21-mavzu: Tijorat banklarining to‘lovga layoqatligi va likvidligi
Tijorat banklarining to‘lovga layoqatliligi va likvidliligi haqida tushuncha.
Tijorat banklarining likvidlik ko‘rsatkichlari.
O‘zbekiston tijorat banklarini likvidlik holati.
Xorijiy davlatlar amaliyotida tijorat banklarining likvidliligini baholash usullari.
Likvidlilik va rezervlarni boshqarish bo‘yicha tijorat banklarining siyosati va strategiyasi.
Banklarni reytingi va uni baholash usullari.
O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida tijorat banklarining to‘lovga layoqatliligi va likvidliligini ta’minlash borasidagi islohotlar.
Tijorat banklarining to‘lovga layoqatliligi va likvidliligi haqida tushuncha
Tijorat bankining faoliyati va uning samaradorligi eng avvalo uning likvidligiga bog‘liq. Likvidligi bo‘lmagan bank to‘lovga layoqatli bo‘la olmaydi. Amalda aynan nolikvidlik banklarning to‘lovga layoqatsizligining asosiy sababi bo‘lib, ularni bankrotlikka va bank tizimining beqarorligiga olib keladi.
«Likvidlik» atamasi lotincha «Liquidus» so‘zidan olingan bo‘lib, suyuq, oquvchi ma’nosini beradi. U turli korxonalar, birlashmalar, firmalar va banklarning o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida bajara olish (qarzni to‘lash) imkoniyatini bildiradi.
Barqaror talabga ega bo‘lgan pul vositalari, bank depozitlari, qimmatli qog‘ozlar, moddiy aylanma vositalar va pulga tez aylantiriladigan aktivlar likvid vosita (mablag‘)lari deb yuritiladi.
«To‘lovga layoqatlilik» likvidlik tushunchasiga nisbatan kengroq bo‘lib, bank zarur muddatlarda omonatchilar va davlat oldidagi majburiyatlarini to‘la summada bajara olish layoqatini bildiradi.
To‘lov qobiliyati bankning qisqa muddat ichida o‘z majburiyatlaridan qutilish imkoniyatlarini ko‘rsatadi.
Bank likvidliligi - bu o‘z aktivlarni naqd pul sifatida ishlatish yoki ularning nominal qiymatini saqlab qolgan holda tezda pul mablag‘lariga aylantirish yo‘li bilan mavjud moliyaviy majburiyatlarni qoplay olish qobiliyatidir.
Agar bankning naqd pullari va likvid aktivlarning yig‘indisi uning qarzi va moliya majburiyatlarini qoplash uchun etarli bo‘lsa, bank faoliyati likvid deb sanalishi mumkin. Tijorat banklarining likvidligini ta’minlash maqsadida likvidlik zaxiralari tashkil qilinadi. Bu zaxira:
favqulotda kutilmagan ehtiyojlarni qondirish;
kredit va investitsiya bo‘yicha manfaatli shartnomalarni tuzish;
kreditga bo‘lgan talabning mavsumga qarab o‘zgarishini qondirish;
qo‘yilmalarni kutilmagan tarzda olinishini va aholi jamg‘armalarining kutilmaganda olinishini ta’minlash va boshqalar uchun zarur bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 1998 yil 2 noyabrdagi 421-sonli “Tijorat banklari likvidligini boshqarishga bo‘lgan talablar to‘g‘risida”gi Nizomida likvidlikka bank majburiyatlarini bajarish va aktivlar o‘sishini moliyalash bilan birgalikda depozitlar va qarz mablag‘lari darajasining pasayishini samarali boshqarish deb ta’rif berilgan.
Bank likvidligi bu bankning o‘z oldida turgan majburiyatlarini bajara olishi, mijozlarning kreditga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishi va omonatchilarning depozitlarni qaytarib olish bo‘yicha talablarini qondira olish qobiliyatidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |