«banklarning kapitallashuvini yanada oshirish va iqtisodiyotni modernizatsiyalashdagi investitsiya jarayonlarida ularning ishtirokini faollashtirish chora-tadbirlari to'G'risida»



Download 14.28 Kb.
Sana26.06.2017
Hajmi14.28 Kb.
«BANKLARNING KAPITALLASHUVINI YANADA OSHIRISH VA IQTISODIYOTNI MODERNIZATSIYALASHDAGI INVESTITSIYA JARAYONLARIDA ULARNING ISHTIROKINI FAOLLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO'G'RISIDA»

Tijorat banklarining kapitallashuv darajasini yanada oshirish, ularning investitsiya jarayonlarida, iqtisodiyotdagi tarkibiy o'zgarishlarni amalga oshirishda, ishlab chiqarishni modernizatsiyalashda, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashda keng ishtirok etishini ta'minlash maqsadida:

1. Quyidagilar bank-moliya tizimida islohotlarni yanada chuqurlashtirish va erkinlashtirishning ustuvor yo'nalishlari etib belgilansin:

banklarning nizom jamg'armasini ko'paytirish, ularning kapitaliga aholi, tadbirkorlik sub'ektlari va ehtimol tutilgan investorlar, shu jumladan xorijiy investorlarning bo'sh pul mablag'larini jalb qilish uchun aktsiyalar chiqarish va ularni fond bozorida faol joylashtirish hisobiga banklarning kapitallashuv darajasini oshirish;

tijorat banklarining o'z kapitali hisobidan yangi zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil qilish hamda mavjud korxonalarni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashdagi investitsiya jarayonlarida keng ishtirok etishi, shu asosda raqobatbardosh, eksportga yo'naltirilgan mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish va aholi bandligini oshirishni ta'minlash;

naqd pulning bankdan tashqari aylanishini yanada qiskartirish, mijozlarni birinchi talabi bo'yicha naqd pul bilan uzluksiz va so'zsiz ta'minlash;

mini-banklar tarmog'ini kengaytirish va banklar tomonidan ko'rsatilayotgan xizmat turlarini ko'paytirish, mijozlarga xizmat ko'rsatish sifatini oshirish;

tijorat banklarini yuqori mapakali professional kadrlar bilan mustahkamlash, banklarning xizmat ko'rsatish mas'uliyati va madaniyatini oshirish.

2. Moliya vazirligi tomonidan 2006 yil yakunlari bo'yicha davlat byudjeti hisobiga o'tkazilishi lozim bo'lgan Markaziy bank foydasining bir qismini quyidagi banklarning nizom jamg'armasini ko'paytirish va investitsiyalash resurs bazasini kengaytirishga yo'naltirish to'g'risidagi O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligining taklifi ma'qullansin:

«Mikrokreditbank»ka - 42 milliard so'm, shu jumladan 32 milliard so'm nizom jamg'armasini ko'paytirish va 10 milliard so'm kichik biznes sub'ektlarining investitsiya loyihalarini moliyalash maqsadida kredit liniyasi ochish uchun;

«Paxtabank»ka - 25 milliard so'm hajmida, shu jumladan 15 milliard so'm nizom jamg'armasini ko'paytirish va 10 milliard so'm meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini to'liq qayta ishlash bo'yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida kredit liniyasi ochish uchun;

«Ipotekabank»ka - 25 milliard so'm, shu jumladan 15 milliard so'm nizom jamg'armasini ko'paytirish va 10 milliard so'm ipoteka kreditlari hajmini oshirish maqsadida kredit liniyasi ochish uchun.

Tijorat banklariga, yil yakuni bo'yicha barcha soliqlar va to'lovlar to'langanidan so'ng, bank foydasining kamida 30 foizini bank aktsionerlik kapitalini ko'paytirishga yo'naltirish tavsiya etilsin.

3. Tijorat banklariga 2012 yilning 1 yanvarigacha daromad (foyda) solig'i bo'yicha soliqqa tortiladigan bazani tasdiqlangan maqsadli dasturlarga muvofiq iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash bo'yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun uch yildan ortiq muddatga berilgan kreditlardan olingan daromadlar summasiga teng miqdorda kamaytirish huquqi berilsin.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh.Mirziyoev) bir oy muddatda mazkur soliq imtiyozlarini berish tartibi to'g'risidagi Nizomni tasdiqlasin.

4. Quyidagi tartib o'rnatilsin va unga muvofiq:

tijorat banklarining aktsiyalarini fond birjasida birlamchi ochiq joylashtirish muomalaga yangi chiqarilayotgan aktsiyalar hajmining 25 foizidan kam bo'lmagan miqdorda amalga oshiriladi (xususiy banklar bundan mustasno);

tijorat banklari aktsiyalari majburiy tarzda fond birjasi listingiga kiritiladi va muntazam birja kotirovkalari matbuotda e'lon qilinadi.

5. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Ipoteka kreditlashni qo'llab-quvvatlash jamg'armasiga ajratiladigan mablag'larni banklararo bozordan Jamg'arma tomonidan jalb qilingan mablag'lar bo'yicha foiz stavkasi va Jamg'arma tomonidan imtiyozli kreditlash dasturini qo'llab-quvvatlash uchun tijorat banklariga berilgan imtiyozli kredit liniyalari bo'yicha foiz stavkasi o'rtasidagi salbiy marjani qoplash uchun maqsadli yo'naltirsin.

6. Tijorat banklari:

o'z filiallariga tovar-moddiy boyliklar, daromadlar va boshqa resurslarni berganda - qo'shilgan qiymat solig'i va daromad (foyda) solig'idan;

investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun xorijiy moliya institutlarining jalb qilingan kredit liniyalari bo'yicha tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladigan foizlar va boshqa to'lovlar bo'yicha - to'lov manbaidan olinadigan soliqlardan ozod qilinsin.

7. Plastik kartochkalar bo'yicha to'lovlarni amalga oshirishda foydalaniladigan plastik kartochkalar, to'lov terminallari, dasturiy ta'minot, bankomatlar, o'ziga o'zi xizmat ko'rsatish axborot kiosklari va boshqa uskunalar hamda zarur materiallarni import qilish va ulardan foydalanishda Vazirlar Maxkamasining 2004 yil 24 sentyabrdagi «Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi 445-sonli qaroriga asosan berilgan bojxona va soliq imtiyozlarining amal qilish muddati 2010 yilning 1 yanvarigacha uzaytirilsin.

8. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki O'zbekiston Banklari uyushmasi, manfaatdor vazirlik va idoralar, tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilar bo'yicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

tijorat banklari, moliya institutlari, emitentlarni va ular tomonidan chiqarilayotgan qimmatbaho qog'ozlarni yakka tartibda reytingli baholash milliy tizimini joriy etish;

tijorat banklari tomonidan xalqaro reyting agentliklarining kreditga layoqatlilik reytinglarini olish.

9. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgaliqda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari R.Azimov va O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisi F.Mullajonov zimmasiga yuklatilsin.



O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
I. KARIMOV


Toshkent sh.

Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa