4. Bank faoliyatining moliyaviy natijalari hisobi Banklarda moliyaviy natijalar operatsion oy yakunlangandan so‘ng yakuniy balansda o‘z aksini topadi. Biroq, moliyaviy natijalarni to‘liq barcha bank operatsiyalari bo‘yicha aniqlash, shuningdek, bank majburiyatlarini qoplash va ularni to‘lab berish yillik moliyaviy hisobotlarda o‘z aksini topadi. Banklarda ham moliyaviy natijalarni shakllantirish amaldagi me’yoriy hujjatlarga asosan amalgam oshiriladi43.
Moliyaviy natija – bu faoliyatga kompleks baho beruvchi va sodir bo‘lgan iqtisodiy jarayonlarni haqqoniy aks ettiruvchi daromad, xarajat, foyda va zarar ko‘rinishidagi iqtisodiy ko‘rsatkichlardir.
Bank foydasi – uning faoliyati natijasi va rivojlanishining asosi, kapitaldan tashqari bank faoliyatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan mablag‘idir.
1. Mamalakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan tijorat banklarida moliyaviy natijani aniqlash tartibi quyidagicha ko‘rinishga ega44.
Foizli daromadlar + Foizli xarajatlar = Sof foizli daromadlar - Kreditlar bo‘yicha ehtimoliy zararlarni (baholash) qayta tiklash = Zaxirani baholash chegirib tashlanganidan keyingi sof foiz daromadi + Foizsiz daromadlar - Operatsion xarajatlar = Daromad (foyda) solig‘idan oldingi sof foyda (zarar) - Daromad (foyda) solig‘ini baholash = Sof foyda (zarar)
Rossiya tijorat banklarida «Foyda va zararlar to‘g‘risida»gi hisobotga asosan moliyaviy natijalarni shakllantirish modeli quyidagi ko‘rinishga ega45:
1. Foizli daromadlar;
2. Foizli xarajatlar;
3. Sof foizli daromad lar (1qat–2 qat);
4. Boshqa operatsion daromadlar (zararlar);
5. Yalpi operatsion daromad (zarar)lar (3 qat+4 qat);
6. Operatsion xarajatlar;
7. Sof operatsion daromad (zarar) lar (5 qat–6 qat);
8. Kreditlar bo‘yicha ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash zaxirasini shakllantirish xarajatlari;
9. Ko‘zda tutilmagan holatlar bo‘yicha foyda (zarar);
10. Soliq to‘langunga qadar sof daromad (zarar) (7 qat –8 qat+/–9 qat);
11. Daromad solig‘i;
12. Sof foyda (zarar) (10 qat–11qat);
13. Foydaning taqsimlanishi.
AQSH banklarining odatiy foyda va zararlar to‘g‘risidagi hisobotni aniqlash quyidagi tartib amalga oshiriladi46:
1. Foizli daromadlar (FD);
2. Foizli xarajatlar (FX);
3. Sof foizli daromadlar (FD – FX);
4. Ssudalar bo‘yicha zararlarni qoplash zaxirasi (ZQZ);
5. Ssudalar bo‘yicha zararlarni qoplash zaxirasi shakllantirilgandan keyingi sof foizli daromad (FD – FX – ZQZ);
6. Foizsiz daromadlar (FsD);
7. Foizsiz xarajatlar (FsX);
8. Foiz bilan bog‘liq bo‘lmagan sof daromadlar (FsD – FsX);
9. Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha daromad yoki zararlarni hisobga olmagan holda va soliqlarni to‘lagunga qadar daromad (FD – FX) – ZQZ + (FsD – FsX);
10. Daromad solig‘i (DS);
11. Bank operatsion faoliyati bo‘yicha sof daromad (FD – FX) – ZQZ + (FsD – FsX) – (DS);
12. Qimmatli qog‘ozlardan daromad yoki zarar (QQD);
13. Sof daromad (SD) SD = (FD – FX) – ZQZ + (FsD – FsX) – (DS) +/– (QQD);
14. Dividendlar (D);
15. Summar taqsimlanmagan foyda (TF) TF = SD – D.
Bank moliyaviy faoliyati natijasida olingan foyda (zarar) 31200 – «Taqsimlanmagan foyda» balans hisobvarag‘i doirasida quyidagi ikkinchi tartibli hisobvaraqlarda aks ettiriladi:
31203 – «Taqsimlanmagan foyda (aktiv-passiv)»;
31206 – «Sof foyda (zarar) (aktiv-passiv)».
Oldingi moliyaviy yillar davomida bank faoliyati natijasida olingan taqsimlanmagan foyda (zarar) lar hisobi 31203 – «Taqsimlanmagan foyda (aktiv-passiv)» balans hisobvarag‘ida yuritiladi. Ushbu hisobvaraqning kreditida 31206 - «Sof foyda (zarar) (aktiv-passiv)» balans hisobvarag‘idan o‘tkazilgan bankning sof foydasi summasi, hamda zahira kapitali hisobvarag‘idan taqsimlanmagan foydaga o‘tkazilgan summalar aks ettiriladi.
Hisobvaraqning debetida 31206 - balans hisobvarag‘idan o‘tkazilgan zararlar, e’lon qilingan dividendlar, har xil fond (jamg‘arma)larga ajratma summalari aks ettiriladi. Analitik hisob bitta shaxsiy hisobvaraqda yuritiladi. Hisobot yilida bankning moliyaviy faoliyatidan olingan sof foyda, hamda ushbu davr davomida elon qilingan dividendlar hisobi 31206 – «Sof foyda (zarar) (aktiv-passiv)» balans hisobvarag‘ida yuritiladi. Ushbu hisobvaraqning kreditida hisobot yilida bank tomonidan olingan foyda summasi, 31203 - «Taqsimlanmagan foyda (aktiv-passiv)» balans hisobvarag‘iga o‘tkazilgan zararlar summasi, hamda noto‘g‘ri e’lon qilingan dividendlarning qaytarilishi aks ettiriladi.
Hisobvaraqning debetida hisobot yilida bank tomonidan olingan zararlar, 31203 - «Taqsimlanmagan foyda (aktiv-passiv)» balans hisobvarag‘iga o‘tkazilgan foyda, e’lon qilingan dividendlar, hamda zahira kapitaliga o‘tkazilgan summalar aks ettiriladi.
Analitik hisob sof foyda va dividendlar bo‘yicha alohida shaxsiy hisobvaraqlarda yuritiladi. Bank balans foydasi uning haqiqatda olingan daromadlari (40000“Daromadlar”) va xarajatlari (50000-“Xarajatlar”) o‘rtasidagi ijobiy farq sifatida vujudga keladi. Bank balans foydasi yil davomida shakllanib boradi, bank ma’lum oy yoki chorakni foyda bilan emas, balki zarar bilan ham yakunlashi mumkin, lekin uning moliyaviy holatiga baho berilganda hisobot yilining oxiridagi natijalari e’tiborga olinadi. Joriy yilning sof foydasi quyidagicha aniqlanadi:
a) Hisobot davrining yakunida daromad hisobvaraqlari yopilganda,
Debet 40000 – tegishli daromad hisobvaraqlari,
Kredit 31206 – «Sof foyda (zarar) (aktiv-passiv)».
b) Hisobot davrining yakunida xarajat hisobvaraqlari yopilganda,
Debet 31206 – «Sof foyda (zarar) (aktiv-passiv)»,
Kredit 50000 – tegishli xarajatlar hisobvaraqlari,
Hisobot yilinig yakunida (31 dekabr) «Sof foyda (zarar) (aktiv-passiv)» hisobvarag‘i qoldig‘iga,
Debet 31206 – «Sof foyda (zarar) (aktiv-passiv)»,
Kredit 31203 – «Taqsimlanmagan foyda (aktiv-passiv)».
Bankning daromad va xarajat hisobvaraqlaridagi qoldiq summalar 31206-“Sof foyda (zarar)” hisobvarag‘iga to‘liq yopildi. Quyida ushbu hisobvarag‘i bo‘yicha debet va kreditini korrespondetsiya qilish orqali bankning foyda va zararini aniqlaymiz.
Tijorat banklari moliyaviy hisobotga izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlarda daromadlar va xarajatlar turlari yoki faoliyat turlari bo‘yicha tasnif qilish yo‘li bilan daromadlar va xarajatlarni tahlil qilib berishi kerak.
Xarajatlarni faoliyat turlari bo‘yicha tasnif qiladigan tijorat banklari xarajatlarning turlari bo‘yicha qo‘shimcha axborotni, jumladan eskirish (amortizatsiya) xarajatlarini, xodimlarni saqlash bilan bogliq xarajatlarni, xom ashyo va xalq iste’moli mollaridan foydalanish xarajatlari bo‘yicha qo‘shimcha axborotlarni ochib berishga majburdir.