2. Banklarning vakillik hisobvaraqlarini ochish va yuritish Bankning vakillik hisobvarag‘i - bu bankka MB HKMda ochilgan va banklararo elektron to‘lovlar o‘tkazishga mo‘ljallangan hisobvaraq tushuniladi. Banklar uchun quyidagi vakillik hisobvaraqlari ochiladi13:
a) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi milliy va chet el valyutasidagi vakillik hisobvaraqlari;
b) rezident banklardagi vakillik hisobvaraqlari.
Rezident tijorat banklar milliy va chet el valyutasida vakillik hisobvaraqlarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Hisob-kitob markazida ochadilar.
YAngi tashkil etilayotgan bank ta’sischilari bank ro‘yxatga olingunga qadar ta’sis badallarini yig‘ish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida yoki boshqa tijorat bankida vaqtinchalik 29801 - "Mijozlar bilan hisob-kitoblar" hisobvarag‘ini ochadi. Vaqtinchalik hisobvaraqni ochish uchun vakolatli shaxs ta’sischilar nomidan hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza taqdim qiladi.
Banklarga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida ro‘yxatga olinib, bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun litsenziya berilgandan keyin vakillik hisobvarag‘i ochiladi. Vakillik hisobvarag‘i ochilayotganda, vakillik munosabatlari to‘g‘risida shartnoma tuziladi.
Tijorat banki milliy valyutada vakillik hisobvarag‘i ochish uchun quyidagilarni taqdim qiladi:
a) hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza (2-ilova);
b) soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami berilganligi to‘g‘risida guvohnoma nusxasi;
v) bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan berilgan litsenziyaning nusxasi;
d) imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqcha.
Rezident banklarga chet el valyutasida vakillik hisobvaraqlari bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan boshqa rezident tijorat banklarida ochiladi.
Norezident banklar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida va O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklarida vakillik hisobvaraqlarini ochish uchun quyidagilar taqdim qilinadi:
a) norezident bankning to‘liq nomi va uni ro‘yxatdan o‘tkazgan davlatdagi yuridik manzili ko‘rsatilgan holda hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza (2-ilova);
b) imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqcha hamda mazkur davlatning Markaziy (Milliy) banki tomonidan berilgan litsenziyaning legallashtirilgan nusxasi;
v) norezident bank tomonidan va u ro‘yxatga olingan davlatda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi halqaro standartlar qo‘llanilishi to‘g‘risidagi axborot.
Tijorat bankining vakillik hisobvarag‘i ikki xil yo‘l bilan ochilishi mumkin.
-hududiy boshqarma tijorat banklarining barcha bo‘limlari uchun markaziy bank hududiy bosh boshqarmasida mintaqa bo‘yicha YAgona vakillik hisobvarag‘i ochadi. Har bir bo‘limga esa alohida subhisobvaraqalari ochiladi;
-tijorat bankining har bir bo‘limi uchun alohida Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmasida vakillik varag‘i ochiladi.
Vakillik hisobvarag‘i Markaziy bank farmoyishiga ko‘ra ochiladi. Vakillik hisob varaqalari nomerini va bank kodini bank depozitlari Milliy Axborot Bazasi (BDMAB) belgilaydi. Vakillik hisob varag‘i ochish to‘g‘risidagi farmoyish tijorat banki hududiy boshqarmasi va bo‘limiga, uning nusxasi Respublika Markaziy bankning tegishli hududiy bosh boshqarmasiga jo‘natiladi. SHunday qilib, bankning vakillik hisob varag‘i bu - tijorat bankiga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hududiy bosh boshqarmalarining hisob - kitob markazlarida ochilgan hisobvarag‘i bo‘lib, u banklararo hisob-kitoblarini o‘tkazishga mo‘jallangandir.
Vakillik hisobvarag‘i ham boshqa hisobvaraqlar singari 20 razryaddan iborat. Hisob-kitob markazida vakillik hisobvaraqlari tijoart banklariga hamda Hisob-kitob markaziga ochiladi. Boshqa banklarga ochilgan vakillik hisobvaraqlar 21302- balans hisobraqami bo‘yicha, Hisob-kitob markaziga ochilgan vakillik hisobvarag‘i 21304 - balans hisobraqami orqali olib boriladi. Masalan:
21302000K00000410001
bunda:
21302 - rezident banklarning vakillik hisobvarag‘i.
000 - valyuta kodi, bu 3 ta nol vakillik hisobvarag‘ining «so‘m» da yuritilishini bildiradi.
00000410 - bankning unikal kodi. AT «Aloqabank» Jizzax filiali ning banklararo kodi 00410 Lekin har bir hisob varakda unikal kod uchun 8 ta raqam ajratilgani sababli, bu kod nollar bilan to‘ldiriladi.
001 - ushbu bank hisobvarag‘ining tartib raqami.
Yuqorida ko‘rsatilgan vakillik hisobvarag‘i hisob-kitob markazida yuritilib, HKM uchun passiv hisob varaqlardir. Mablag‘larning kelib tushishi va hisobvaraq qoldig‘i hisobvarag‘ining kredit qismida, mablag‘larning kamayishi esa uning debet qismida aks ettiriladi. Barcha to‘lovlar vakillik hisobvarag‘i qoldig‘i chegarasida amalga oshiriladi.
Har bir bankning o‘zi ham vakillik hisobvarag‘ini yuritadi. Bu hisob varaq bank balansining aktiv qismida yuritilib, bankning ichki vakillik hisobvarag‘i deb nomlanadi. Ichki vakillik hisobvarag‘i 10301- balans hisobvarag‘ida yuritiladi. Tijorat bankining hisob-kitob markazida ochilgan vakillik hisobvarag‘i tashqi vakillik hisobvarag‘i deb yuritildi. To‘lovni amalga oshirish uchun asosiy mezon operatsion kunning boshida ichki va tashqi vakillik hisobvaraqalaridagi oborotlarning va qoldiq mablag‘larining bir-biriga mos kelishi hisoblanadi. To‘lovning eng katta summasi cheklanmagan. Har kuni ertalab hisob markazi tomonidan berilgan tijorat banki hisobvarag‘idan ko‘chirmasi tijorat banki tomonidan tasdiqlangandan so‘ng ushbu hisobvaraq bo‘yicha yangi kun operatsiyalari boshlanadi. SHunday qilib, banklararo hisob-kitoblar hisob-kitob markazi orqali tashkil etiladi.
Markaziy bankning Hisob-kitoblar markazi (MB HKM) – bu O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Toshkent shahar Bosh boshqarmasining Hisob, hisobot va hisob-kitoblar boshqarmasi bo‘limi bo‘lib, uning vazifasiga tijorat banklarining Bosh ofislariga (banklar) vakillik hisobvaraqlarini ochish va xizmat ko‘rsatish hamda ular o‘rtasida elektron to‘lovlarning uzluksizligini ta’minlash kiradi.
SHunday qilib, hisob-kitob markazlari ma’lumotlarini qabul qilish, nazorat va uzatishning avtomatlashgan tartibiga ega bo‘lgan to‘lov tizimining ishonchliligi va xafsizligini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan edi. Hozirgi kunda bu markazlar elektron to‘lovlar tizimi asosida banklararo hisob - kitoblarni olib boradi.