Omonat bo‘linmasi — bank yoki uning filiali binosida yoxud undan tashqarida joylashgan mini-bank va omonat kassalarda bajariladigan omonat operatsiyalarining qonun hujjatlariga va bank ichki siyosatiga muvofiqligini nazorat qilish uchun mas’ul bo‘linma
Omonat bo‘linmasi tarkibida aholi omonatlari operatsiyalari ustidan so‘nggi nazoratni amalga oshirish uchun ish hajmidan kelib chiqqan holda alohida so‘nggi nazoratchi shtat birliklari tashkil etilishi lozim. So‘nggi nazoratchi bir vaqtning o‘zida nazoratchi vazifasini ham bajarishi mumkin emas.
Yuridik shaxslarning mablag‘larinini muddatli va jamg‘arma depozitlarga jalb qilish bevosita buxgalteriya xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Muomala layoqatiga ega bo‘lgan har qanday jismoniy shaxs o‘z nomiga va boshqa shaxs nomiga depozit qo‘yishi, o‘zining bank depozit hisobvarag‘idagi mablag‘ini o‘zi yoki vakili orqali mustaqil tasarruf etishi, shuningdek boshqa shaxslar depozit mablag‘larini tasarruf etish uchun vakil bo‘lishi mumkin.
Omonatchi tomonidan qo‘yiladigan depozitning eng kam va eng ko‘p miqdori har bir bank tomonidan qonun hujjatlariga asosan mustaqil ravishda belgilanadi.
Bank qabul qilib olgan depozitlarning qaytarilishini ta’minlash uchun foydalanishi shart bo‘lgan vositalar va usullar qonun hujjatlari va bank depoziti shartnomasi bilan belgilanadi.
Bank omonatchining talabiga ko‘ra depozitning qaytarilishi kafolatlanganligi to‘g‘risida axborot berishi shart.
Bank depozitning qaytarilishini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagan yoki uning shartlarini yomonlashtirgan taqdirda, omonatchi bankdan depozit summasini darhol qaytarib berishni, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 327-moddasiga muvofiq unga foizlar to‘lashni hamda o‘ziga etkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Bank depoziti shartnomasi shartlari qonun hujjatlariga zid bo‘lmasligi va depozit operatsiyalarini bajarishda qiyinchilik va chalkashliklarni keltirib chiqarmasligi lozim.
Agar bankning bank operatsiyalarini bajarish huquqini beruvchi litsenziyasi Markaziy bank tomonidan chaqirib olinsa va mazkur bankning mavjud mablag‘lari fuqarolarning bankdagi depozitlari bo‘yicha haq to‘lashga etmasa, u holda fuqarolar depozitlari «Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni talablari asosida qoplab beriladi.
Bank tomonidan omonatchilar yoki ularning qonuniy vakillarining yozma topshirig‘iga binoan depozit hisobvarag‘ida turgan pul mablag‘lariga doir bank operatsiyalari bo‘yicha amalga oshirilgan xizmatlari uchun vositachilik haqi undirilishi mumkin.
Banklar tomonidan omonatchilarning hisobvaraqlariga boshqa hisobvaraqlardan kelib tushgan mablag‘larni kiritib qo‘yish uchun haq olinishi taqiqlanadi.
Omonatchi bankdagi omonatini bank omonati shartnomasi va boshqa qonun hujjatlari doirasida erkin tasarruf etadi, shuningdek o‘z omonati bo‘yicha foiz, yutuq yoki boshqa shakldagi daromadlarni olish huquqiga ega.
Omonatchi birinchi talabi bo‘yicha bankdagi omonatini to‘liq yoki qisman qaytarib olish huquqiga ega. Yuridik shaxslar tomonidan qaytarib berishning shartnomada nazarda tutilgan boshqa shartlari asosida qo‘yilgan omonatlar bundan mustasno.
Omonatchidan boshlang‘ich mablag‘ni qabul qilishdan oldin, nazoratchi omonatchini depozit shartlari bilan tanishtirishi shart.
Omonatchi depozit shartlariga rozi bo‘lgan taqdirda nazoratchiga depozit hisobvarag‘i ochish bo‘yicha tegishli hujjatlarni taqdim etadi. Nazoratchi taqdim qilingan hujjatlar asosida depozit hisobvarag‘ini ochadi hamda Kirim orderi rasmiylashtiradi.
Depozit turiga qarab jismoniy shaxslarga quyidagi hisobvaraqlar ochiladi:
20206 Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari
20406 Jismoniy shaxslarning jamg‘arma depozitlari
20606 Jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari
Yuridik shaxslarga esa mulkchilik shakliga qarab 20200 Talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlar, 20400 Jamg‘arma depozitlar, 20600 Muddatli depozitlar hisobvaraqlar tarkibidagi tegishli hisovaraqlar ochiladi.
Kirim orderi to‘g‘ri to‘ldirilganligiga ishonch hosil qilingandan so‘ng, omonatchi yoki uning vakilidan omonatni qabul qilish uchun Kirim orderini kassirga beradi.
Kassir omonat summasini sanab oladi va Kirim orderida ko‘rsatilgan summa bilan solishtiradi hamda summalar mos kelganda Kirim orderini imzolaydi.
Nazoratchi Kirim orderi asosida kompyuter dasturiga boshlang‘ich omonat summasini kiritadi va Shaxsiy hisobvaraq varaqchasini belgilangan tartibda rasmiylashtiradi.
Omonatchi shaxsiy hisobvaraq varaqchasining «omonatchi» satriga o‘z imzosini qo‘yadi. Ushbu imzo omonatchining imzo namunasi bo‘lib hisoblanadi.
Nazoratchi omonatchining imzo namunasini omonatchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatdagi imzo bilan solishtirishi shart.
Bunda quyidagi buxgalteriya o‘tkazmasi bajariladi:
Debet 10101, 10111 Amaliyot kassalaridagi naqd pullar
Kredit 20206, 20406, 20606
Agar ushbu operatsiya bankning mobil ilovasi orqali o‘tadigan bo‘lsa:
Debet 22617 Pensionerlarning plastik kartochkalari bo‘yicha majburiyatlar, 22618 Jismoniy shaxslarning plastik kartochkalari bo‘yicha majburiyatlar
Kredit 23504 Plastik kartalardan berilgan naqd pullar bo‘yicha jismoniy shaxslarning plastik kartalari yoki omonatlar hisobvaraqlariga o‘tkazilgan mablag‘lar bo‘yicha tranzit hisobvaraqlar
Debet 23504
Kredit 20206, 20406, 20606
Kirim operatsiyasi yakunlanib, buxgalteriya o‘tkazmalari bajarilganidan so‘ng, nazoratchi tomonidan omonat daftarchasi rasmiylashtiriladi va imzolash uchun kassirga beriladi.
Bank omonati shartnomasi nazoratchi tomonidan ikki nusxada bir xil raqamlanadi va unda omonatchiga beriladigan omonat daftarchasi raqami ko‘rsatiladi.
Bank omonati shartnomasiga omonatchining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘z qo‘li bilan yozilishi va imzolanishi lozim.
Kassir tomonidan omonat daftarchasi imzolanadi va omonat kassasi muhri qo‘yilib omonatchiga beriladi.
Omonatga qo‘shimcha mablag‘lar qabul qilishda omonatchi nazoratchiga omonat daftarchasini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilishi shart.
Bunda, Kirim orderi rasmiylashtiriladi, hamda oldin rasmiylashtirilgan omonat daftarchasida va shaxsiy hisobvaraq varaqchasida qo‘shimcha yozuvlar kiritiladi.
Bankdan tashqari omonat kassalari ish vaqti tugagandan so‘ng barcha hujjatlar, pul va boshqa qimmatliklarni shu kunning o‘zida inkassatsiya xizmati orqali bank filialiga etkazib berishlari shart.
Omonat daftarchasi to‘liq rasmiylashtirilib, imzolangandan so‘ng nusxa olinadi va so‘nggi nazoratga taqdim etiladi.
Omonat bo‘linmasining so‘nggi nazoratchisi tomonidan omonat kassalarining hujjatlari nazoratdan o‘tkaziladi hamda naqd pullar shu kunning o‘zida aylanma kassaga kirim qilinadi.
Omonat daftarchasi ochilganda va yopilganda kassir, nazoratchi, bosh buxgalter va filial rahbari yoki mas’ul o‘rinbosari tomonidan imzolanadi. Omonat daftarchasida qayd etiladigan boshqa kirim va chiqim operatsiyalari nazoratchi va kassir tomonidan imzolanadi.
Omonat daftarchasi va shaxsiy hisobvaraq varaqchasidagi depozit qoldig‘i bo‘yicha farq bo‘lgan hollarda (naqd pulsiz hisob-kitoblar bo‘yicha depozit kirim qilingan summadagi farqdan tashqari) bu haqda nazoratchi omonat bo‘linmasi boshlig‘iga xabar beradi. Depozit bo‘yicha navbatdagi operatsiya farq sabablari aniqlanib, bartaraf etilgandan keyin amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslar tomonidan mablag‘larni muddatli va jamg‘arma depozitga qo‘yishda quyidagi buxgalteriya o‘tkazmalari amalga oshiriladi:
Debet 20200 tegishli hisobvarag‘i
Kredit 20400, 20600 tegishli hisobvarag‘i.
Yuridik shaxslarning depozitga pul o‘tkazishi faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar orqali o‘tkaziladi. Bunda shartnoma tuzilgandan so‘ng mijoz unga ochilgan depozit hisobvarag‘iga to‘lov topshiriqnomasi orqali pulni o‘tkazadi.
3. Banklarda depozitlarga foiz hisoblash va depozitni qaytarish operatsiyalari hisobi
Tijorat banklari tomonidan depozitlar bo‘yicha foizlar hisoblash O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2004 yil 30 yanvardagi “Tijorat banklarida foizlarni hisoblash to‘g‘risida”gi 1306-sonli nizom asosida amalga oshiriladi.
Bank depoziti shartnomasida to‘lanadigan foizlar miqdori haqida ma’lumot shart bo‘lmagan taqdirda, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlarga to‘lanadigan miqdorda foizlar to‘lashi shart.
Depozit bo‘yicha foizlar odatda har kuni yillik bazaviy davr - 365 kundan kelib chiqqan holda hisoblab yoziladi. Depozit bo‘yicha foizlar quyidagi formulaga binoan hisoblanadi:
Foiz summasi
|
=
|
Depozit summasi x foiz stavkasi x amaldagi kunlar soni
|
365*100%
|
Foizlar buxgalteriya hisobining hisoblab yozish usuli bo‘yicha tan olinadi.
Jumada hisoblab yoziladigan foizni hisoblashda odatda hisob-kitobga juma, shanba va yakshanbada foizlarni hisoblab yozish uchun 3 kun olinadi.
Agar joriy oy juma yoki shanbada tugaydigan bo‘lsa, unda hisoblab yozish tegishlicha bir kun yoki ikki kun uchun amalga oshiriladi. Hafta oxirida qoladigan kun (kunlar) navbatdagi oyning birinchi ish kunida hisoblab yoziladi. Agar joriy kun shanbada tugasa, unda oydagi eng oxirgi hisoblab yozish jumada ikki kun (juma va shanba) uchun aks ettiriladi. So‘ngra, keyingi dushanbada hisoblab yozish navbatdagi ikki kun - yakshanba va dushunba uchun amalga oshiriladi. Bayram kunlariga nisbatan ham xuddi shunday jarayon qo‘llanadi.
Har bir oyda hisoblab yoziladigan va aks ettiriladigan foizlar ushbu oyda bank tomonidan sarflangan xarajatlarni aniq aks ettirishi kerak. Hisobot davriga tegishli bo‘lgan hisoblab yozilgan foizlarning biror-bir qismini keyingi davrga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Depozit bo‘yicha foizlarni hisoblab yozish quyidagi buxgalteriya o‘tkazmasi bilan aks ettiriladi:
Debet 50106 Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari bo‘yicha foizli xarajatlar, 50606 Jismoniy shaxslarning jamg‘arma depozitlari bo‘yicha foizli xarajatlar, 51106 Jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari bo‘yicha foizli xarajatlar
Kredit 22400 To‘lanishi lozim bo‘lgan hisoblangan foizlar, 22402 Talab qilib olunguncha saqlanadigan depozitlar bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan hisoblangan foizlar, 22403 Jamg‘arma depozitlar bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan hisoblangan foizlar, 22405 Muddatli depozitlar bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan hisoblangan foizlar.
Xuddi shunday tartibda yuridik shaxslarning depozitlari bo‘yicha foizlar tan olinadi. Bunda quyidagi buxgalteriya o‘tkazmasi beriladi:
Debet 50100 Talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlar bo‘yicha foizli xarajatlar, 50600 Jamg‘arma depozitlar bo‘yicha foizli xarajatlar, 51100 Muddatli depozitlar bo‘yicha foizli xarajatlar
Kredit 22400, 22402, 22403, 22405.
Agar bank depoziti shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlarga to‘lanadigan foizlar miqdorini o‘zgartirish huquqiga ega.
Bank foizlar miqdorini kamaytirgan taqdirda, foizlarning yangi miqdori foizlar kamaytirilganligi haqida omonatchilarga xabar berilganidan keyin qo‘yilgan depozitlarga nisbatan qo‘llanadi. Agar bank depoziti shartnomasida boshqa muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu xabarga qadar qo‘yilgan depozitlarga nisbatan kamaytirilgan foizlar miqdori tegishli xabar berilgan paytdan bir oy o‘tganidan keyin qo‘llanadi.
Bank depozit foizlari miqdorini kamaytirganligi haqida har bir omonatchini rasmiy ravishda xabardor qilishi lozim.
Jamg‘arma va muddatli depozitlar bo‘yicha bank depoziti shartnomasida belgilangan foizlar miqdorini, agar shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, bank tomonidan bir tomonlama kamaytirilishi mumkin emas. Ushbu depozitlar bo‘yicha mablag‘lar omonatchining talabi bilan unga qaytarilgan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, depozit bo‘yicha foizlar to‘lanmaydi.
Bank depoziti summasiga foizlar depozit bankka tushgan kunning ertasidan boshlab, to u omonatchiga qaytarilgan yoki boshqa asoslarga ko‘ra omonatchining hisobvarag‘idan o‘chirilgan kundan oldingi kungacha yoziladi. Omonatchining hisobvarag‘i xatlanganligi oqibatida bank ushbu hisobvaraqdagi mablag‘lardan foydalana olmagan davr uchun foizlar yozilmaydi.
Agar bank depoziti shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank depoziti summasiga foizlar har bir oy o‘tganidan keyin omonatchining talabi bilan depozit summasidan alohida to‘lanadi, bu muddatda talab qilib olinmagan foizlar esa foizlar yoziladigan depozit summasiga qo‘shilib boriladi.
Depozitga topshirilgan mablag‘ qo‘yilgan kunning o‘zida to‘liq yoki qisman qaytadan berilsa, foizlarni hisoblashda depozit berilgan kun hisobga olinmaydi.
Qo‘shimcha mablag‘lar qabul qilinganda, foizlar hisoblash uchun operatsiya amalga oshirilgan kundan keyingi kundan boshlab, to u omonatchiga qaytarilgan yoki boshqa asoslarga ko‘ra omonatchining hisobvarag‘idan o‘chirilgan kundan oldingi kungacha yoziladi.
Banklar omonatchilar bilan kelishilgan holda depozit bo‘yicha foizlarni oldindan to‘lab berishi mumkin. Agar omonatchi omonat summasini muddatdan oldin olish niyati bo‘lsa va depozitning haqiqatda saqlangan muddatiga hisoblangan foizlar summasi bo‘nak tariqasida oldindan berib yuborilgan summadan kam bo‘lsa, o‘rtadagi farq depozit summasidan chegirib qolinadi.
Depozit bo‘yicha foizlar to‘langanda quyidagi buxgalteriya o‘tkazmasi bilan aks ettiriladi:
Debet 22400 To‘lanishi lozim bo‘lgan hisoblangan foizlar
Kredit 20206 Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari, 10101 Aylanma kassadagi naqd pullar, 10111 Amaliyot kassalaridagi naqd pullar (jismoniy shaxslar)
Kredit 20200 Talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlar (yuridik shaxslar)
Agar ushbu operatsiya bankning mobil ilovasi orqali o‘tadigan bo‘lsa:
Debet 22400 To‘lanishi lozim bo‘lgan hisoblangan foizlar
Kredit 23118 Plastik kartalar va omonatlar hisobvaraqlaridan jismoniy shaxslarning plastik kartalariga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar bo‘yicha tranzit hisobvaraqlar
Debet 23118
Kredit 22617 Pensionerlarning plastik kartochkalari bo‘yicha majburiyatlar, 22618 Jismoniy shaxslarning plastik kartochkalari bo‘yicha majburiyatlar
Talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit omonatchining talabi bilan, shuningdek, muddatli va jamg‘arma depozitlar muddati tugashi bilan qaytarilganda, shu paytgacha yozilgan hamma foizlar to‘lanadi.
Omonatchi jismoniy shaxslar tomonidan bir necha yillar uchun hisoblangan foizlar yozilmagan omonat daftarchasi taqdim qilinganda, bu foizlar summasi omonat daftarchasida har bir yil uchun alohida yoziladi, omonat qoldig‘i esa, oxirgi yil uchun hisoblangan foizlar yozuvidan keyin, foizlar summasini qo‘shgan holda, so‘z bilan yoziladi.
Jismoniy shaxs o‘z depozitini to‘liq yoki qisman qaytarib olish uchun Chiqim orderini to‘ldirib, omonat daftarchasi va shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan birga nazoratchiga taqdim qiladi.
Nazoratchi depoziti berishda quyidagilarni amalga oshiradi:
1) Shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida omonatchining shaxsi va omonat daftarchasi unga tegishli ekanligini aniqlaydi;
2) Shaxsni tasdiqlovchi hujjat va omonat daftarchasidagi ma’lumotlarni shaxsiy hisobvaraq varaqchasidagi ma’lumotlar bilan solishtiradi;
3) Chiqim orderi to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiradi va undagi imzoni shaxsiy hisobvaraq varaqchasidagi imzo namunasi bilan solishtiradi;
4) Shaxsiy hisobvaraq varaqchasiga va Chiqim orderiga operatsiya sanasi, berilgan summa, operatsiyadan keyingi omonat qoldig‘i, hisoblangan foizlar summasi va operatsiyadan keyingi foizlar qoldig‘ini kiritadi va imzolaydi;
5) Omonat daftarchasiga operatsiya bo‘yicha amalga oshirilgan sanani ko‘rsatadi, berilgan summani raqam bilan, omonat qoldig‘ini raqam va so‘z bilan yozadi;
6) Omonat daftarchasi va Chiqim orderini kassirga beradi.
Kassir omonatni berishda quyidagilarni amalga oshiradi:
1) Nazoratchidan qabul qilingan hujjatlar bo‘yicha beriladigan summani tayyorlaydi;
2) Omonatchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo‘yicha Chiqim orderi to‘g‘ri rasmiylashtirilganligi va omonat daftarchasiga kiritilgan operatsiya bo‘yicha yozuvlar to‘g‘riligini tekshiradi va ularni imzolaydi;
3) Pul, omonat daftarchasi (depozit qisman olinganda) va shaxsni tasdiqlovchi hujjatni qaytarib beradi.
Nazoratchi zarur hollarda omonatchidan yoki u vakolat bergan shaxsdan Chiqim orderining orqa tomoniga takroran imzo qo‘yishini talab qilish huquqiga ega.
Depozit jismoniy shaxsga qaytarilganda quyidagi buxgalteriya o‘tkazmasi bajariladi:
Debet 20206 Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari, 20406 Jismoniy shaxslarning jamg‘arma depozitlari, 20606 Jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari
Kredit 10101 Aylanma kassadagi naqd pullar, 10111 Amaliyot kassalaridagi naqd pullar
Agar ushbu operatsiya bankning mobil ilovasi orqali o‘tadigan bo‘lsa: Debet 20206, 20406, 20606, Kredit 23118 Plastik kartalar va omonatlar hisobvaraqlaridan jismoniy shaxslarning plastik kartalariga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar bo‘yicha tranzit hisobvaraqlar, Debet 23118, Kredit 22617 Pensionerlarning plastik kartochkalari bo‘yicha majburiyatlar, 22618 Jismoniy shaxslarning plastik kartochkalari bo‘yicha majburiyatlar
Yuridik shaxslarning muddatli va jamg‘arma depozitlari qaytarilsa qo‘yishda quyidagi buxgalteriya o‘tkazmalari amalga oshiriladi: Debet 20400, 20600 tegishli hisobvarag‘i, Kredit 20200 tegishli hisobvarag‘i.
Jismoniy shaxslarning harakatsiz depozitlari bank xodimlari tomonidan alohida e’tibor talab qiladi.
Harakatsiz depozitlar - talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlar bo‘yicha 1 yil davomida, jamg‘arma va muddatli depozitlarning muddati tugagandan keyin 1 yil davomida foizlar hisoblanishidan tashqari hech qanday operatsiyalar amalga oshirilmagan depozitlar.
Omonat bo‘linmasi boshlig‘i va so‘nggi nazoratchi har oy yakuni bo‘yicha filialning barcha omonat kassalaridagi «harakatsiz depozitlar» maqomiga mos bo‘lgan shaxsiy hisobvaraqlarni saralab chiqadi va ularning ro‘yxatini tuzadi.
Omonat bo‘linmasi tomonidan:
1) harakatsiz depozit hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar bajarilmasligi uchun omonatchi kelgunga qadar dasturda omonat bo‘linmasi tomonidan taqiq qo‘yiladi;
2) barcha harakatsiz depozit hisobvaraqlari dasturiy ta’minotda alohida guruh sifatida jamlanadi hamda bankning markaziy omonat kassasi yoki bosh bankda faoliyat yurituvchi nazoratchiga biriktiriladi. Bunda quyidagi buxgalteriya o‘tkazmasi bajariladi:
Debet 20206, 20406, 20606, Kredit 29842 Harakatsiz depozit majburiyatlari
Har oy yakuni bo‘yicha Omonat bo‘linmasi tomonidan berilgan ro‘yxatga asosan bankning barcha jamg‘arma kassalari o‘zlaridagi «harakatsiz depozitlar» bo‘yicha birlamchi hujjatlarni biriktirilgan nazoratchiga topshiradi.
Bank va uning filiallarida «harakatsiz depozitlar» hisobvaraqlari bo‘yicha chiqim operatsiyalarini bajarish taqiqlanadi.
Harakatsiz depozitlar bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish omonatchi tomonidan to‘liq yoki qisman talab qilinganda, bank boshqaruvchisi nomiga harakatsiz depozit hisobvarag‘ini tiklash bo‘yicha yozma ariza taqdim qilinadi.
Harakatsiz depozit hisobvarag‘i bo‘yicha barcha operatsiyalar omonatchi yoki uning qonuniy vakilining shaxsini tasdiqlovchi hujjati tekshirilgan holda arizasiga asosan amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslarning shaxsiy hisobvaraqlardagi harakatsiz depozitlarni sud organlari ajrimiga, tergov va surishtiruv organlari hamda sud ijrochilarining qarorlariga asosan xatlash mumkin.
Tijorat banklari tomonidan depozitlar bo‘yicha foizlarni o‘z vaqtida to‘lashi va muddati etib kelganda depozitlarni qaytarish operatsiyalarini to‘g‘ri bajarishi xar doim muhim hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |