Bajardi: Rustamova Ra`no. Tekshirdi: Inson xotirasi – muqaddas, inson qadri – ulug‘



Download 19.98 Kb.
Sana11.01.2017
Hajmi19.98 Kb.



Bajardi: Rustamova Ra`no.

Tekshirdi:____________________
Inson xotirasi – muqaddas, inson qadri – ulug‘

9 may – Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilingan ushbu umumxalq bayrami mamlakatimizda keng nishonlandi.


Mustaqillik yillarida bu kun tom ma’noda inson xotirasi va qadriga nisbatan adolatni tiklagan, asl haqiqatni o‘zida mujassam etgan muhim tarixiy sanaga aylandi.

Ushbu bayram bu gal Homiylar va shifokorlar yilida nishonlanayotgani uning ahamiyatini yanada oshiradi. Xotira va qadrlash – inson aql-zakovatining betakror ma’naviy ne’matlari, tiriklikning azaliy mezonlaridir. Homiylik, saxovat va himmat, mehr va muruvvat fazilatlari xotira va qadr tushunchalari bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi. Zero, qalbi saxovatga, mehr-muhabbatga, shafqat-shafoatga to‘la insonlargina o‘z tarixini, ajdodlarini doimo xotirlaydi va fidoyi yurtdoshlari, yorug‘ kelajak yo‘lida mehnat qilayotgan kishilarning qadriga yetadi.

Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 61 yilligi nishonlanayotgan shu kunlarda yurtimizda Xotira va qadrlash kuni alohida e’tibor bilan bayram qilinayotgani teran ma’noga ega. Binobarin, Ikkinchi jahon urushidagi tarixiy g‘alabani ta’minlashda yurtdoshlarimizning ham jasorat va xizmatlari beqiyos bo‘lgan. Jangu jadallarda jon olib-jon bergan minglab o‘zbek o‘g‘lonlari, front ortida tunni tongga ulab mehnat qilgan, rizqu nasibasini o‘zgalar bilan baham ko‘rgan mehri daryo vatandoshlarimiz matonati va fidoyiliklari hech qachon unutilmaydi.


Inson, xalq, millat tarixiy xotira bilan tirik, barhayot. Ayniqsa, o‘tganlarning xayrli ishlarini yodga olmoq, qadrlamoq biz uchun ham farz, ham qarzdir. Shu ma’noda, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish va e’zozlash, og‘ir jangu jadallarni boshdan kechirgan, yarador bo‘lib qaytgan keksalarimizni, front ortida mashaqqatli mehnati bilan g‘alabaga hissa qo‘shgan insonlar, ayniqsa, onalarimizning hurmat-ehtiromini joyiga qo‘yish va munosib taqdirlash milliy qadriyatlarimiz qatoridan keng o‘rin olgani quvonchli.
Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 4 maydagi Farmoniga muvofiq Xotira va qadrlash kuni, shuningdek, 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 61 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarining pul bilan mukofotlanishi ularga ko‘rsatilayotgan ehtiromning yana bir yorqin namoyishidir.
Eng muhimi, yoshlarimiz ongu shuurida o‘tganlarni xotirlash, tiriklarni qadrlashdek insoniy fazilatlar tobora mustahkam muhrlanmoqda. Kechagi kun saboqlarini, xalqimiz kelajagi yo‘lida jonini fido qilgan insonlarni xotirlash bugungi va ertangi kunimizni qadrlashga o‘rgatadi. Xotira bo‘lmas ekan, Qadrlash ham yo‘q. Ushbu tushunchalar mustaqillik davri avlodi uchun o‘ziga xos ma’naviy qadriyatga aylandi. Illo, Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, buyuk g‘alabani buyuk jasoratli insonlar ta’minlagan va biz, minnatdor avlodlar bu fidoyi yurtdoshlarimizni doimo ulug‘laymiz, ularning beqiyos matonati va xotirasi oldida hurmat bilan bosh egamiz.
9 may. Poytaxtimizdagi Xotira maydoni har kungidan ham gavjum. Bu yerga urush va mehnat faxriylari, hukumat a’zolari, deputatlar va senatorlar, harbiylar, jamoatchilik vakillari tashrif buyurgan.
Maydon uzra sokin musiqa sadosi taraladi. Janggohlarda jon bergan vatandoshlarimizning nomlari abadiy muhrlangan “Xotira kitobi”ning zarhal varaqlari Vatanning fidoyi o‘g‘lonlari qismatidan shahodat beradi. Motamsaro ona qiyofasida iztirob va umid namoyon...
Soat 8.40. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keldi.
Davlatimiz rahbari harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo etdi.


- Bugun, 9 may – yurtimizda Xotira va qadrlash kuni deb nom olgan umumxalq bayrami bilan barcha yurtdoshlarimizni qutlayman, - dedi Islom Karimov jurnalistlar bilan suhbatda. - Mana shunday ulug‘ kunda xalqimiz shu yorug‘ va farovon kunlarga shukronalar aytish barobarida, hayotimizning tinchligi va osoyishtaligi, osmonimizning musaffoligi uchun jangu jadallarda jon olib-jon bergan ajdodlarimiz xotirasi oldida haqli ravishda bosh egadi. Shu bilan birga, bugun hayot, oramizda yashayotgan urush qatnashchilarini har qancha qadrlasak arziydi.

Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan g‘alabani ta’minlashda ko‘plab xalqlar qatori O‘zbekiston xalqi ham juda katta hissa qo‘shgan. O‘sha paytda yurtimizda qariyb 3,5 million aholi istiqomat qilgan bo‘lsa, ulardan taxminan 1,5 million nafari urushga safarbar etilgan. O‘z Vatanining erkinligi va ozodligi uchun, bugun biz kechirayotgan osuda hayot uchun 400 ming nafardan ziyod vatandoshimiz urush maydonlarida qurbon bo‘lgan, yana qanchadan-qancha kishilarimiz bedarak ketgan.


Buncha odamning qurbon bo‘lganini o‘ylash, ko‘z o‘ngidan o‘tkazishning o‘zi iztirobli. Zotan, janggohlarda halok bo‘lgan birgina odam ham – Inson. Uning hayoti bemahal yakun topdi, orzu-umidlari ro‘yobiga chiqmay xazon bo‘ldi. Bu yo‘qotishning ortida yana qanchadan-qancha qayg‘u, g‘am-alam, hasratlar yotibdi. Beva-bechorayu yetim-yesirlar, farzandi yo‘liga ko‘z tikkan onaizorning umidu nadomatlari mujassam shu birgina achchiq yo‘qotishning zamirida...
Shu ma’noda, bu urush bashariyat boshiga solgan cheksiz musibatlar hech qachon unutilmaydi. Urush maydonlari va front ortida millionlab odamlar ko‘rsatgan jasorat va matonat tariximizda, xalqimiz xotirasida saqlanib qoladi.
Yurtboshimiz bugungi kunda dunyoda urush tahdidi nainki mavjudligi, balki bu tahdid kundan-kunga kuchayib borayotganiga ham e’tiborni qaratdi.
- Bashariyat o‘z tarixida urush hech qachon hech kimga yengillik, yorug‘lik olib kelmaganiga qayta-qayta guvoh bo‘lganiga qaramay, Yer yuzida urushni xohlovchilar kamaymayotgani achinarlidir, - dedi Islom Karimov. - Afg‘onistonda 27 yil oldin boshlangan urushning oqibatlari hali ham barham topgani yo‘q, bu yurtda haligacha tinchlik va xotirjamlik kuzatilmayapti. Iroqdagi urush, Eron atrofida urush nafasini ufurayotgan voqelik ham tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi. Urushga yo‘naltirilgan bunday harakatlar nega davom etmoqda? Afsuski, bu savolga javob topish mushkul. Zero, dunyo tarixi guvohki, urushdan hech qachon na uni boshlaganlarning murodi hosil bo‘lgan va na urush domida qolganlarga yengillik kelgan.
Shunday ekan, urushlarning oldini olish uchun nima qilish kerak, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Buning uchun, avvalo, jahonda, mintaqamizda tinchlik va barqarorlikka asoslangan bugungi va ertangi hayotni ta’min etish kerak. Bu yo‘lda har qanday muammo tinchlik yo‘li bilan, diplomatiya orqali hal etilishi lozim.
Mamlakatimizning bu yo‘ldagi sa’y-harakatlari alohida ahamiyatga ega. Rossiya bilan Ittifoqchilik shartnomasini imzolaganimiz, shuningdek, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Pokiston kabi yirik davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada chuqurlashtirish borasidagi kelishuvlarimiz O‘zbekistonning tinchlik va taraqqiyot yo‘lida qo‘yilgan zalvorli qadamlari ekanini xalqimiz, avvalo, yoshlarimiz teran anglashlari lozim.
Eng muhimi, har birimiz har doim ogoh, sezgir va hushyor bo‘lishimiz darkor. Shu bilan birga, hayotda voqealarni befarq va loqayd kuzatuvchi sifatida emas, ularga bevosita daxldor, tinchlik va osoyishtalik, farovon hayot va taraqqiyot kurashchilari bo‘lib yashashga o‘rganishimiz zarur, dedi Prezidentimiz.
Bu borada O‘zbekiston yoshlarida muayyan tushuncha va tasavvur shakllanganini e’tirof etar ekan, Yurtboshimiz o‘zining ayrim takliflarini bayon qildi:

- Avvalo, yoshlarimiz tarixni chuqur o‘rganishlari lozim, - dedi Prezidentimiz. - Negaki, o‘z tarixini bilmagan jamiyat istiqbolga eltuvchi yo‘lni topa olmaydi. Tarixga bepisand xalqning kelajagi yo‘q. Ko‘p asrlik tarixi mobaynida O‘zbekiston qancha bosqinlarni ko‘rmadi, Markaziy Osiyo mintaqasi qanday bo‘ronlar ichida qolmadi, kimlar bizni tobe va qaram qilishga intilmadi. Ana shu tarixdan saboq chiqarmasak, ertaga kechagi kun ko‘rguliklari qaytadan boshimizga tushib qolishi hech gap emas. Boshqacha aytganda, kechagi kunidan to‘g‘ri xulosa chiqarib ish tutgan jamiyat kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yadi.

Ayni chog‘da, yoshlar nafaqat tarixni puxta o‘rganishi, balki shu buyuk o‘tmishimiz bilan g‘ururlanib yashashi kerak. Chunki, bu bizning tariximiz. Amir Temur kabi shavkatli ajdodlarimizning, ulug‘ alloma va mutafakkir bobolarimizning shonli hayoti lavhalaridir.

Shuni ham unutmaylikki, bugungi kishilarga, xususan, buyuk kelajagimiz bunyodkorlariga faqat tariximiz bilan faxru g‘urur etib yashash kifoya qilmaydi. G‘ururli, mard yoshlarimiz buyuk tarixni yaratgan ajdodlarning vorislari sifatida “Men kelgusi avlodga o‘zimdan nimalar qoldirayapman?”, degan tushuncha va intilishni ongu shuuriga joylab yashashi shart. Erishilgan yutuqlarimizni yanada rivojlantirish bilan birga, boshqalardan o‘zishga intilmoq kerak. Ana shunda buyuk kelajagimizni ta’min etgan bo‘lamiz. Aslida, biz hech qachon hech kimdan kam bo‘lmaganmiz, kam emasmiz va kam bo‘lmaymiz ham, degan da’vatning mazmun-mohiyatida ayni shunday intilish mujassamdir.

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining eng yoshi bugun saksondan oshgan. O‘tgan yili xuddi shu sanani 33 ming 572 nafar urush qatnashchisi joylarda biz bilan birga bayram qilgandi. Bu galgi bayramgacha ulardan 22 ming 251 kishi qoldi. Faxriylarimizni tirikligida qadrlaylik, e’zozlaylik. Urush qatnashchilarining umrini bir yil, bir oyga bo‘lsa ham uzaytirish, ko‘nglini olish, dardiga malham bo‘lish yo‘lida qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilish bugungi avlod uchun ham farz, ham qarz bo‘lmog‘i lozim.

Ushbu sanani Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlay boshlaganimizga yetti yil bo‘ldi, dedi Prezidentimiz pirovardida. O‘tgan davrda bu ayyomni keng bayram qilish yurtimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar vakillari uchun odat tusiga kirdi. Shu ma’noda, o‘tganlarning xotirasi oldida ta’zim bajo keltirish, insonni tiriklik chog‘ida qadrlashdek ana shu hayotiy qarashlar el-yurtimizning qon-qoniga singib borayotgani va bugungi kunda har bir yurtdoshimiz umrining uzviy qismiga, barchamiz uchun muqaddas qadriyatga aylangani katta voqeadir.



Shu kuni Motamsaro ona haykali poyi anvoyi gullarga burkandi. Yurt ozodligi va ravnaqi uchun jon fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo etish uchun kelgan ziyoratchilarning qadami kechga qadar uzilmadi.

Xotira va qadrlash kuni butun mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlandi.

Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa