Aktiv va passivlarni boshqarish sifati bankning pul fondlarini tashkil etish, ular narxlarini shakllantirish va joylashtirish jarayonlariga ta’luqlidir. Ushbu jarayon asosan balans hisobotida aks ettiriladi. Aktiv va passivlarni boshqarishning eng maqbul yo‘li qisqa muddatli likvidlikni past bo‘lgan instrumentlarga joylashtirish orqali yuqori foyda olish orasidagi muvozanatni ta’minlashdan iboratdir.
Depozitlar bazasi holatiga, ya’ni depozitlarning doimiyligiga jahon amaliyotida juda katta ahamiyat beriladi. Bundan tashqari likvidlikni tahlil qilishda banklarning tashqi manbalarga chiqish imkoniyatlari alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa likvidlikni baholashda aktivlarning naqdlikka aylanish darajalari ham tahlil qilib chiqiladi.
SHuni ta’kidlash lozimki, likvidlik darajasi bankning likvidlik holatini to‘laligicha yoritib bera olmaydi va unga umumiy bahoning bir qismi sifatida qaraladi. SHunday ekan, likvidlik koeffitsienti boshqa ko‘rsatkichlar bilan qiyoslangan va to‘ldirilgan holda tahlil qilinishi maqsadga muvofiqdir.
Likvidlik holati tekshiruvining yakuniy bosqichlarida bank tomonidan qonunchilikning buzilish holatlari ro‘yxati tuzilishi hamda ularga tegishli qonun va nizomlar ilova qilinishi ko‘zda tutiladi.
CAMEL tizimining yuqoridagi to‘rtta ko‘rsatkichi aniqlanganidan so‘ng mazkur reyting tizimining beshinchi baholash ko‘rsatkichi - menejment, ya’ni bankni boshqarish darajasi tahlil etiladi. Bu ko‘rsatkich bank ishonchliligini baholashning oxirgi ko‘rsatkichidir.
Mazkur ko‘rsatkich oldingi ko‘rsatkichlar natijalariga bog‘liq bo‘ladi. CHunki kapitalning etarliligi, aktivlar sifati, daromadliligi va yuqori likvidlik darajasiga ega bo‘lgan banklarning, xususan, menejment ham yuqori bo‘ladi. Bunda:
kadrlarning bilim darajasi;
me’yoriy hujjatlarga amal qilinishi;
bank, kadr, kredit, investitsiya, foiz siyosatlarining mukammalligi va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi tahlil qilinadi.
Bankni boshqarish darajasi ko‘pincha bank siyosatining qay darajada maqsadga muvofiq shakllantirilganligi, uning yozma ravishda belgilangan tartibda hujjatlashtirilganligi va unga rioya qilinishi bilan xarakterlanadi. Ma’muriyat faoliyatiga baho berishda esa quyidagilarga alohida e’tibor beriladi:
sardorlik va rahbarlik qilish qobiliyati;
bank faoliyati qoidalariga rioya qilish darajasi;
o‘zgaruvchan vaziyat va holatlarda to‘g‘ri qarorlarni qabul qilaolish va unga tez moslasha bilish qobiliyati;
muvaffaqiyat qozonish;
bank xizmatlariga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojlarni qondirishga intilish va boshqa ko‘rsatkichlar.
1.SHunday qilib, bankni boshqaruv sifati bank rahbariyati tomonidan olib borgan siyosatning samaradorlik darajasini ifodalovchi ko‘rsatkich bo‘lib, qator omillar va ko‘rsatkichlar orqali aniqlanadi
O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida tijorat banklarining to‘lovga layoqatliligi va likvidliligini ta’minlash borasidagi islohotlar.
2012 yilda bank tizimini rivojlantirish va isloh qilishda asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 noyabrdagi PQ-1438-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «2011 - 2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar» dasturida hamda bank tizimiga oid boshqa Farmon va qarorlarida belgilangan vazifalarni bajarishga qaratiladi. Xususan:
Bank nazorati tizimini, xususan, tijorat banklari kapitalining etarligiga va likvidligiga qo‘yilgan talablarni xalqaro andozalar asosida yanada takomillashtirish, bu boradagi Bazel qo‘mitasining yangi tavsiyalarini tadbiq etish ishlari davom ettiriladi.
Bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasining yangi tavsiyalarini joriy qilish uchun xalqaro moliya institutlaridan texnik yordam va ekspertlar jalb etilib, bu borada tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Bunda, bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasi tomonidan bank kapitalining etarliligi bo‘yicha tavsiyalar, jumladan, birinchi darajali bank kapitalini sifatini va uning etarlilik darajasini oshirishni, konservatsion bufer kapitalini (moliyaviy inqirozlar davridagi zararlarni qoplash uchun zaxira) hamda kontrsiklik bufer kapitalini (siklik o‘zgarishlar zararlari oldini olish uchun zaxira) tashkil etishni nazarda tutadi.
SHuningdek bank likvidligi bo‘yicha normativlarni, xususan, qisqa va uzoq muddatli likvidlik normativlarini Bazel qo‘mitasining yangi tavsiyalari asosida qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Banklar kapitali, aktivlari, boshqaruvi, daromadlari, majburiyatlarining sifati va darajasini xolis baholanishini ta’minlovchi CAMEL(S) tizimining yangi talqinini inspeksion tekshirishlarda tadbiq qilish ishlari davom ettiriladi.
Tijorat banklarida boshqaruv samaradorligini oshirishga e’tibor kuchaytiriladi, bank Kengashlari roli yanada oshiriladi va korporativ boshqaruv tizimi faoliyati yanada takomillashtiriladi.
Bank Kengashi tomonidan bank Boshqaruvi raisi va a’zolari, ichki audit bo‘limi rahbarlarining bank aktivlari, kredit va investitsiya portfellari holati, bank kapitalining o‘sishini ta’minlash, daromadlilik va likvidlilik ko‘rsatkichlari, shuningdek bank tizimi oldiga qo‘yilgan boshqa ustuvor vazifalarning ijrosi to‘g‘risidagi masalalar bo‘yicha hisobotlarini muntazam ravishda har chorakda ko‘rib chiqish va ta’sirchan choralar belgilab amalga oshirish amaliyotidan keng foydalaniladi.
Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligi va likvidligini ta’minlashda ichki audit xizmatlarining rolini oshirish va ularning faoliyatini amaldagi me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqlashtirish borasida ishlar olib boriladi.
2011 yilda respublika bank tizimidagi islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 noyabrdagi PQ-1438-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «2011 - 2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar» hamda Hukumatning bank tizimiga oid qaror va dasturlarida belgilangan vazifalarni bajarishga qaratildi, jumladan:
- tijorat banklarining kapitallashuv darajasini yanada oshirish, ushbu sohaga xususiy kapitalni jalb etish, depozit bazasini kengaytirish;
- tijorat banklarining aktivlari sifati, ular faoliyatidagi tavakkalchiliklar, ayniqsa kredit tavakkalchiligini boshqarishning sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish;
- aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning pul mablag‘larini uzoq muddatli depozitlarga jalb qilishni rag‘batlantirish;
- bank nazoratini xalqaro amaliyotdagi yangi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda takomillashtirish;
- respublika tijorat banklari va bank tizimi faoliyatini baholashda xalqaro amaliyotda qo‘llaniladigan me’yorlar, mezonlar va andozalarni joriy etish va ularning bajarilishiga erishish;
- iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan kreditlar hajmini oshirish va banklarning investitsiya jarayonlaridagi ishtirokini yanada kengaytirish;
- kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga kreditlar ajratish mexanizmini yanada soddalashtirish va ularga ajratiladigan kreditlar hajmini oshirish, avvalambor, investitsiya maqsadlariga, boshlang‘ich sarmoyani shakllantirishga, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish hamda texnologik yangilash uchun uzoq muddatli kreditlar berishni rag‘batlantirish;
- bank qonunchiligini, jumladan, xususiy banklar va xususiy mulkka asoslangan moliya institutlarini tashkil etishning qonunchilik asoslarini takomillashtirish orqali moliya-bank sohasiga xususiy kapitalni jalb qilishni ko‘paytirish;
- tijorat banklarida hisob va hisobotni yuritishda zamonaviy texnologiyalar va uslublarni joriy etish, ularning sifati va shaffofligini ta’minlash bilan bog‘liq chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Bank tizimi likvidligini domiy ravishda monitoring qilib borish doirasida tijorat banklarining vakillik hisobvarag‘idagi va boshqa yuqori likvidli aktivlarining harakati tahlil qilib qilib boriladi va ularning eng maqbul darajada bo‘lishini ta’minlash uchun Markaziy bank tomonidan aniq maqsadli chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Likvidlilikni tartibga solish vositalarini rivojlantirishning quyidagi yo‘nalishlari taklif etilgan:
a) overnayt kreditlaridan foydalanish ko‘lamini oshirish.
b) lombard kreditlaridan foydalanish amaliyotini joriy etish.
v) ochiq bozor operatsiyalari, shuningdek, REPO operatsiyalari orqali banklarning likvidliligini tartibga solish amaliyotini rivojlantirish.
g) Markaziy bank va tijorat banklari o‘rtasida, shuningdek, bevosita tijorat banklari o‘rtasida valyuta svopi bo‘yicha operatsiyalarning yo‘lga qo‘yish lozim.
Bazel qo‘mitasining 2009 yil 8-9 dekabrdagi yig‘ilishida qator tavsiyaviy xarakteri ega bo‘lgan hujjatlar (“Bank sektori barqarorligini oshirish”, “Likvidlik xatarini o‘lchash, standartlar va monitoring bo‘yicha xalqaro yondashuvlar”) ma’qullandi.
Bank kapitali va likvidligini tartibga solish hususida quyidagi tavsiyalar belgilandi:
bank kapitali sifati va shaffofligini oshirish yuzasidan amaldagi standartlarni (“Bazel II”) qayta ko‘rib chiqish, xususan, birinchi darajali kapitalning muhim va etakchi shakllari sifatida oddiy aksiyalar va taqsimlangan foydaga ustuvorlik berish;
sekyuritizatsiyalangan pozitsiyalar bo‘yicha bank kapitaliga nisbatan qo‘shimcha talablarni belgilash;
kapital etarligini baholovchi qo‘shimcha ko‘rsatkich – leveraj (leverage ratio) koeffitsienti (o‘z mablag‘lari va qarz mablag‘lari nisbati) ni kiritish. Bunda koeffitsientning o‘rtacha choraklik darajasi hisoblanadi va dastlabki bosqichda uning me’yoriy darajasi 3 foiz etib belgilangan;
siklik salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida iqtisodiy o‘sish fazasida regulyativ kapitalga qo‘yilgan minimal talablardan oshadigan kapital zaxirasini shakllantirishga nisbatan qo‘shimcha talablarni joriy etish, shuningdek ehtimoliy yo‘qotishlarga nisbatan zaxiralarni shakllantirish;
xalqaro bozorlarda faoliyat yurituvchi banklar uchun likvidlikni boshqarish bo‘yicha qo‘shimcha talablarni, xususan, yaqin 30 kun mobaynida bankning o‘z faoliyatini davom ettirish qobiliyatini baholash imkonini beruvchi minimal likvidlik koeffitsientini (liquidity coverage ratio), shuningdek, bir yillik vaqt diapazonida bank likvidligini baholash imkonini beradigan uzoq muddatli likvidlik (longer-term structural liquidity ratio) koeffitsientini joriy etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |