1. Hujjatlar tavsifi va ularning turlari
Buxgalteriya hisobida hujjat deganda – amalga oshirilgan xo‘jalik muomalasi to‘g‘risida yozma guvohlikni tasdiqlash va buxgalteriya hisobi ma’lumotlariga yuridik kuch bag‘ishlashdir.
Bank hujjatlari – operatsion kun davomida mijozlardan qabul qilingan pul-to‘lob-hujjatlari yoki bankning ichki xojalik operasiyalarini amalga oshirish jarayonida rasmiylashtiriladigan namunaviy shakldagi ish qog‘ozlari (blanka) tushuniladi. Ushbu namunaviy shakldagi ish qog‘oz (blanka) lar bank xodimlari tomonidan kuzatish, yig‘ish, guruhlash va qayta ishlash orqali tegishli hisob regisrtrlari hamda shakllarida hujjatlashtirib boriladi.
Buxgalteriya hisobining registrlari deb, boshlang‘ich va yig‘ma hujjatlarda aks ettirilgan xo‘jalik mablag‘lari, ularning tashkil topish manbalarini iqtisodiy mazmuniga ko‘ra guruhlash hamda xo‘jalik muomalarining tarkibi va harakatini hisobga olishda qo‘llaniladigan maxsus shakldagi jadvallarga aytiladi. Buxgalteriya hisobi registrlariga jurnallar, qaydnomalar, daftarlar, kartochkalar hamda tasdiqlangan blanklar kiradi.
Buxgalteriya hisobining shakli deb, buxgalteriya hisobi yozuvlarini ma’lum texnika vositasidan foydalanib tashkil qilishga aytiladi.
Hujjatlashtirish - buxgalteriya hisobining ob’ektlari ustidan yoppasiga va uzluksiz kuzatishni amalga oshirish imkonini beradigan dastlabki aks ettirish usulidir.
Hujjatlashtirish buxgalteriya hisobining ob’ektlari ustidan yoppasiga va uzluksiz kuzatishni amalga oshirish imkonini beradigan dastlabki aks ettirish usulidir. Buning uchun har bir alohida operastiya uchun yoki ularning bir turdagi guruhi uchun dastlabki hisob axborotini muayyan moddiy tashuvchisi tuziladi. Unda amalga oshirilgan operastiyaning mazmuni qayd etiladi.
Hisob ishlarini umumlashtirishga faqat to‘g‘ri rasmiylashtirilgan hujjatlar, ya’ni belgilangan texnik andozalarda ko‘zda tutilgan barcha rekvizitlari to‘ldirilgan hujjatlar qabul qilinadi. Buxgalteriya hisobi hujjatlarining rekvizitlari quyidagilardir: sub’ektning nomi; hujjatning nomi;uning raqami va sanasi; xo‘jalik muomalasining qisqacha mazmuni; uning miqdoriy puldagi ifodasi; mazkur xo‘jalik muomalasi uchun javobgar shaxslarning ism-sharifi; mazkur xo‘jalik muomalasi uchun javobgar shaxslarning shaxsiy imzolari; xo‘jalik muomalalarining xarakteri va hisob axborotiga ishlov berish texnologiyasiga bogo‘liq holda birlamchi hujjatlarga boshqa zarur rekvizitlar ham kiritilishi mumkin.
Hujjatlarga qo‘yiladigan asosiy talablar quyidagilardir: o‘z vaqtida tuzish; to‘liq va ishonchli bo‘lishi; xo‘jalik faoliyati ustidan dastlabki va joriy nazoratni olib borish.
Buxgalteriya hisobida qo‘llaniladigan hujjatlar belgilari bo‘yicha tavsiflanadi: tuzilgan joyi bo‘yicha; aks ettirilgan xo‘jalik muomalalarning hajmiga ko‘ra; qamrab olish usuliga ko‘ra; maqsadiga ko‘ra.
Tuzilgan joyiga ko‘ra hujjatlar ichki va tashqi hujjatlarga bo‘linadi. Tashqi hujjatlar- mol etkazib beruvchilar, buyurtmachilar, soliq idoralari hamda boshqa yuridik shaxslardan kelib tushadigan hujjatlar (yukxatlar, hisobvaraq-fakturalar, bank ko‘chirmalari, inkasso topshiriqnomalari va boshqalar) kiradi.
Ichki hujjatlar – sub’ektning o‘zida rasmiylashtirilgan va korxona doirasidan chetga chiqmaydigan hujjatlar (sub’ekt rahbarining buyruqlari, moddiy boyliklarni ichki ko‘chirish yukxatlari va boshqalar) kiradi.
Aks ettirilgan xo‘jalik muomalalarining hajmiga ko‘ra birlamchi hujjatlar va yig‘ma hujjatlarga bo‘linadi.
Birlamchi hujjatlar – sodir etilgan paytida bitta xo‘jalik muomalasiga rasmiylashtiriladigan hujjatlar.
Yig‘ma hujjatlar - muayyan bir hisob ob’ektiga tegishli bo‘lgan birlamchi hujjatlar bo‘yicha tegishli guruh va tizimlarga ajratish yo‘li bilan tuziladi.
Qamrab olish usuliga ko‘ra, bir martalik hujjatlar va jamg‘aruv hujjatlariga bo‘linadi.
Bir martalik hujjatlar - xo‘jalik operatsiyasi bir martada amalga oshirilganda va ushbu jarayon ana shu bilan yakunlanganda tuziladi.
Jamg‘aruv hujjatlari - ma’lum bir davr mobaynida bir hisob ob’ektiga tegishli bo‘lgan xo‘jalik operatsiyalariga doir hujjatlarni jamg‘arish yo‘li bilan tuziladi.
Maqsadiga ko‘ra hujjatlar quyidagi turlarga bo‘linadi: farmoyish hujjatlari; tasdiqlovchi hujjatlar; kombinatsiyalashtirilgan hujjatlar; buxgalteriya rasmiylashtirish hujjatlari; axborot hujjatlari.
Farmoyish hujjatlari- biror-bir xo‘jalik muomalasini amalga oshirish uchun buyruq yoki ko‘rsatma beradigan hujjatlardir. Ushbu turdagi hujjatlarga xodimni ishga olish yoki uni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruq va boshqa shu kabi hujjatlar kiradi.
Farmoyish hujjatlarida berilag‘tgan topshiriqning mazmuni, bajarilish muddati va tartibi, shuningdek bajaruvchi shaxs ko‘rsatiladi. Bunday hujjatlar asosida buxgalteriya hisobvaraqlarida yozuv qilinmasdan, balki sub’ekt rahbarining xodimlar faoliyati yuzasidan nazorat o‘rnatishni ta’minlaydi.
Tasdiqlovchi hujjatlar - sub’ektlarda muayyan bir xo‘jalik muomalasining sodir bo‘lganligini isbotlovchi hujjatlardir. Bunday turdagi hujjatlarga yukxatlar, dalolatnomalar, kvitansiyalar, hisobvaraq-fakturalar va boshqa shu kabi hujjatlar misol bo‘ladi. Tasdiqlovchi hujjatlar xo‘jalik muomalasi sodir bo‘lgan paytda tuziladi, shuning uchun ham bo‘lib o‘tgan xo‘jalik muomalasini hisobda aks ettirishda asos bo‘lib xizmat qiladi.
Kombinatsiyalashtirilgan hujjatlar - farmoyish va tasdiqlovchi hujjatlarning xususiyatlarini o‘zida mujassam qiladi. Ushbu turdagi hujjatlarda xo‘jalik muomalasini amalga oshirish uchun berilgan farmon va shu muomala bajarilganligini aks ettiruvchi hisobotning bo‘lishi juda qulaydir. Kombinatsiyalashtirilgan hujjatlarga kassa chiqim orderi kiradi. Bu hujjatda pulning kassir tomonidan berilganligini isbotlovchi ma’lumot bilan birga pulning to‘lanishi zarur ekanligini ko‘rsatuvchi farmoyish ham mavjuddir.
Buxgalteriya rasmiylashtirish hujjatlari - buxgalteriya hisobi xodimlari tomonidan hisob ishlarini tezlashtirish va ixchamlashtirish uchun tuziladi. Bunday hujjatlarga buxgalteriya ma’lumotnomalari, amortizatsiya hisoblash jadvallari, foydani taqsimlash bo‘yicha hisob-kitoblar va boshqa hujjatlar kiradi.
Axborot hujjatlari - sub’ekt rahbarlariga va tegishli yuqori organlarga zarur axborot ma’lumotlarini berish uchun xizmat qiladi. Bunday hujjatlarga moddiy boyliklarni sotib olish uchun tuzilgan shartnomalar, moddiy qiymatliklarning normativlari va boshqa shu kabi hujjatlar kiradi. Hozirgi vaqtda hisob ishlarini avtomatlashtirish keng yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu, o‘z navbatida, xo‘jalik muomalalarini hujjatlashtirishni yangi bosqichga ko‘tarmoqda.
Xo‘jalik muomalalarini hujjatlashtirishning va dastlabki hujjat ma’lumotlarini hisoblash mashinalariga kiritishning yaxshilanishini har xil zamonaviy ma’lumot tashuvchi vositalardan foydalanish yo‘li bilan amalga oshirish istiqbolli yo‘llardan biri hisoblanadi.
Dastlabki hujjatlar qayta ishlanib, guruhlarga ajratiladi va yig‘ma hujjatlar shaklida tikiladi hamda bu hujjatlar ma’lum bir davr ichida ro‘y bergan operatsiyalar yuzasidan to‘la ma’lumotlar olish imkoniyatini beradi. Yig‘ma hujjatlarga bank amaliyotida sodir bo‘lgan hisob-kitob-pul hujjatlari, kassir hisobotini misol tariqasida keltirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |