3.Turizmni rivojlantirishga ekologik ta’sirlarning turlari va rejalashtirishda ularni hisobga olish
Turizm va atrof-muhit o‘zaro bog‘langan. Jismoniy muhit (tabiiy va inson tomonidan yaratilgan) ko‘plab xushmanzara elementlarga ega. Lekin turistik faoliyat bu muhitga ham ijobiy, ham salbiy ekologik ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Turizmni rivojlantirish va uni boshqarishni shunday amalga oshirish kerakki, toki o‘tkazilgan jarayonlar atrof-muhitni buzishga xizmat qilmasin, balki u bilan uyg‘unlashib ketsin. Agar turizm zarur darajada rejalashtirilsa, rivojlansa va boshqarib borilsa, u katta ekologik ijobiy ta’sirlar ko‘rsatishi mumkin. Ular jumlasiga quyidagilar kiradi.
Tabiiy hududlarni, o‘simliklar va hayvonot olamini muhofaza qilish, milliy (mintaqaviy) parklar va qo‘riqxonalarni, boshqa turistik diqqatga sazovor joylarni rivojlantirishni asoslash va mablag‘ bilan ta’minlashga xizmat qilish. Bu chora atrof-muhitni muhofaza qilish uchun cheklangan mablag‘larga ega mamlakatlar va mintaqalarda, ayniqsa, samara beradi.
Arxeologik va tarixiy ob’ektlarni saqlashni ular buzilib ketmasligi yoki umuman yo‘qolib ketmasligi uchun asoslab berish va mablag‘ bilan ta’minlash.
Turistlar keladigan joylarnining jozibadorligi, tozaligi va ifloslanmasligini ta’minlay borib, atrof-muhitning sifatini yaxshilash. Muvaffaqiyatli joylashgan turistik ob’ektlar ham shahar, ham qishloq ko‘rinishini bezashi mumkin. Atrof-muhitning sifatini yaxshilash, o‘z navbatida, infrastrukturaning (suv ta’minoti, kanalizatsiya, qattiq chiqitlarni yo‘q qilish va takomillashuviga ko‘maklashadi.
Mahalliy aholi, ayniqsa, yoshlarning ekologik ma’rifati darajasi oshishiga ko‘maklashish.
Turizmning salbiy ta’sirlariga quyidailar kiradi:
Kanalizatsiya va qattiq chiqindilarni yo‘q qilish tizimining noto‘g‘ri rivojlanishi oqibatida suvlarning ifloslanishi.
Noto‘g‘ri joylashgan turistik ob’ektlar, ularning mahalliy landshaft va chiroyli ko‘rinishlar bilan uyg‘unlashmaganligi, juda katta va yaltiroq reklama peshlavhalaridan foydalanish va sh.k.lar tufayli landshaftlar estetikasining yomonlashuvi.
Turistik zonalarda ichki yonish dvigateliga ega transport vositalaridan haddan ortiq foydalanish, shuningdek, shovqinlarning ko‘pligi (samolyotlar, katerlar, suvda foydalaniadigan qanotlarga ega kemalar, turistlar, transport vositalarining haddan ortiq ko‘p to‘planishi va sh.k.).
Tabiy joylar va turistik ob’ektlardan axlatlarni olib chiqib ketish muammosi.
Turistlar oqimi foyda keltirmaydigan bo‘lgani, turistik ob’ektlarning asoslanmagan holda qurilishi oqibatida tabiiy zonalar ekologiyasining buzilishi. Ekologik jihatdan alohida zaif bo‘lgan qirg‘oqbo‘yi, dengiz, tog‘ va sahro ekotizimlari.
Noto‘g‘ri foydalanish, turistlar oqimining haddan ortiq ko‘payib ketishi yoki maqsadga muvofiq bo‘lmagan qurilishlar tufayli arxeologik va tarixiy yodgorliklarga zarar etishi.
Yerdan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan va turistik ob’ektlar va korxonalarni muvaffaqiyatsiz rejalashtirish, joylashtirish, loyihalash va qurish oqibatida yuzaga keladigan ekologik tavakkallar va muammolar.
Shunday qilib, barcha bosqichlarda turizmni rivojlantirishni rejalashtira turib, ekologiyaga salbiy ta’sirlarni kamaytirish bo‘yicha har tomonlama tadbirlarni nazarda tutish, moliyaviy ta’minlash va amalga oshirish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |