘tiladigan fanlarda izchillik prinsipiga u qadar amal qilinmagan.
Mualliflar tomonidan yozilgan ushbu darslik “Qurilish texnologiyalari” rubrikasiga kiruvchi kitobdir. Bu kitob nafaqat qurilish yo‘nalishlaridagi bakalavrlarga, shuningdek magistrlarga, quruvchilarga va ilmiy xodimlarga mo‘ljallangan. Mualliflar Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti “Bino va sanoat inshootlari qurilishi” kafedrasi dotsenti, t.f.n., E.M.Maxamataliyev hamda Toshkent arxitektura-qurilish instituti “Bino va inshootlar “ kafedrasi mudiri, t.f.n., dots. S.S.Sayfiddinovlarga qo‘lyozma taqriz yozganliklari uchun cheksiz minnatdorchilik bildiradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |