3. Mijozlar hisobvaraqlarini yopish va qayta rasmiylashtirish tartibi
Banklar tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan yuridik va jismoniy shaxslar o‘z hohishiga yoki nazorat qiluvchi organlar qarorlariga ko‘ra, bank hisobvaraqlarini yopishlari (to‘xtatib qo‘yilishi) mumkin11.
Asosiy hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalar faqat hisobvaraq egasining farmoyishiga ko‘ra yoki hisobvaraqdagi pul mablag‘lari surishtiruvchi, tergovchi qarori bo‘yicha yoxud sud ajrimiga ko‘ra xatlanganda, shuningdek, qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa hollarda to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Bunday holda, pul mablag‘lari faqat qaror yoki ajrimda ko‘rsatilgan summaga xatlanadi.
Tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish sud tartibida amalga oshiriladi va banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalar faqat chiqim qismida to‘xtatiladi. YUqoridagi tartibda xatlangan yoki to‘xtatilgan hisobvaraqlarni (ham asosiy, ham ikkilamchi) boshqa banklarga o‘tkazish hamda ushbu hisobvaraqlar egalarining boshqa hisobvaraqlarni ochishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bank hisobvarag‘i shartnomasi hisobvaraq egasining arizasiga yoki bankning talabiga ko‘ra bekor qilinadi.
Bankning talabiga ko‘ra bank hisobvarag‘i shartnomasi sud orqali quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
- mijozning hisobvarag‘ida saqlanayotgan pul mablag‘lari summasi bank qoidalarida yoki shartnomada ko‘zda tutilgan eng kam miqdordan oz bo‘lsa, agar bunday summa bank tomonidan bu haqda mijozni ogohlantirgan kundan boshlab bir oyda tiklanmasa;
- bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqa muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu hisobvaraq bo‘yicha bir yil davomida operatsiyalar amalga oshirilmagan bo‘lsa.
Hisobvaraqdagi pul mablag‘larining qoldig‘i mijozning tegishli yozma arizasi olingandan keyin kechi bilan etti kun ichida mijozga beriladi yoki uning ko‘rsatmasiga muvofiq boshqa hisobvaraqqa o‘tkaziladi. Bank hisobvarag‘i shartnomasining bekor qilinishi mijozning hisobvarag‘ini yopish uchun asos bo‘ladi.
Tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari - yuridik shaxslar ixtiyoriy tugatilayotganda, xabardor qilish muddatidan boshlab:
- ularning milliy valyutadagi ikkilamchi depozit hisobvaraqlari, jamg‘ariladigan depozit hisobvaraqlari hamda muddatli depozit hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatuvchi banklar - tugatuvchining ularni yopish haqidagi arizasi asosida mazkur hisobvaraqlarni yopadilar va uning to‘lov topshiriqnomasi asosida ulardagi mavjud mablag‘lar qoldiqlarini tugatilayotgan yuridik shaxslarning asosiy hisobvarag‘iga o‘tkazadilar;
- ularning xorijiy valyutadagi ikkilamchi depozit hisobvaraqlari, jamg‘ariladigan depozit hisobvaraqlari hamda muddatli depozit hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatuvchi banklar - tugatuvchining ularni yopish haqidagi arizasi asosida mazkur hisobvaraqlarni yopadilar va uning to‘lov topshiriqnomasi asosida mavjud mablag‘lar qoldiqlarini tugatilayotgan yuridik shaxslarning uning milliy valyutadagi asosiy hisobvarag‘i ochilgan joyda ochilgan xorijiy valyutadagi talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘iga yoki boshqa tijorat bankidagi xorijiy valyutadagi talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘iga o‘tkazadilar;
- yuridik shaxslarning asosiy hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatuvchi bank tugatish jarayoni tugaganidan so‘ng tugatuvchining arizasiga asosan bir ish kuni davomida asosiy hisobvarag‘ini yopadi va tugatuvchiga asosiy hisobvaraqning yopilishi haqida ma’lumotnoma beradi.
YUridik shaxslar olti oy mobaynida (savdo va savdo-vositachilik korxonalari - uch oy mobaynida) bank hisobvaraqlari bo‘yicha pul operatsiyalarini o‘tkazish bilan moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmagan hollarda, banklar uch kunlik muddat ichida bunday korxonalar haqida ular hisobga qo‘yilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga tegishli choralar ko‘rish uchun axborot berishlari shart.
Sudning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish to‘g‘risidagi tegishli qarori taqdim etilganda, banklar keyingi ish kunidan kechiktirmay xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning hisobvaraqlarini yopadilar. Bunda, korxonalarning yopiladigan hisobvaraqlaridagi mablag‘lari qoldiqlari bank tomonidan foydalanish huquqisiz maxsus hisobvaraqlarga o‘tkaziladi. Korxonalarning bankka to‘lash uchun taqdim etilgan kreditorlik qarzi esa alohida ko‘zda tutilmagan holatlar hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Korxonalarning bank hisobvaraqlari yopilgandan so‘ng ularning nomiga kelib tushadigan mablag‘lar foydalanish huquqisiz maxsus hisobvaraqlarga o‘tkaziladi. Foydalanish huquqisiz maxsus hisobvaraqlarga to‘plangan mablag‘lar banklar tomonidan birinchi navbatda korxonalarning byudjet va byudjetdan tashqari jamg‘armalar oldidagi qarzlarini to‘lashga, qolgan summalar esa ularning kreditorlik qarzlarini kalendar’ navbatida to‘lashga yo‘naltiriladi.
Korxonalarning yopiladigan hisobvaraqlardagi mablag‘lari bank tomonidan foydalanish huquqisiz 29842 - "Harakatsiz depozit majburiyatlari" hisobvarag‘iga kirim qilinadi va bankka to‘lov uchun taqdim etilgan korxonaning kreditorlik qarzdorligi alohida ko‘zda tutilmagan holatlar hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Korxonalarni tugatish bo‘yicha maxsus komissiya tomonidan korxona keyingi faoliyatining maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan yoki belgilangan tartibda tugatish komissiyasi tayinlangan paytdan boshlab ushbu korxonaning hisobvaraqlari tegishlicha korxonaning o‘z tasarrufiga yoki tugatish komissiyasining tasarrufiga o‘tadi.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektning asosiy hisobvarag‘i yopilayotganda, oldindan u bilan bog‘liq bo‘lgan barcha hisobvaraqlar yopiladi. Bir vaqtning o‘zida hisobvaraqni yopish mo‘ljallanayotgani to‘g‘risida soliq va bojxona organlariga xabar beriladi, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ektning byudjet oldidagi qarzlari to‘g‘risida ma’lumot so‘raladi. Soliq va bojxona organlari tomonidan bankka xo‘jalik yurituvchi sub’ektning byudjet oldida majburiyatlari yo‘qligi to‘g‘risidagi xulosa taqdim qilingandan keyin bank tomonidan berilgan hamda to‘liq yoki qisman foydalanilmagan chek daftarchalari bankka qaytariladi. SHundan keyin, mijozning foydalanilmagan cheklar raqamlari ko‘rsatilgan arizasiga asosan hisobvaraqni yopish kunida qoldiq tasdiqlangan holda hisobvaraq yopiladi.
YOpilayotgan, shuningdek, boshqa banklarga o‘tkazilayotgan hisobvaraqlar bo‘yicha foydalanilmagan cheklarni mijozlardan faqat bosh buxgalter yoki uning o‘rinbosari qabul qilish huquqiga ega. Bosh buxgalter va uning o‘rinbosari topshirilgan har bir chekning imzo qo‘yiladigan qismini qirqib olish yo‘li bilan ularni darhol so‘ndirishi zarur. SHundan keyingina cheklar unga xizmat ko‘rsatuvchi mas’ul ijrochiga beriladi. ijrochi hisobvaraqni yopish uchun taqdim qilingan to‘lov topshiriqnomasini dasturiy yo‘l bilan kiritishi hamda uni tekshirish va imzolash uchun bosh buxgalterga yoki uning o‘rinbosariga taqdim etishi shart.
Hisobvaraqlar yopilayotganda bank bosh buxgalteri yoki uning o‘rinbosari yopilayotgan hisobvaraqdan mijozga oxirgi marta ko‘chirma berilgan kundan boshlab ushbu hisobvaraqqa kiritilgan barcha yozuvlarni hujjatlar bo‘yicha sinchiklab tekshirishi, ssuda va bank xizmatlari uchun hisoblangan hamda to‘langan foizlarni inobatga olgan holda chiqarilgan oxirgi qoldiqning to‘g‘riligiga ishonch hosil qilishi va yopilayotgan hisobvaraqqa tegishli yozuvlarni kiritib, imzo chekishi shart. Hisobvaraq yopilgandan so‘ng bank mijozga barcha taqdim qilingan talablardan ozod bo‘lgan pul mablag‘larning qoldig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etadi. Boshqa depozit hisobvaraqlarning barchasi mijozning arizasiga asosan istalgan vaqtda yopiladi.
Ssuda hisobvaraqlari bank rahbari yoki rahbar tomonidan vakolat berilgan shaxsning farmoyishiga asosan berilgan kreditlar va unga hisoblangan foizlar to‘lovi to‘liq amalga oshirilgandan keyin yoki ssuda hisobvarag‘ining kredit qoldig‘i ko‘zda tutilmagan holatlar hisobvarag‘iga o‘tkazilgandan keyin yopiladi.
Mijoz majburiy tugatilganda, mijozning asosiy hisobvarag‘i tugatish komissiyasi nomiga rasmiylashtiriladi va uning tasarrufiga o‘tkaziladi. Asosiy hisobvaraqqa xizmat ko‘rsatuvchi bankka mijozni tugatish to‘g‘risida qarorni, shuningdek, tugatish muddati ko‘rsatilgan va tugatish komissiyasini tuzgan tashkilot yoki shaxs tomonidan tasdiqlangan rahbar hamda bosh buxgalterning imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqcha taqdim etiladi. Mijozning hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa banklarga tugatish muddati ko‘rsatilgan tugatish to‘g‘risidagi qaror nusxasi taqdim etiladi. SHundan so‘ng barcha ikkilamchi hisobvaraqlar yopiladi va ushbu hisobvaraqlardagi mablag‘lar majburiy ravishda tugatish komissiyasiga rasmiylashtirilgan asosiy hisobvaraqqa o‘tkaziladi. Tugatish komissiyasi o‘z ishini yakunlanganidan keyin o‘z hisobvarag‘ini yopish uchun bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar byudjet oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarganliklari to‘g‘risida davlat soliq xizmati organlarining hulosasi;
- tugatish ishlari tugallanganligi to‘g‘risida maxsus komissiya tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnoma;
- foydalanilmagan cheklar va foydalanilgan cheklarning milklari bilan chek daftarchasi.
Tugatish komissiyasining hisobvarag‘ida taqdim qilingan talablardan ozod bo‘lgan pul mablag‘larining kredit qoldig‘i mavjud bo‘lsa, ushbu qoldiq mijozlarning ta’sischilariga yoki tugatish komissiyasining va tugatilgan mijozning ta’sischilari majlisining qaroriga asosan boshqa hisobvaraqqa o‘tkaziladi. Hisobvaraq yopilganligi uchun haq olinmaydi. Tijorat banklarining vakillik hisobvaraqlari banklarni tugatish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida yopiladi.
Asosiy hisobvaraqni boshqa bankka o‘tkazish uchun mijoz tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi bankka ariza taqdim etiladi va chek daftarchalari qaytariladi. SHundan so‘ng bank mijozning hisobvarag‘idagi qoldiqni yozma ravishda tasdiqlaydi. Mijoz asosiy hisobvarag‘i yopilayotgan bankdan olingan tasdiqnomani ariza bilan birga asosiy hisobvaraq ochilayotgan bankka taqdim etadi. Ushbu arizaga asosan, asosiy hisobvaraq ochilayotgan bank mijozga vaqtinchalik 29801 - "Mijozlar bilan hisob-kitoblar" hisobvarag‘ini ochadi va bu to‘g‘risida mijoz hamda hisobvaraq yopilayotgan bankka yozma ravishda xabar beradi.
Mijoz vaqtinchalik hisobvaraq ochilganligi to‘g‘risidagi xabarni olgandan so‘ng asosiy hisobvaraq yopilayotgan bankka asosiy hisobvaraqdagi mavjud mablag‘lar qoldig‘ini asosiy hisobvaraq ochilayotgan bankdagi vaqtinchalik ochilgan hisobvaraqqa o‘tkazish to‘g‘risida to‘lov topshiriqnomasi taqdim etadi. Asosiy hisobvaraqni yopayotgan bank mijoz yuridik yig‘majildidagi hujjatlar va 2-sonli kartotekadagi (agar, mavjud bo‘lsa) to‘lov hujjatlari ro‘yxatini kiritib, ushbu hujjatlar asosiy hisobvaraq ochayotgan bankka topshirilganligi haqida ikki nusxada dalolatnoma tuzadi. Dalolatnoma bank boshqaruvchisi va bosh buxgalteri tomonidan imzolanib, asosiy muhr qo‘yiladi. Dalolatnomaning har ikki nusxasiga mijozning yuridik yig‘majildidagi hujjatlar va 2-sonli kartotekadagi to‘lov hujjatlarining asl nusxalari ilova qilinib, pochta, fel’d’eger aloqasi yoki kur’er orqali asosiy hisobvaraq ochilayotgan bankka etkazib beriladi.
Asosiy hisobvaraqni ochayotgan bank ushbu dalolatnomaga ilova qilingan hujjatlarni qabul qilib olgandan keyin mazkur dalolatnomaga ilova qilingan yuridik yig‘majilddagi hujjatlar va 2-sonli kartotekadagi to‘lov hujjatlarining asl nusxalarini olganligini tasdiqlab, bank boshqaruvchisi va bosh buxgalteri tomonidan imzolanib, asosiy muhr qo‘yiladi. Dalolatnomaning bir nusxasi pochta, fel’d’eger aloqasi yoki kur’er orqali asosiy hisobvaraq yopilayotgan bankka etkazib beriladi. Ushbu hujjatlarni hisobvaraq egasi yoki uchinchi shaxslar orqali berib yuborilmaydi.
Dalolatnomaning asosiy hisobvaraq ochayotgan bank boshqaruvchisi va bosh buxgalteri tomonidan imzolangan va muhr qo‘yilgan nusxasi olingandan keyin mijoz tomonidan yopilayotgan asosiy hisobvaraqdagi mablag‘larni ushbu hisobvaraq ochilayotgan bankda ochilgan vaqtinchalik hisobvaraqqa o‘tkazish to‘g‘risidagi to‘lov topshiriqnomasi ijro qilinadi. Asosiy hisobvaraqni yopayotgan bank berib yuborilgan barcha hujjatlardan nusxa ko‘chirib, belgilangan tartibda o‘z arxivida saqlaydi.
Asosiy hisobvaraqni ochayotgan bank ushbu hisobvaraqni yopayotgan bankdan hujjatlar va mablag‘larni olgandan keyin mijozga yangi asosiy hisobvaraqni ochadi, unga vaqtinchalik hisobvarag‘idagi qoldiqni o‘tkazadi va mazkur vaqtinchalik hisobvaraqni yopadi. Asosiy hisobvaraq o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot axborotlar bazasida qonun hujjatlarida belgilangan muddatda saqlanadi. Ushbu muddat tugagandan so‘ng o‘tkazilgan asosiy hisobvaraq to‘g‘risidagi ma’lumot arxivlanadi va belgilangan tartibda saqlanadi. O‘tkazilgan asosiy hisobvaraq bo‘yicha kelib tushgan to‘lov hisob-kitob hujjatlari ro‘yxatdan o‘tkazilgach, quyidagi mazmundagi xabar bilan jo‘natuvchiga qaytariladi: "Hisobvaraq yopildi. __________ bankning __________ filialiga murojaat qiling".