Depozitlarning sifati ularning barqarorligi bilan belgilanadi. Depozitlar qanchalik barqaror bo‘lsa, shunchalik bank likvidligi yuqori bo‘ladi. CHunki depozitlar ya’ni, jamlangan resurslar bankni tark etmaydi. Depozitlarning barqaror qismining oshib borishi bankning likvid aktivlarga bo‘lgan ehtiyojini pasaytiradi.
Banklararo kreditlar bank likvidligiga deyarli xuruj qilmaydi, aksincha ular bankning qisqa muddatli likvidli mablag‘larga bo‘lgan etishmovchiligini to‘ldiradi.
Summalar va muddatlar bo‘yicha aktiv va passivlarning o‘zaro muvofiqligiga rioya qilmaslik asosan jalb qilingan mablag‘lar hisobiga faoliyat ko‘rsatuvchi banklarni nihoyat tang ahvolga tushirishi mumkin. Natijada bank kreditorlar oldidagi o‘z majburiyatlarini bajaraolmaslik holatiga tushishi muqarrar. SHuning uchun ham bank investitsiya qilinayotgan pul mablag‘larining muddati va summasini omonatchilar bilan kelishgan holda o‘rnatishi lozim.
Bankda menejmentning holati ham uning likvidligini aniqlab beruvchi muhim omillardan hisoblanadi. Boshqaruv samaradorligi quyidagilarda o‘z aksini topadi:
bank siyosatining mavjudligi va pishiqligi;
bankning yuksak darajadagi joriy va strategik vazifalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan tashkiliy maqbul tarkibi;
aktiv va passiv operatsiyalarni boshqarishning ishlab chiqilgan mavjud mexanizmi;
mas’ul qarorlarni qabul qilish imkoniyatlari va h.k.
Imij, ya’ni nufuzning yuqori bo‘lishi mazkur bankka boshqa banklarga nisbatan o‘z faoliyatidagi mavjud kamchiliklarni oson va zudlik bilan bartaraf etishga, bo‘sh mablag‘larni jalb qilishga, depozitlar barqarorligini ta’minlashga imkon yaratadi.
Tijorat banklarining likvidlik ko‘rsatkichlari.
Tijorat banklarining real likvidlik darajasini hisoblashda amaliyotda turli xil mezonlardan foydalaniladi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari faoliyatini tartibga solishni xalqaro andozalarga mos ravishda takomillashtirish, real baho berishni 1997 yil 22 avgustda tasdiqlangan 10-sonli «Tijorat banklari faoliyatini tartibga solish qoidasi»ga asoslanib olib boradi.
Bu qoidaga binoan tijorat banklari faoliyatini baholashning quyidagi iqtisodiy me’yorlari tasdiqlangan va ular barcha banklar tomonidan bajarilishi shart deb, belgilab berilgan:
bank kapitalining etarliligi;
bank kapitalining uning majburiyatlariga bo‘lgan nisbati;
bankning likvidlilik koeffitsienti;
bitta qarz oluvchiga to‘g‘ri kelgan maksimal risk darajasi;
bitta kreditorga (jamg‘armachiga) to‘g‘ri kelgan maksimal risk darajasi;
qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarda bankning o‘z mablag‘laridan foydalanish darajasi;
insayderlar bilan ish olib borish me’yorlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |