48.Кирим касса операцияларини расмийлаштириш ва ҳисобга олиш (кирим кассаси, кирим касса ордери, эълоннома, кирим касса журнали). Bank kassasiga kirim qilinayotgan naqd pullar va boshqa qimmatliklar kassirlar tomonidan saralangan va donalab sanalgan holda qabul qilinishi shart.Bank kassalariga naqd pullarni qabul qilish quyidagi hujjatlarga asosan amalga oshiriladi:
a) bank mijozlari bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlardan mazkur Yo‘riqnomaning 2-ilovasidagi naqd pullarni topshirish e’loni bo‘yicha;
b) bank xodimlari tomonidan bankka yetkazilgan zararni qoplash uchun, xizmat safariga olingan bo‘nakning sarflanmagan qismini qaytarish va boshqa shu kabi holatlarda bank xodimlaridan mazkur Yo‘riqnomaning 3-ilovasidagi kirim kassa orderi (bank faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan naqd puldagi kirim operatsiyalarini, xususan bankning bir hisobvarag‘idagi naqd pullarini ikkinchi bir hisobvaraqqa kirim qilishda, shuningdek olib kelingan madad pullarini bank kassasiga kirim qilishda foydalaniladi) bo‘yicha;
v) jismoniy shaxslardan kommunal to‘lovlarni qabul qilish, aholiga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan maxsus blanklar bo‘yicha;
g) jismoniy shaxslardan bir martalik (soliq to‘lovlaridan tashqari) to‘lovlarni mazkur Yo‘riqnomaning 4-ilovasiga muvofiq shakldagi aholidan bir martalik to‘lovlarni qabul qilish blanki bo‘yicha;
d) aholidan bank depozit hisobvaraqlariga omonatlarni naqd pulda qabul qilish mazkur Yo‘riqnomaning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi kirim kassa orderi bo‘yicha;
e) jismoniy shaxslardan soliq to‘lovlarini qabul qilish mazkur Yo‘riqnomaning 5-ilovasiga muvofiq shakldagi jismoniy shaxsning soliq to‘lovlari uchun maxsus blanki asosida amalga oshiriladi.
Naqd pullarni topshirish e’loni uch qismdan — “e’lon”, “kvitansiya” va “order”dan iborat. Ushbu kirim hujjatining “e’lon” qismi kunlik kassa hujjatlariga tikiladi, “kvitansiya” qismi kirim kassasi kassiri tomonidan imzolangan va kassaning muhri bosilgan holda naqd pulni topshirgan mijozga, “order” qismi esa buxgalteriya xodimiga beriladi,Kirim kassa orderi uch nusxada to‘ldiriladi. Uning birinchi nusxasi kunlik kassa hujjatlariga tikiladi, ikkinchi nusxasi buxgalteriya xodimlariga va uchinchi nusxasi kirim kassasi kassirining imzosi va muhri qo‘yilgan holda naqd pulni topshirgan bank xodimiga beriladi.Bank bir hisobvaraqdagi naqd pullarni ikkinchi bir hisobvaraqqa kirim qilishda kirim kassa orderi ikki nusxada rasmiylashtiriladi hamda uning birinchi nusxasi kunlik kassa hujjatlariga tikiladi va ikkinchi nusxasi buxgalteriya xodimlariga beriladi.Fuqarolardan soliq to‘lovlarini qabul qilishda foydalaniladigan jismoniy shaxsning soliq to‘lovlari uchun maxsus blanki uch qismdan — “xabarnoma”, “patta” va “kirim orderi”dan iborat. Maxsus blankning “kirim orderi” deb nomlangan qismi kunlik kassa hujjatlariga tikiladi, “patta” qismi soliqni to‘lagan jismoniy shaxsga va “xabarnoma” qismi (bankning buxgalteriya bo‘linmasi xodimlari tomonidan) tegishli tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasiga, ularning so‘rovnomasiga asosan taqdim etiladi.Xo‘jalik yurituvchi subyekt bank kassasiga naqd pullarni topshirishdan oldin buxgalteriya bo‘limi xodimlariga murojaat etishi lozim. Buxgalteriya xodimlari kirim kassa hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 1834, 2008-yil 11-iyul) talablari asosida to‘g‘ri rasmiylashtirilganligini tekshirib, ularni kirim kassa jurnaliga qayd etgan holda kirim kassasi kassiriga topshiradi Kirim kassasi kassiri kirim hujjatlarini qabul qilishda:
-hujjat bankning buxgalteriya xodimlari tomonidan imzolanganligini;
-ushbu imzolarning kassirda saqlanayotgan imzo namunalariga mos kelishini;
-hujjat mijoz tomonidan imzolanganligini; hujjatda ko‘rsatilgan summaning raqam va so‘zlar bilan to‘g‘ri yozilganligini hamda ularning o‘zaro mosligini tekshiradi va kirim kassa jurnaliga imzo qo‘yib, kirim kassa hujjatlarini qabul qilib olganligini tasdiqlaydi.
Kirim kassasi kassiri kirim hujjati bo‘yicha mijozni chaqirib, u topshirayotgan naqd pullarini saralab va birma-bir sanab, qabul qilib oladi.
Mijoz naqd pullarni bir vaqtning o‘zida bir qancha hisobvaraqlarga kirim qilish uchun bir nechta kirim hujjatlari asosida topshirsa, bunday hollarda kassir naqd pulni har bir kirim hujjati bo‘yicha alohida qabul qilib olishi shart.Kirim kassasi kassiri mijozdan naqd pullarni qabul qilib olayotganida, uning stoli ustida qabul qilinayotgan pullardan boshqa naqd pul va boshqa qimmatliklar bo‘lmasligi, kassir tomonidan avval qabul qilingan barcha pullar stol tortmalarida, metall shkaflarda yoki seyflarda saqlanishi kerak.Kirim kassasi kassirining ish joyi shunday jihozlangan bo‘lishi kerakki, unda naqd pullarni topshirayotgan mijozga, uning pullarini kassir tomonidan saralash, sanash jarayonini bevosita kuzatish uchun imkoniyati yaratilgan bo‘lishi kerak. Kassir mijozning naqd pullarini qabul qilib olganidan so‘ng, kirim kassa hujjatida ko‘rsatilgan summani, saralab va sanab qabul qilinganida haqiqatda chiqqan naqd pullar summasi bilan taqqoslab ko‘radi. Tafovut aniqlanmasa kirim kassasi kassiri:
-naqd pullarni topshirish e’lonining “e’lon”, “kvitansiya” va “order” qismlariga imzo qo‘yib, kvitansiya qismiga muhr bosadi hamda uni mijozga beradi;
-kirim kassa orderlarining uchta nusxasiga ham imzo qo‘yib, uchinchi nusxasiga muhr bosadi va uni mijozga beradi.
Mijoz tomonidan topshirgan naqd pullar summasi kirim hujjatidagi summadan:
-kam bo‘lsa, mijozga yetishmayotgan summani topshirish yoki kirim kassa hujjatini qaytadan rasmiylashtirish;
-ko‘p bo‘lsa, mijozga ortiqcha summa qaytariladi yoki kirim kassa hujjatini qaytadan rasmiylashtirish taklif etiladi.
Mijoz kirim kassa hujjatini qaytadan rasmiylashtirgan taqdirda, buxgalteriya xodimi kirim kassa jurnalidagi tegishli (dastlabki) summa ustidan chiziq tortadi va haqiqatda topshirilgan naqd pul summasini yozib, qayta rasmiylashtirilgan hujjatni belgilangan tartibda kirim kassasi kassiriga topshiradi.Kirim kassa hujjatlari buxgalteriyaning kirim kassa jurnalida qayd etilib, kirim kassasi kassiriga taqdim etilganidan so‘ng, mijoz tomonidan bank kassasiga naqd pullar topshirilmasa, kassir ushbu kirim kassa hujjatini buxgalteriya xodimiga qaytarib berishi lozim. Bunda bank kassasiga mijoz tomonidan naqd pullar nima sababdan topshirilmaganligi aniqlangach, buxgalteriya xodimi kirim kassa jurnalidagi tegishli yozuvlar ustidan chiziq tortadi va ushbu tuzatish kassir imzosi bilan tasdiqlanadi. Ushbu ijro etilmagan kirim kassa hujjati bank bosh buxgalteri xabardor etilgan holda buxgalteriya xodimi tomonidan yo‘q qilinadi.