O’zbekiston banklari Assotsiatsiyasi Bosh direktori S.P. Abdullaevning «Bank-moliya sohasining barqaror rivojlanishi O’zbekiston iqtisodiy siyosatining muhim ustuvorligi sifatida» mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferentsiyasidagi ma’ruzasi
“Bank tizimi barqarorligi - iqtisodiy o’sishni ta’minlashning
muhim omili sifatida”
Assalomu alaykum hurmatli konferentsiya
ishtirokchilari va mehmonlar!
Banklar Assotsiatsiyasi va bank hamjamiyati nomidan Sizlarni samimiy qutlab, bank-moliya sohasining barqaror rivojlanishi va unda olib borilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish masalalariga bag’ishlangan konferentsiya ishining boshlanishi bilan samimiy tabriklashga ijozat bergaysizlar!
Bugungi kunda bank tizimi Respublikamiz iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan segmentlaridan biri bo’lib, sohadagi aktivlar, kapital darajasi, kredit qo’yilmalari va investitsion amaliyotlar hajmi kabi asosiy ko’rsatkichlarining o’sish sur’atlari buni yaqqol tasdiqlamoqda.
Mamlakatimizda bank-moliya tizimini mustahkamlash va sifat jihatidan yaxshilashga, shuningdek tijorat banklarining iqtisodiyotni harakatlantiruvchi kuchi sifatida namoyon bo’lishiga hamda ularning yirik investitsiya institutlariga aylanishiga alohida e’tibor berilmoqda. CHunki mamlakatimizning moliyaviy-iqtisodiy barqarorligi ko’p jihatdan bank-moliya tizimining samarali faoliyatiga bog’liqdir.
O’zbekiston bank tizimida olib borilayotgan izchil va maqsadli islohotlar uning nafaqat jahon moliyaviy inqirozining salbiy ta’siri va oqibatlaridan ishonchli tarzda himoyalanishiga, balki banklar faoliyatida muhim va sifat o’zgarishlarga erishish, iqtisodiyotning real sektorini kreditlash hajmini kengaytirish hamda bank va moliya xizmatlarini ko’rsatish darajasini tubdan yaxshilash imkonini berdi.
Mamlakatimiz bank tizimining barqaror va ishonchli faoliyat yuritishi, uning jahon moliya bozoridagi nufuzi ortib borishi, shuningdek mamlakatimizni modernizatsiya qilish yo’lidagi dadil qadamlarimiz dunyo jamoatchiligi, shuningdek, qator nufuzli xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan e’tirof etilmoqda.
Bunda, ayniqsa, banklarning kapitallashuv darajasini oshirish bo’yicha amalga oshirilgan ishlar diqqatga sazovordir. Agar raqamlarga murojat qilsak, so’nggi 6 yil ichida bank tizimining umumiy kapitali 4,4 barobardan ziyodroqqa o’sdi. 2013 yilning o’zida tijorat banklari umumiy kapitali 25 foizga ko’paydi. Bu davrda bank ustav kapitalini oshirish maqsadida 534,5 mlrd. so’mlik bank aktsiyalari investorlar o’rtasida joylashtirildi.
SHuni takidlash joizki, respublikamizda yirik banklarning kapitallashuv darajasini oshirish ko’pgina xorij mamlakatlari amaliyoti bo’yicha asosan banklarning likvidlik ko’rsatkichini saqlab turishga emas, balki banklarning investitsiyaviy faolligini kuchaytirishga, iqtisodiyotdagi tarkibiy o’zgarishlarning ustuvor yo’nalishlarini qayta tiklash va kengaytirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan kreditlash hajmini oshirish qaratildi.
Banklarning kapital etarliligi darajasiga kelsak, bu ko’rsatkich ham bir necha yildirki, 24,3 foizni tashkil etib, umum qabul qilingan xalqaro standart (8 foiz)dan uch barobar ziyoddir. Bank tizimi likvidliligi esa 65 foizdan ziyodga etdi («yuqori» indikator bahosi – 30 foiz). Bank tizimining «xavfsizlik yostig’i (zaxirasi)» oxirgi 4 yilda qariyb 3 barobarga o’sdi va 2 mlrd. AQSH dollaridan ortiqni, shuningdek, aktivlar miqdori ularning jami majburiyatlaridan 1,6 barobardan ziyodroqni tashkil etmoqda. Bugungi kunda tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan omonat turlari 250 dan oshdi.Tijorat banklaridagi jami depozitlar hajmi oxirgi 6 yilda – 6,7 barobarga oshdi va 2014 yil 1 yanvar holatiga o’tgan yilning shu davriga nisbatan 30,2 foizga oshib, ularning hajmi 26 trln. so’mga etdi.
Depozitlar bilan bir qatorda, banklar qimmatli qog’ozlarni muomalaga chiqarish yo’li bilan bo’sh pul mablag’larini faol jalb qilmoqda. Joriy yilning 1 yanvar holatiga banklarning muomaladagi uzoq muddatli obligatsiyalari miqdori 330 mlrd. so’mni, depozit va jamg’arma sertifikatlari 592 mlrd. so’mni tashkil etmoqda.
O’z navbatida tijorat banklarining kapitallashuv darajasining yuqoriligi va ular resurs bazasining kengayishi iqtisodiyotning real sektorini moliyaviy qo’llab-quvvatlash imkoniyatlarini yanada oshirmoqda. Xususan, o’tgan 2013 yilda banklarning jami aktivlari miqdori 30 foizga oshgan bo’lsa, so’ngi 6 yilda esa 4,7 barobarga ko’paydi. Bu davrda iqtisodiyotning real sektorini kreditlash hajmining yillik o’sish sur’ati o’rtacha 30 foizni, iqtisodiyotning alohida yo’nalishlari va sohalarida esa undan ham ko’proqni tashkil qilgan. Jumladan, investitsion kreditlarning yillik o’rtacha o’sish sur’ati 36 foizni, kichik biznes hamda tadbirkorlik sohasiga ajratilgan kreditlarning o’sish sur’ati - 46 foizni, shu jumladan, mikrokreditlarning o’sish sur’ati - 57 foizni tashkil etdi.
Ko’plab rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda real sektorni kreditlashda pasayish tendentsiyasi davom etayotgan bir payitda, mamlakatimiz tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotning real sektoriga yo’naltirilgan kreditlar xajmi yildan-yilga oshib bormoqda. 2014 yilning 1 yanvar holatiga ko’ra real sektorga yo’naltirilgan kreditlar xajmi 26,5 trln. so’mni tashkil etdi. Ajratilgan kreditlarning 79,3 foizini investitsion maqsadlarga yo’naltirilgan uzoq muddatli kreditlar tashkil qilgan.
2013 yilgi kredit siyosati doirasida ustuvor sohalarni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun 7,2 trln. so’m miqdorida investitsion kreditlar ajratildi. Oxirgi 13 yilda ajratilgan investitsiya kreditlari hajmi 60 barobardan ortiqqa ko’paydi. Bu esa O’zbekiston bank tizimi mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishiga muhim hissa qo’shayotganligidan dalolat beradi.
So’nggi yillarda yurtboshimiz rahnamoligida mamlakatimizda aholi faravonligini oshirish va turmush darajasini yanada yaxshilash, xususan, qishloq aholi punktlari qiyofasini tubdan o’zgartirish, namunaviy loyihalar asosida yangi uy-joylar qurish, qishloq infratuzilmasini rivojlantirish bo’yicha olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarni ro’yobga chiqarishda tijorat banklarining faol ishtiroki ta’minlanmoqda.
Xususan, oxirgi 5 yil davomida respublikamizning 159 ta qishloq tumanida namunaviy loyihalar asosida 900 dan ortiq yangi uy-joy massivlari barpo etildi, umumiy maydoni 4 million 500 ming kvadrat metr bo’lgan 33 ming 500 dan ziyod yakka tartibdagi uy-joy foydalanishga topshirildi.
Diqqatga sazovor jihati shundaki, bir necha yillardan buyon xalqaro «Mudis» reyting agentligi tomonidan MDH davlatlari ichida faqat O’zbekiston bank tizimiga «Barqaror» reyting bahosi berilmoqda. Bu esa o’z navbatida butun iqtisodiyotimizga berilayotgan baho bilan chambarchas bog’liqdir.
2011 yil natijalariga ko’ra, «Mudis», «Fitch Reytings» va «Standart end Purs» kabi xalqaro reyting agentliklari tomonidan berilgan ijobiy reytingiga, O’zbekiston tijorat banklarining 13 tasi ega bo’lgan bo’lsa, bugungi kunga kelib respublikada faoliyat ko’rsatayotgan barcha tijorat banklari ijobiy bahoga sazovor bo’lishdi.
SHuni ham ta’kidlash joizki xalqaro talablar asosida ishlab chiqilgan moliyaviy barqarorlik va bank tizimi rivoji milliy indikatorlariga muvofiq bank tizimi faoliyati va rivojining bahosi «yuqori» darajadagi bahoni ko’rsatadi. SHu bilan birga, Xalqaro valyuta fondi tomonidan olib borilgan oxirgi tadqiqotlar natijalariga ko’ra, O’zbekiston 100 ming katta yoshdagi aholiga to’g’ri keladigan tijorat banklari muassasalari soni bo’yicha MDH davlatlar orasida peshqadam bo’lib turibdi. 2013 yilda tijorat banklarining respublika hududlaridagi filiallar tarmog’i yanada kengayib, 2014 yil 1 yanvar holatiga ko’ra, ularning soni 837 taga etdi.
Bank tizimini isloh qilish va liberallashtirishda erishilgan muvaffaqiyatlarning yana bir misolini Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish talablari bo’yicha «Biznesni olib borish-2014» navbatdagi yillik ma’ruzasining natijasiga ko’ra O’zbekistonning kredit ajratish bo’yicha reytingidagi o’rni 24 pog’onaga ko’tarildi.
Xulosa o’rnida shuni ta’kidlash joizki, muhtaram YUrtboshimiz tomonidan mamlakatmiz bank tizimini rivojlantirishga berilayotgan alohida e’tibor va respublikamizda qulay makroiqtisodiy shart-sharoitlar yaratilganligining natijasida bank tizimini rivojlantirish va isloh etib borish sohasida sezilari ijobiy natijalarga erishildi.
Hurmatli konferentsiya ishtirokchilari endi esa, 2014 yilda yilda bank tizimini rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlari va bu borada amalga oshiriladigan islohotlarda to’xtalib o’tmoqchiman.
2014 yilda ham bank tizimini isloh qilish va barqarorligin yanada oshirishda asosiy e’tibor O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 noyabrdagi PQ-1438-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko’rsatkichlariga erishishning ustuvor yo’nalishlari bo’yicha kompleks chora-tadbirlar» Dasturida belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlashga qaratiladi. Xususan:
1. Tijorat banklari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish tizimini Bank nazorati bo’yicha Bazel qo’mitasining yangi tavsiyalari asosida yanada takomillashtirish, banklar faoliyatini baholashda xalqaro amaliyotda qo’llaniladigan me’yorlar, mezonlar va andozalarni joriy etish;
2. Tijorat banklari kapitallashuv darajasini yanada oshirish, resurs bazasini mustahkamlash va diversifikatsiyalash, aholi va xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning bo’sh pul mablag’larini uzoq muddatli depozitlarga jalb etishni yanada faollashtirish;
3. Tijorat banklarining investitsion faoliyatini yanada kuchaytirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish hamda texnik va texnologik qayta jihozlash loyihalarini kreditlash hajlarini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo’llab-quvatlashni kengaytirish, shuningdek hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda yangi ish o’rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash davlat dasturlarini amalga oshirish jarayonlaridagi ishtirokini yanada kengaytirish;
4. Banklar tomonidan ko’rsatilayotgan xizmatlar turlarini yanada kengaytirish hamda sifatini yaxshilash, masofadan turib xizmat ko’rsatish vositalaridan on-layn rejimida ishlayotgan mijozlar sonini oshirish;
5. Banklar aktivlari va kredit qo’yilmalari sifatini yaxshilash, bank tavakkalchiligini baholash tizimini yanada rivojlantirish;
6. Tijorat banklari tomonidan muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalardan foydalanishning qulayligi va samaradorligini yanada oshirish, xususan, Internet orqali to’lovlarni amalga oshirish tizimini yanada rivojlantirish;
7. Bank menejmenti sohasida zamonaviy bilim va ko’nikmalarga ega bo’lgan kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash borasida tegishli ishlarni amalga oshirish;
8. Bank-moliya sohasida ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan choralarni amalga oshirish;
9. Bank faoliyatining me’yoriy-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish hamda uni xalqaro talab va tamoyillarga muvofiqligini ta’minlash;
10. Respublika moliya-bank tizimi buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot tizimini Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga (MHXS) to’liq moslashtirish borasidagi amalga oshirilayotgan tadbirlarni davom ettirishga qaratiladi.
Hurmatli konferentsiya ishtirokchilari, fursatdan foydalanib tijorat banklarining investitsiya faoliyatini yanada kengaytirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, shuningdek mamlakatimiz iqtisodiyotiga ichki va tashqi investitsiyalarni jalb etishda respublikakmizda shakllanib borayotgan qimmatli qog’ozlar bozori salohiyatidan keng foydalanish, borasida quyidagilarni amalga oshirish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:
- tijorat banklari umumiy kapitali hajmini yanada oshirish bo’yicha tegishli choralarni ko’rish va borada o’rnatilgan parametrlarni bajarish;
- tijorat banklari aktivlarini, shu jumladan kredit portfellarining yanada o’sishini va sifatini yaxshilashni ta’minlash maqsadida bank tavakkalchiliklarini baholash va boshqarishda chuqur omilli tahlilni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini joriy qilish;
- banklarda investitsiya loyihalarini ekspertiza qilish sifatini, shu jumladan, ekspertiza jarayonlarining shaffofligini oshirish va unda barcha potentsial omillar va xatarlarni inobatga olish borasida ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish.
- banklarning uzoq muddatli resurslarini ko’paytirish borasida bank depozitlari, depozit sertifikatlari va korporativ obligatsiyalarining yangi turlarini joriy etish va amaldagi turlarini ularning muddatlari, summasi, valyuta turlari va to’lash usullari bo’yicha yanada takomillashtirish;
- progressiv fond dastaklarini, shu jumladan kommulyativ aktsiyalar, konvertatsiyalanadigan obligatsiyalar, ipoteka sertifikatlari, hosilaviy va garov qimmatli qog’ozlarni emissiya qilish va muomalaga chiqarish ko’lamini kengaytirish;
- aktivlar sekyuritizatsiyasini tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish, Bunda “moliyaviy pufaklar” paydo bo’lishini oldini olish maqsadida ushbu faoliyat ustidan prudentsial nazoratni kuchaytirish, sekyuritizatsiyalanayotgan aktivlar shaffofligini oshirish hamda ularning ta’minlanganlik darajasiga e’tibor berish;
- potentsial investorlar uchun axborot shafofligi darajasini oshirish maqsadida tijorat banklari va shakllanib borayotgan fond bozorlarining boshqa emitentlarining ish yuritish amaliyotiga xalqaro standartlarni kompleks ravishda joriy etish;
- tijorat banklari qimmatli qog’ozlari ikkilamchi bozorini faollashtirish, subordinar qarzning hajmlarini kengaytirish;
- shakllanib borayogan qimmatli qog’ozlar bozorlarining investitsion-moliyaviy infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida emission va anderrayting sindikatlar, reyting va kollektorlik agentliklar, birgalikdagi investitsiyalash institutlarini tashkil etishda banklar ishtirokini yanada faollashtirish;
- garov ob’ekti hisoblangan qimmatli qog’ozlar ro’yxatini kengaytirish va bu ro’yxatni muntazam e’lon qilib borish;
- chaqirib olinmaydigan depozit sertifikatlari muomalasini yo’lga qo’yishni tashkillashtirish, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash;
Hozirgi davrda izchillik bilan amalga oshirilayotgan choralar jahon moliyaviy inqirozi davrida ham mamlakatimiz bank-moliya tizimini yanada barqaror bo’lishiga, banklarning investitsion faoliyatini kuchaytirishga va shuning hisobidan izchil iqtisodiy o’sishni ta’minlash, xalqimizning hayot darajasi va faravonligini yanada oshirishga mustahkam zamin yaratadi.
Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi yutuqlar O’zbekiston tanlagan rivojlanish modeli to’g’riligini, respublika iqtisodiyoti barqarorligi va uning bank-moliya tizimi ishonchliligini yana bir bor tasdiqladi.
O’ylaymizki konferentsiya ochiq muzokara tarzida o’tkazilib, anjuman tavsiyalari respublikamiz moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va jahon andozalari darajasiga ko’tarish, jahon tajribasidan kelib chiqqan xolda bank-moliya tizimini barqarorligini ta’minlash, xalqaro standartlar talablari asosida banklarning likvidliligi va moliyaviy barqarorligini oshirish, tijorat banklarining investitsiyaviy faolligini kuchaytirish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda kredit tashkilotlari ishtirokini yanada kengaytirish, zamonaviy bozor va moliya infratuzilmasini rivojlantirish,shuningdek banklar va boshqa moliya-kredit tashkilotlari tomonidan ko’rsatilayotgan xizmatlarning ko’lamini kengaytirish va sifatini oshirish hamda zamon talablari va xalqaro normalarga muvofiq holda moliya-bank faoliyatining me’yoriy-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish uchun imkon yaratadi.
Konferentsiya ishtirokchilari va mehmonlarga yana bir bor minnatdorchilik bildirgan holda anjumanni samarali o’tishini tilab qolaman.
E’tiboringiz uchun raxmat.
Матерал опубликован в сборнике тезисов Республиканской научно-практической конференции на тему: “Устойчивое развитие банковско-финансовой системы - как важный приоритет экономической политики Узбекистана”. Ташкент издательство “Молия” 2014 год. С. 9-13. (Конференция проведена в Банковско-финансовой академии Республики Узбекистан 25 апреля 2014 года).
Do'stlaringiz bilan baham: |