Nazorat savollari:
Chaqaloqlar birlamchi tualeti nima?
Chaqaloqlarda parvarishlash ketma-ketligini aytib bering.
Ona va bola muloqotining ijobiy tomonlari nimadan iborat
Kindik tushishining optimal vaqti deganda nima tushiniladi
Kindik tozalash usullarini ayting.
Kindik chandig’i infisirlanishi belgilarini tushintiring.
Tug’ruq zalida kon'yunktivit profilaktikasi qanday o’tkaziladi
Chaqaloq uy sharoitida qanday parvarishlanadi
13. KO’KRАK SUTI BILАN BOQISH
O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni Saqlash Vazirligi YUNISEF bilan hamkorlikda Respublikada bir qancha tadbirlarni ishlab chiqdi, bu chora-tadbirlar ona va bola sog’lig’ini himoyalashga qaratilgandir. Bu normativ - huquq hujjati bo’lib, ko’krak suti bilan emizishni qo’llab-quvvatlashga, himoya qilishga qaratilgandir.
1993 yilda Markaziy Osiyoda ko’krak suti bilan emizishni qo’llab-quvvatlash va targ’ib qilish dasturi ishlab chiqilgan. 1993 yilda - Pediatriya Ilmiy tekshirish instituti qoshida ko’krak suti bilan ovqatlantirish Respublika markazi tashkil qilingan. 1995 yilda "O’zbekistonda ko’krak suti bilan ovqatlantirishni qo’llab - quvvatlash, himoyalash va amaliyotga targ’ib etish" dasturi tasdiqlangan. Sog’liqni Saqlash Ministrligining 13 iyun 1999 yilda "O’zbekiston Respublikasida ko’krak suti bilan emizishni qo’llab - quvvatlash" to’g’risidagi №295 -sonli buyrug’i chiqgan. 2004 yil avgust oyida Sog’liqni Saqlash Ministrligining №378 "Bolalar davolash muassasalarida va tug’ruqxonalarda ko’krak sutining o’rnini bosuvchilarni reklama qilish ta'qiqlanadi". 2006 yil mart oyida - 81-sonli buyruq, 3 mart 2006 yilda "Respublikada IUDOR ning keyingi tarqatilishi" (295 - buyruq bekor qilingan) chiqgan.13 noyabr 2003 yilda "Tug’ruqxonalarda perinatal yordam samarasini oshirish va homila ichi infeksiyalarining profilaktikasi" 500-buyruq chiqgan.
O’tkazilgan islohatlar natijasida tug’ruqxonadan chiqarilayotgan 98% chaqaloq faqat ko’krak suti bilan ovqatlantirilishi yo’lga qo’yildi. Bu ko’rsatgich 1 oydan 3 oygacha juda yuqori, lekin 3 oydan 6 oygacha tezda pasaymoqda.
Konvensiyaning bola huquqlari to’g’risidagi qonuniga binoan va 24-moddasiga bo’lish huquqiga egalar. Bolani faqat ko’krak suti bilan ovqatlantirishni jamoa orasida doimo targ’ibot qilish lozim.
Tug’ruqxonalarda bolalarni ovqatlantirish va emizishni tashkil etish
1989-1990 yilda Butun Jahon Sog’liqni Saqlash uyushmasi tomonidan ko’krak suti bilan ovqatlantirishni qo’llab quvvatlash keng ko’lamli dasturi ishlab chiqildi, uning maqsad va vazifalariga ko’krak suti bilan emizishni targ’ib etish, Shuningdek, chaqaloqlarni tug’ruqxonalarda ko’krak suti bilan ovqatlantirish uchun sharoitlar yaratilishi ko’zda tutilgan.
Dasturning maqsadi ko’krak suti bilan emizishning 10 tamoyilini o’z ichiga oladi:
1. Ko’krak suti bilan emizishni qonun-qoidalariga qat'iyan amal qilish va buni tibbiyot xodimlariga va tuqqan ayolga doimiy ravijda tushintirib borish;
2. Ko’krak suti bilan emizishni amalda qo’llash ko’nikmalarini tibbiyot xodimlariga o’rgatib borish;
3. Barcha homilador ayollarni ko’krak suti bilan emizish texnikasi bilan tanishtirib borish;
4. Tug’ruqdan keyingi birinchi soatlarda chaqaloqni ko’krak suti bilan emizishda onaga yordam berish;
5. Agar ona vaqtinchalik bolasidan alohida bo’lsa ham, onaga ko’krak bilan emizishni texnikasini ko’rsatish, laktasiyani qanday saqlab qolish kerakligini tushintirish zarur.
6. Chaqaloqlarga ko’krak sutidan boshqa hech qanday ovqat yoki suv berish kerak emas, tibbiy ko’rsatmaga bog’liq bo’lgan holatlar bundan mustasnodir.
7. Sutka davomida ona va bolani bir palatada bo’lishini ta'minlash.
8. Ko’krak suti bilan emizishni chaqaloq talabiga ko’ra, oshirib borish, jadval bo’yicha emizish taqiqlanadi.
9. Ko’krak suti bilan emizilayotgan chaqaloqlarga tinchlantiruvchi dori vositalari va so’rg’ichlar berish tavsiya etilmaydi.
10. Ko’krak suti emizishni targ’ib qiluvchi va qo’llab - quvvatlovchi guruhlarni ko’paytirish va ona tug’ruqxonadan, shifoxonadan chiqqandan keyin onani ushbu guruhlarga tibbiy maslahatga yuborish. Ushbu usullarda ish olib borish uchun tug’ruqxonalarda tug’ruq jarayonidan keyin darrov ona va bolani birga bo’lishini ta'minlash, sutka davomida chaqaloqga "erkin tartib"ni belgilashni yo’lga qo’yish, tug’ruqxonalarda 10ta tamoyil asosida ishlash uchun barcha sharoitlarni tashkillashtirish zarur. Chaqaloqni birinchi marta ko’krakga berish tug’ruqdan keyin birinchi soatlarda olib boriladi. Buning uchun chaqaloq tug’ilgandan keyin kindigi kesiladi va ona ko’kragiga yotqiziladi, chaqaloq o’zi ko’krakga qarab intiladi va so’rg’ichni topib, ema boshlaydi.
Ko’krakga erta qo’yishning afzalliklari:
- chaqaloq terisi va ichaklarida normal mikrofloraning erta moslashishi yuz beradi;
- chaqaloqlar infeksiyalarga yuqori chidamli bo’ladi;
- onada laktasiya faol stimullanadi;
- tug’ruqni III- davri va tug’ruqdan keyingi davrning kechishi yaxshilanadi;
- ona va bola o’rtasida psixoemosional muloqot tez paydo bo’ladi.
Ona va bolaning birga bo’lishining afzalliklari:
- onaning chaqaloq bilan doimiy muloqotda bo’lishi (sutka davomida);
- "talab bo’yicha" emizishga qulaylik yaratish;
- chaqaloqning har bir reaksiyasini kuzatish;
- onani bolani to’g’ri parvarishlashga tayyorlash va o’rgatishni yengillashtiradi;
- ona va chaqaloq o’rtasidagi bog’liqlikni mustaqkamlaydi;
- shifoxona infeksiyalarining rivojlanishi moyilligini kamaytiradi.
Ko’krak yoshidagi bola uchun ko’krak suti eng yaxshi ozuqa hisoblanadi. Bola hayotining birinchi 6 oyligida bola organizmining ozuqalarga bo’lgan talabini qondirishni ta'minlaydi. Faqat ko’krak sutida almashlab bo’lmaydigan yope kislotalar, sut oqsillari, yengil hazm bo’ladigan shaklda temir bo’ladi, shuningdek, immunologik va biologik aktiv moddalar bo’lib, ular organizmni mikrob va virusli infeksiyalardan himoya qiladi, chaqaloqlar ichak funksiyasining yaxshi rivojlanishi va chaqaloqni moslashishiga sabab bo’ladi. Faqat ko’krak suti bilan boqilgan bolalar quyidagi kasalliklar bilan kam kasallanadilar:
- diareya BJSST ma'lumotiga ko’ra, ko’krak suti bolalarni diareya kasalliklaridan, xolera va shigellezlardan himoyalaydi;
- ichak infeksiyalari (bola hayotining birinchi ikki yilligida oshqozon-ichak infeksiyalari bilan kasallanish 2-3 barobarga kamayadi);
- turli respirator infeksiyalarni oldini oladi
- otit (sun'iy ovqatlantirilgan bolalarda otit, respirator infeksiyalar bilan kasallanish
moyilligi 2-3 barobar yuqori bo’ladi.)
- pnevmoniya (sun'iy ovqatlantirilgan bolalarda, ko’krak suti bilan ovqatlantirilgan bolalarga nisbatan pnevmoniyadan o’lim holati 2-3 barobar ko’p uchraydi).
Shuningdek, kichkintoylar ichak kolikalari bilan kam kasallanadilar, qabziyat kuzatilmaydi, ovqat mahsulotlarining allergik xususiyati pasayadi.
Neonatal davrda ko’krak suti bilan boqish chaqaloqni moslashishi uchun muhim ahamiyatga egadir. Bola tug’ilgandan keyin 2-3 sutkada qonda peptid-analgetiklar miqdori ortadi. Oshqozon-ichak traktining APUD (Amine and Amine Percursor Uptake and Decarboxylation) tizimi bu peptid gormonlari va neyroamin mediatorlari sintezida qatnashadi. Chaqaloqni erta onasiga berish tug’ruqdan keyingi stresslarni kamaytirishga sabab bo’ladi.
Ko’krak suti tarkibi:
- Suv balansi 87.0% - 90%
- kazeinning kolloidli dispersiyasi 0.3%
-yog’, membranali va hujayraviy emulsiya 4.0%
Iqlimning issiq vaqtida chaqaloq qo’shimcha suyuqlik ichishga muhtoj bo’lmaydi. Ko’krak suti bilan boqilgan chaqaloqlar uzoq vaqtgacha qo’shimcha suyuqlik ichishga ehtiyoj sezmaydilar. Chaqaloqni kunduzi va kechasi ko’krakga qo’yish, uning suyuqliklarga va barcha ozuqa komponentlariga bo’lgan ehtiyojini qondiradi, bu ozuqa komponentlari og’iz sutida va keyinchalik yetuk sutda bo’ladi. Laktaza va ichak fermentlarining ishlab chiqarilishi chaqaloqda endigina boshlangan bo’ladi, og’iz sutida esa laktoza yetuk sutga nisbatan kam bo’ladi. Shuning uchun, chaqaloq tug’ilgandan keyin donor suti bilan boqish tavsiya etilmaydi, bunda laktoza yetishmovchiligi rivojlanishi mumkin, bola bezovtalanadi, qusadi, qorni dam bo’ladi, tez-tez ichi ketadi. Og’iz sutida, yetuk sutga nisbatan, oqsil ko’p bo’ladi, lekin bu yaxshi shakllanmagan buyraklarda ortiqcha azot zo’riqishiga olib kelmaydi, og’iz suti yaxshi hazm bo’ladi, ortiqcha chiqindilarni chiqarishga qiyinchilik tug’ilmaydi.
Vitamin A konsentrasiyasi yuqoriligi metabolizmda qatnashadi, chaqaloqning o’sishi va rivojlanishini yaxshilaydi, ko’rishni mustahkamlaydi, turli xil kasalliklarga chidamlilikni oshiradi. Og’iz suti tabiiy ich keltiruvchi ozuqa hisoblanadi, mekoniya - toksik bilirubinning manbaidir, bu esa bilirubinli ensefalopatiyasi bor bo’lgan bolalar uchun foydalidir. Og’iz suti tabiiy gastroenteral himoya vazifasini bajaradi, unda immunoglobulinlar barcha sinflari va - sekretor IgA bo’ladi, yaxshi shakllanmagan oshqozon-ichak trakti shilliq qavati yuzasini qoplaydi, chaqaloqlarni bakteriya, viruslar, parazitlar, zamburug’ va boshqa patogen omillardan himoyalaydi. Ko’krak sutining asosiy uglevodi laktoza va qisman galaktoza, fruktoza va boshqa monosaxaridlardan tashkil topgan. Laktoza konsentrasiyasi ko’krak sutida eng ko’p miqdorda bo’ladi: og’iz sutida 4% va yetuk sutda 7%ni tashkil etadi. Laktoza chaqaloqning 40% energetik talabini qoplaydi. Laktoza moddalar almashinuvida glyukozaga aylanadi (energiya manbai) va galaktoza -galaktolipidlarning asosiy qismidir, markaziy asab tizimining rivojlanishi uchun kerak bo’ladi. Laktoza kalsiya va temirni parchalaydi, ichak koloniyalarini Lactobacillus bifidusni hosil bo’lishini stimullaydi. Bu bakteriyalar oshqozon - ichak traktida nordon muhitni ta'minlaydi, patogen bakteriyalar, zamburug’lar va parazitlar o’sishini pasaytiradi.
Pediatriya amaliyotida shunday holatlar uchraydiki, ona bolasining ko’p bezovtalanishi, ichi suyuq kelishi, tez-tez siyishi va qusishdan shikoyat qiladi. Ona bolasini bir ko’krak bilan yaxshi to’yishiga bermasligi mumkin. Bundan tashqari ona bir necha minutdan keyin bolani keyingi ko’krakga qo’ygan bo’lishi mumkin, bunday hollarda bola faqatgina oldingi sutni oladi, bu sutda laktoza miqdori ko’p, yog’lar miqdori kam bo’ladi. Laktozaning ko’pligi va laktoza fermentining oxirigacha parchalanmasligi ko’krak sutini ko’tara olmaslikga sabab bo’ladi, ya'ni laktoz yetishmovchiligi rivojlanadi. Agar ona bolani bir ko’krak bilan oxirigacha to’liq emizsa, bola to’ymasa keyingi ko’krakga qo’ysa, bu holat 24 soatdan keyin bartaraf etiladi, ya'ni bola kerakli miqdorda laktoza va yog’larni oladi.
Ko’krak suti tarkibidagi oligosaxaridlarni oshqozon- ichak trakti yuqori qismlari fermentlari parchalamaydi va yo’g’on ichakgacha o’zgarmagan holda o’tadi. Yo’g’on ichakda ular prebiotiklar funksiyasini bajaradi, ya'ni bifidobakteriyalar o’sishi uchun substrat hisoblanadi, yumshoq hazm bo’lgan najasni hosil bo’lishida ishtirok etadi.
Ko’krak suti probiotiklarining biologik faollik mexanizmi
- ichak mikroflorasini normallashtiradi
- shartli - patogen va patogen floralarni o’sishini to’xtatadi
- yuqori antibakterial faollikga ega
- immunomodulyatorlik ta'sirga ega
- vitaminlar sintezida ishtirok etadi va minerallar, oqsil va uglevodlar parchalanishini ta'minlaydi.
Etuk ko’krak sutida og’iz sutiga qaraganda, oqsil miqdori kam bo’ladi, lekin bolani optimal o’sishi va rivojlanishi uchun yetarlidir, har bir emizilgandan keyin ishlatilayotgan sut miqdori ko’payadi. Ayol suti asosan zardob oqsili albumindan tashkil topgan, tez so’riladi va hazm bo’ladi. Sigir sutining asosiy oqsili beta-laktoglobulin, chaqaloqlarda antigen reaksiyasini chaqiradi. Sigir sutida kazein oqsili ko’p bo’ladi, uning asosida sun'iy aralashmalar tayyorlanadi.
Ko’krak sutida yog’lar miqdori yetuk sutda tug’ruqdan keyin 15 kunida, 100 ml sutda 2,0 g, 100 ml og’iz sutida esa 4,0-4,5 gni tashkil etadi va keyinchalik o’zgarmay qoladi. Yog’lar ko’krak sutining o’zgaruvchan komponenti hisoblanadi. Yog’larning sutkalik o’zgarishi ertalab, kunning yarmida kuzatiladi.
Ba'zi ayollarda yog’lar konsentrasiyasi emizish boshiga qaraganda, emizishning oxirida 4-5 marta yuqori bo’ladi. Emizish ohirida yog’lar konsentrasiyasining ortishi to’yinganlik regulyatori hisoblanadi.
Shuning uchun emizish davomiyligini chegaralamaslik kerak. Ko’krak sutida to’yingan yog’ kislotalari 42% va to’yinmagan yog’ kislotalari 57% ni tashkil etadi.
Lipaza faqat ko’krak sutida bo’ladi, ovqatlanishning boshqa turlaridagi mahsulotlar bundan mustasnodir. Ko’krak sutida nospesifik lipazaning borligi yog’larni hazm bo’lishiga yordam beradi.
Ko’krak sutida Shuningdek, aminokislotalar - sistin va taurin bor.
Sistin - chala tug’ilganlarda miya strukturasining rivojlanishi uchun muhim hisoblanadi. Sistotionaza, miya to’qimalarida va jigarda metioninning sistinga almashinuvini tezlashtiradi.
Taurin – yog’larni o’t bilan biriktiradi va hazm qildiradi. Shunindek, markaziy asab tizimini shakllanishida neyromodulyator hisoblanadi, markaziy asab tizimining asosiy strukturasi shakllanishi bola tug’ilgandan keyin rivojlanadi.
Ko’krak suti bilan emizish bo’yicha tavsiyalar:
- Tug’ilgandan keyin birinchi ko’krakga qo’yish muddati yarim yoki bir soat
- Emizish muddati chegaralanmaydi
- 0 dan 6 oygacha emizish faqat ko’krak suti bilan olib boriladi
- 6 oyligidan qo’shimcha ovqatlar beriladi
- 2-yoshgacha va undan keyin ko’krak suti bilan emizishni davom ettirish kerak.
Quyidagi omillardan har qaysisi ko’krak suti bilan emizishga to’sqinlik qiladi:
- Bolaga ko’krak sutidan tashqari qo’shimcha ovqat yoki suyuqlik berilsa;
- Bolaga so’rg’ichlar berilsa;
- Ko’krak suti bilan emizish soni chegaralsa;
- So’rish vaqti va emizish uzoqligi kamaysa;
So’rishning samaradorligi:
- Bola ko’krak to’qimasini uzun "so’rqich" shaklida tortadi;
- haqiqiy so’rg’ich bu "so’rg’ichning"1\3 qismini tashkil etadi;
- Bola ko’krakni emadi, so’rg’ichni emas;
- Oksitosin refleksi natijasida sut sinuslarga o’tadi.
- Bola tili uchidan ildiziga tomon qisqaradi, "so’rg’ichni" qisadi va qattiq tanglayga olib boradi;
- Sut sinuslardan bola og’ziga keladi va bola sutni yutadi.
Ko’krakni to’g’ri qo’yishni tashqi belgilari:
- Bola iyagi ko’krakga tekkan
- Bola og’zi keng ochiq
- Pastki labi tashqariga chiqqan
- Yuqori lab ustidan areolaning katta qismi ko’rinadi, pastki lab qismidan ko’rinmaydi.
- Bola yonoqlari aylana shaklida.
- Ko’krak bezlari osilib turmaydi.
Emizishning bu turida bola tili va og’zi ko’krakni va so’rg’ich terisini zararlamaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |