Parazitlarning baliqlar organizmiga joylashishi. Parazitlar baliqlarning turli xil organlarida joylashishi kuzatiladi. Baliqlar tanasida parazitlar yashashi uchun sharoit mavjud bo’lmagan deyarli birorta xam organ yoki to’qima mavjud emas. Ko’pgina parazitlar turlari faqat baliqlarning tanasining yuzasida joylashadi. Misol uchun yassi chuvalchanglar vakili hisoblangan – monogenetik so’rg’ichli giodaktilusni (Gyrodactylus) ko’rsatib o’tish mumkin. Bundan tashqari, baliqlar teri qatlamida teri va jabra qatlamlari uchun umumiy bo’lgan ko’plab parazitlar joylashadi. Bu ko’rinishdagi parazit turlariga xivchinoyoqli kostia (Sostia), xlodonella infuzoriyasi (Chilodonella) va trixodina (Trichodina), halqasimon chuvalchanglar – zuluklar va bir qator qisqichbaqasimonlar vakillari, masalan baliq biti deb nomlanuvchi argulyus (Argulus) kabilarni misol qilib keltirish mumkin.
Baliqlar jabralarida yashovchi tipik parazitlar vakillari monogenetik so’rg’ichlilar hisoblanib, ular tanasining oxirgi qismi yordamida jabra to’qimasiga ilgakchalar shaklidagi sohalar, xitin apparat va muskulli so’rg’ichlar yordamida yopishib oladi. SHuningdek, baliqlar jabra yaproqlarida bir qator parazit qisqichbaqasimonlar vakillari, masalan eshkakoyoq ergazilyus (Ergasilus) ham joylashishi kuzatilib, bu parazit jabra yaproqlariga juft antennasimon o’tkir o’siqchalari vositasida bog’lanadi. Bunda antennasimon o’tkir o’siqchalar jabra to’qimalariga teshgib kiradi va parazit jabrada mustahkam holatda joylashadi. Bu ko’rinishdagi yopishish xususiyati parazitlarning suv oqimi ta’sirida yuvilib ketishining oldini oladi.
Baliqlarning teri qatlami va jabra yuzasida, biriktiruvchi to’qimalarda yopishib yashashga moslashgan parazitlar tarkibiga ixtioftirius infuzoriyasi (Ichthophthirius), bir qator Myxobolus vakillari va boshqalarni misol qilib ko’rsatish mumkin. Baliqlarning teri qatlamida nisbatan chuqur qatlamda so’rg’ichli Posthodiplostomum – Neascus cuticola lichinkalari joylashadi, bu lichinkalar ta’sirida baliq terisida qoramtir tusli bo’rtmalar xosil bo’ladi. Ayrim holatlarda parazitlar baliqlarning tangachalarida xam joylashadi. Osyotrsimonlarga mansub hisoblangan sterlyad baliq turining teri osti biriktiruvchi to’qimalarida va kletchatka qatlamida dumaloq chuvalchang tsistopsis (Cystopsis) parazitlik qiladi va ushbu parazit ta’sirida baliq teri qatlamida o’ziga xos ko’rinishga ega bo’rtiqchalar yuzaga keladi.
Baliqlarning muskul to’qimasi tarkibida ayrim so’rg’ichlilar va tasmasimon chuvalchanglar vakillari parazitlik qilishi aniqlangan. Baliqlarning suyak biriktiruvchi to’qimalari va paysimon bog’lamlari to’qimalarida dumaloq chuvalchang vakili (Philometra sanguinea) parazitlik qiladi. Osyotrsimon baliq turlarining tana bo’shlig’ida amfilin (Amphilina) dumaloq chuvalchangining jinsiy jihatdan voyaga yetgan individlari parazitlik qiladi va karpsimon baliqlarda ayrim holatlarda ushbu parazitning tana uzunligi o’lchamlari 2 metrgacha yetishi aniqlangan. Baliqlar tanasi bo’shlig’ining seroz qatlamida va shuningdek ichki organlarda dumaloq, ilgakboshli, tasmasimon va boshqa turdagi parazit chuvalchanglar joylashadi.
Baliqlarning suzgich pufagi devorlarida va shuningdek tana bo’shlig’ida tetrakotil so’rg’ichlisining (Tetracotyle) lichinka bosqichidagi davri parazitlik qiladi. Baliqlarning suzgich pufagi bo’shlig’ida tsistidikol avlodiga (Cystidicola) mansub bo’lgan dumaloq chuvalchanglar va shuningdek ayrim so’rg’ichli parazit chuvalchanglar joylashadi.
Baliqlar buyrak to’qimalarida nisbatan juda turli xildagi parazitlar yashashga moslashgan, jumladan nefromitses zambrug’lari (Nephromyces), bir qator sodda hayvonlar vakillari, shuningdek so’rg’ichlilar sinfiga mansub ayrim yassi chuvalchanglar, masalan fillodistomum avlodi (Phyllodistomium) vakillari parazitlik qilishi aniqlangan.
Baliqlarning siydik pufagida ushbu organ uchun spetsifik hisoblangan ayrim parazitlar, masalan Myxidium paraziti yashashga moslashgan bo’lib, bu parazit ko’p holatlarda cho’rtan baliqlarda kuzatiladi.
Jigar to’qimalarida ko’pincha holatlarda tasmasimon chuvalchanglar vakillari parazitlik qilishi qayd qilinadi. Bu organda nisbatan keng tarqalgan odatdagi parazitlardan biri trienoforus (Triaenophorus nodulosus) hisoblanadi. Baliqlarning o’t pufagida so’rg’ichsimonlar vakili – Fellodistromum felis parazitlik qiladi.
SHuningdek, baliqlarning ovqat xazm qilish tizimi ichki qismida juda ko’p sondagi turli xil parazitlar joylashishi qayd qilingan. Bu ko’rsatib o’tilgan misollardan ko’rish mumkinki, baliqlarning barcha to’qima va organlari uchun o’ziga xos spetsifik parazitlarning mavjudligi qayd qilinadi.
Parazitlar tabiiy tanlanish jarayoni davomida ma’lum bir sharoitlarda yashashgagina moslashish xususiyatini namoyon qiladi. Ayrim holatlarda ularning hayotchanligi ta’minlanishida tanasining morfologik tuzilishi hal qiluvchi ahamiyatga ega hisoblanib, bunda xo’jayin organizmida faqat bitta organ yoki to’qimaga yopishish xususiyatlari shakllanishi kuzatiladi. Bunga misol qilib qon tarkibidagi parazitlarni ko’rsatish mumkin, ular ko’pgina holatlarda yopishish (fiksatsiya) organlariga ega bo’lib, shu sababli ovqat xazm qilish kanali kabi organlarda yashashga moslashadi. Ko’pgina holatlarda parazitlarning ma’lum sohalarda joylashish xususiyati ularning yashash muhitida mavjud bo’lgan biokimyoviy sharoitlarga qat’iy tarzda bog’liq bo’lishi aniqlangan. Ayrim holatlarda esa parazitlar uchun ular joylashuvchi organning gaz rejimi hal qiluvchi o’rin tutishi mumkin. Kislorodli muhitda yashashga moslashgan parazitlar anaerob sharoit mavjud bo’lgan organlar sharoitida yashay olishmaydi. Ko’pincha holatlarda parazitlaning joylashishi faqat ma’lum bir organning tegishli sohalaridagina kuzatiladi. Ayrim parazitlar turlari hayotining ma’lum bir davrini bitta organda va qolgan davrini boshqa bir organda o’tkazishi mumkin.
Parazit turlari orasida faqat bitta xo’jayin tanasida hayot kechiruvchi turlar uchraydi. Bu ko’rinishdagi parazitlar stenodaptiv tipdagi parazitlar deb nomlanadi. SHu bilan bir qatorda ayrim parazitlar turlari nisbatan ken miqyosdagi xo’jayinlarga ega hisoblanadi. Ushbu ko’rinishdagi parazitlar turlari evriadaptiv parazitlar deb nomlanadi.
Ekologik xususiyatlari jihatidan parazitlar doimiy, davriy va vaqtinchalik parazitlarga tasniflanadi. Doimiy parazitlarga butun umri davomida xo’jayin organizmi tashqi qismida yoki ichki qismida yashashga moslashgan parazit turlari kiritiladi. Davriy parazitlarga esa hayotining ma’lum bir qismini bitta xo’jayin tanasida va qolgan qismini boshqa xo’jayin tanasida o’tkazuvchi parazit turlari kiritiladi. Bunda parazitlarning lichinkalik davri ko’pincha holatlarda xo’jayin tanasidan tashqarida kechadi. Vaqtinchalik parazitlar faqat ma’lum vaqt davomida xo’jain organizmida mavjud bo’lib, qolgan hayotini xo’jayin tanasidan tashqarida o’tkazadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |