Tariximiz xotiralari qalbimizda!
Reja:
1. Inson xotirasi – muqaddas.
2. Mustaqil O’zbekistonning tarixiy xotirani ezozlashi.
3. Yoshlarga tariximizni yetkazish.
Inson xotirasi – muqaddas, inson qadri – ulug‘.
Xotira – inson aql-zakovatining betakror ma’naviy ne’matlari, tiriklikning azaliy mezonlaridir. Homiylik, saxovat va himmat, mehr va muruvvat fazilatlari xotira va qadr tushunchalari bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi. Zero, qalbi saxovatga, mehr-muhabbatga, shafqat-shafoatga to‘la insonlargina o‘z tarixini, ajdodlarini doimo xotirlaydi va fidoyi yurtdoshlari, yorug‘ kelajak yo‘lida mehnat qilayotgan kishilarning qadriga yetadi.
Inson, xalq, millat tarixiy xotira bilan tirik, barhayot. Ayniqsa, o‘tganlarning xayrli ishlarini yodga olmoq, qadrlamoq biz uchun ham farz, ham qarzdir. Shu ma’noda, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish va e’zozlash, og‘ir jangu jadallarni boshdan kechirgan, yarador bo‘lib qaytgan keksalarimizni, front ortida mashaqqatli mehnati bilan g‘alabaga hissa qo‘shgan insonlar, ayniqsa, onalarimizning hurmat-ehtiromini joyiga qo‘yish va munosib taqdirlash milliy qadriyatlarimiz qatoridan keng o‘rin olgani quvonchli.
Eng muhimi, yoshlarimiz ongu shuurida o‘tganlarni xotirlash, tiriklarni qadrlashdek insoniy fazilatlar tobora mustahkam muhrlanmoqda. Kechagi kun saboqlarini, xalqimiz kelajagi yo‘lida jonini fido qilgan insonlarni xotirlash bugungi va ertangi kunimizni qadrlashga o‘rgatadi. Xotira bo‘lmas ekan, Qadrlash ham yo‘q. Ushbu tushunchalar mustaqillik davri avlodi uchun o‘ziga xos ma’naviy qadriyatga aylandi. Illo, Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, buyuk g‘alabani buyuk jasoratli insonlar ta’minlagan va biz, minnatdor avlodlar bu fidoyi yurtdoshlarimizni doimo ulug‘laymiz, ularning beqiyos matonati va xotirasi oldida hurmat bilan bosh egamiz.
- Bashariyat o‘z tarixida urush hech qachon hech kimga yengillik, yorug‘lik olib kelmaganiga qayta-qayta guvoh bo‘lganiga qaramay, Yer yuzida urushni xohlovchilar kamaymayotgani achinarlidir, - dedi Islom Karimov. - Afg‘onistonda 27 yil oldin boshlangan urushning oqibatlari hali ham barham topgani yo‘q, bu yurtda haligacha tinchlik va xotirjamlik kuzatilmayapti. Iroqdagi urush, Eron atrofida urush nafasini ufurayotgan voqelik ham tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi. Urushga yo‘naltirilgan bunday harakatlar nega davom etmoqda? Afsuski, bu savolga javob topish mushkul. Zero, dunyo tarixi guvohki, urushdan hech qachon na uni boshlaganlarning murodi hosil bo‘lgan va na urush domida qolganlarga yengillik kelgan.
Shunday ekan, urushlarning oldini olish uchun nima qilish kerak, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Buning uchun, avvalo, jahonda, mintaqamizda tinchlik va barqarorlikka asoslangan bugungi va ertangi hayotni ta’min etish kerak. Bu yo‘lda har qanday muammo tinchlik yo‘li bilan, diplomatiya orqali hal etilishi lozim.
Mamlakatimizning bu yo‘ldagi sa’y-harakatlari alohida ahamiyatga ega. Rossiya bilan Ittifoqchilik shartnomasini imzolaganimiz, shuningdek, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Pokiston kabi yirik davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada chuqurlashtirish borasidagi kelishuvlarimiz O‘zbekistonning tinchlik va taraqqiyot yo‘lida qo‘yilgan zalvorli qadamlari ekanini xalqimiz, avvalo, yoshlarimiz teran anglashlari lozim.
Eng muhimi, har birimiz har doim ogoh, sezgir va hushyor bo‘lishimiz darkor. Shu bilan birga, hayotda voqealarni befarq va loqayd kuzatuvchi sifatida emas, ularga bevosita daxldor, tinchlik va osoyishtalik, farovon hayot va taraqqiyot kurashchilari bo‘lib yashashga o‘rganishimiz zarur, dedi Prezidentimiz.
Bu borada O‘zbekiston yoshlarida muayyan tushuncha va tasavvur shakllanganini e’tirof etar ekan, Yurtboshimiz o‘zining ayrim takliflarini bayon qildi:
- Avvalo, yoshlarimiz tarixni chuqur o‘rganishlari lozim, - dedi Prezidentimiz. - Negaki, o‘z tarixini bilmagan jamiyat istiqbolga eltuvchi yo‘lni topa olmaydi. Tarixga bepisand xalqning kelajagi yo‘q. Ko‘p asrlik tarixi mobaynida O‘zbekiston qancha bosqinlarni ko‘rmadi, Markaziy Osiyo mintaqasi qanday bo‘ronlar ichida qolmadi, kimlar bizni tobe va qaram qilishga intilmadi. Ana shu tarixdan saboq chiqarmasak, ertaga kechagi kun ko‘rguliklari qaytadan boshimizga tushib qolishi hech gap emas. Boshqacha aytganda, kechagi kunidan to‘g‘ri xulosa chiqarib ish tutgan jamiyat kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yadi.
Ayni chog‘da, yoshlar nafaqat tarixni puxta o‘rganishi, balki shu buyuk o‘tmishimiz bilan g‘ururlanib yashashi kerak. Chunki, bu bizning tariximiz. Amir Temur kabi shavkatli ajdodlarimizning, ulug‘ alloma va mutafakkir bobolarimizning shonli hayoti lavhalaridir.
Shuni ham unutmaylikki, bugungi kishilarga, xususan, buyuk kelajagimiz bunyodkorlariga faqat tariximiz bilan faxru g‘urur etib yashash kifoya qilmaydi. G‘ururli, mard yoshlarimiz buyuk tarixni yaratgan ajdodlarning vorislari sifatida “Men kelgusi avlodga o‘zimdan nimalar qoldirayapman?”, degan tushuncha va intilishni ongu shuuriga joylab yashashi shart. Erishilgan yutuqlarimizni yanada rivojlantirish bilan birga, boshqalardan o‘zishga intilmoq kerak. Ana shunda buyuk kelajagimizni ta’min etgan bo‘lamiz. Aslida, biz hech qachon hech kimdan kam bo‘lmaganmiz, kam emasmiz va kam bo‘lmaymiz ham, degan da’vatning mazmun-mohiyatida ayni shunday intilish mujassamdir.
Shu ma’noda, o‘tganlarning xotirasi oldida ta’zim bajo keltirish, insonni tiriklik chog‘ida qadrlashdek ana shu hayotiy qarashlar el-yurtimizning qon-qoniga singib borayotgani va bugungi kunda har bir yurtdoshimiz umrining uzviy qismiga, barchamiz uchun muqaddas qadriyatga aylangani katta voqeadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |