Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati ustidan davlat nazoratining huquqiy asoslari
Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish bilan bog‘liq munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida” (yangi tahriri), “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”, “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 12 mayda qabul qilingan “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi 222-II-sonli Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 8 avgustdagi “Tekshirishlarni tartibga solish va nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-1503-son, 1998 yil 19 noyabrdagi “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni tekshirishni tashkil qilishni tartibga solish to‘g‘risida”gi PF-2114-son, 2005 yil 14 iyundagi “Tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-3619-son, 2005 yil 5 oktabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlarini tekshirishni yanada qisqartirish va uning tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-3665-son farmonlari va boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan.
Prokuror nazorati tartibida amalga oshiriladigan davlat nazorati O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonuni (yangi tahriri), soliq tekshiruvi orqali amalga oshiriladigan davlat nazoratining o‘ziga xos xususiyatlari soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tomonidan 2006 yil 11 martdagi 06-01-01-son qarori bilan tasdiqlangan va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2006 yil 6 mayda 1573-son bilan ro‘yxatga olingan “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan, tadbirkorlik sub’ektlari - yuridik shaxslar faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish tartibi to‘g‘risida” Nizom (yangi tahriri) bilan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishlarni tashkil tartibi belgilangan.
Yuqorida qayd qilingan qonun hujjatlarini qo‘llashda tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida moratoriylar belgilash amaliyoti ham joriy qilingan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-4609-son Farmoniga muvofiq soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘laydigan, shuningdek ishlab chiqarishning barqaror o‘sish sur’atlarini va rentabelligini ta’minlovchi kichik tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini soliq tekshiruvidan o‘tkazishga qo‘llanilgan moratoriy 2017 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan muddatgacha uzaytirilgan (yuridik shaxslarni tugatishdagi, qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar doirasidagi, shuningdek budjet va markazlashtirilgan mablag‘lar va resurslaridan foydalanish bilan bog‘liq rejadan tashqari tekshiruvlar bundan mustasno).
Do'stlaringiz bilan baham: |