Rejalashtirish jarayonining ajralmas qismi atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqish hisoblanadi. Bunda turistik rayonlarning o‘tkazish potentsialini hisobga olish va uni saqlagan holda ekologik barqaror rivojlantirish kontseptsiyasi muhim rol o‘ynaydi.
Atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlash uchun yaxshi rivojlangan infrastrukturaga ega ma’lum zonalarda turistik ob’ektlarning to‘planishi, ekologik ta’sirlarni doimiy nazorat qilib borish va turizmni rivojlantirishga o‘z vaqtida o‘zgartirishlar kiritib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan ko‘zlangan maqsad – uning salbiy ta’sirini yo‘q qilish yoki eng kam darajaga tushirishdir.
Ayniqsa turistik mavsum avjiga chiqqan paytlarda ekologik muammolar ko‘proq vujudga keladi. Ayni shu paytda infrasturktura zo‘riqib ishlaydi va diqqatga sazovor joylar, ob’ektlar va xizmatlardan haddan ortiq foydalanish yuzaga keladi.
Ekologik salbiy ta’sirlarni to‘xtatib qolish uchun rejalarni ishlab chiqayotganda maxsus choralarni ko‘zda tutish kerak. Ular jumlasiga quyidagilar kiradi:
turistik ob’ektlar uchun suv va elektr ta’minoti, kanalizatsiya, qattiq chiqindilarni yo‘q qilish va suv tarnovlari tizimini qurishda loyihalarga qat’iy amal qilish, to‘plangan suvlarni tozalash va qayta ishlash, isitish uchun quyosh batareyalaridan foydalanishni keng joriy qilish va sh.k. Rejalarda bundan foyda olgan holda mahalliy aholining ehtiyojlari uchun foydalanishni nazarda tutish;
ekologik toza transpot va yo‘l tizimlaridan (elektr dvigatelli avtobuslar) foydalanish, qurilishi tugallanmagan ochiq hududlardan foydalanish, parklar yaratish, turistik zonalardagi hududlarni obodonlashtirish;
yerdan foydalanish va ob’ektlarni rejalashtirishning maqsadga muvofiq printsiplarini qo‘llash, zonalashtirish qoidalari, qurish va arxitekturaviy loyihalashtirish me’yorlariga rioya qilish, reklama shitlari va peshlavhalarini joylashtirishni tartibga solish;
turistik diqqatga sazovor joylar zonalarida keluvchilar oqimini boshqarish, keluvchilarning sonini cheklash yoki ularning kelishini umuman to‘xtatib qo‘yish. Unda modellashtirish metodlaridan, ya’ni ob’ektning o‘ziga turistlar bormagan holda tegishli diqqatga sazovor joyning nusxasini montaj qilish va ko‘rsatish;
turistlarga kemping zonalari va piyodalar so‘qmoqlarida daraxtlarni kesishni, kamyob o‘simliklarni to‘plashni, yovvoyi hayvonlarning tabiiy xulq atvor modelini buzishni man qilish; faqat nazorat qilinadigan joylardagina baliq ovi va ov bilan shug‘ullanishga ruxsat etish;
dengiz zonalarida faoliyatning quyidagi turlarini nazorat qilish: kemalarning korpuslarini tozalash va ballast (kemaning muvozanatini saqlash uchun qo‘yilgan yuk) tashlash bilan bog‘liq operatsiyalar; ekologik zaif zonalarda motorli lodkalardan foydalanish; tirik chig‘anoqlar, dengiz marjonlari va yo‘qolib borayotgan dengiz hayvonlarini to‘plash; dengiz miltig‘i bilan ov qilish; qurilish maqsadlarida plyaj qumini olish va sh.k.;
ham turistlar, ham mahalliy aholining foydasi yo‘lida ekologik sog‘lomlik va xavfsizlik me’yorlarini saqlab turish.
Agar rayonda (zonada) ekologik xavfsizlik va atrof-muhitni saqlash bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilayotgan bo‘lsa, u holda ular haqida ushbu choralarga rioya qilishlari maqsadida turistlarga bu haqda xabar qilinishi kerak.
Atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlarini hisoba olgan holda, ekologik rejalashtirish printsiplarini amalga oshirish ko‘plab ekologik muammolarning oldini olishga xizmat qiladi. Atrof-muhitga ta’sirni baholash (AMTB) turizmni rivojlantirishning har bir konkret loyihasi bo‘yicha amalga oshirish zarur. Agar birorta ko‘rib chiqilayotgan loyiha ekologiyada salbiy muammolar keltirib chiqarishi mumkinligi aniqlansa, uni zarur tuzatishlar kiritmay turib tasdiqlash mumki emas. Turizmni rivojlantirishning barcha bosqichlarida AMTB choralarini qo‘llash tartibi mamlakat qonunlari tomonidan belgilanadi.
AMTB ta’sirning barcha turlarini – ekologik,iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy ta’sirlarni qamrab olishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |