2. Investitsiya loyihalarini sindikatli kreditlash xususiyatlari
O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida», «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Bank tizimini yanada isloh qilish va erkinlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tijorat banklari tomonidan yirik investitsiya loyihalarini sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish tartibini belgilab beradi.
Sindikatli kreditlashda quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi: sinditsiyalashtirilgan kredit - bir necha banklar tomonidan yirik investitsiya loyihalarini birgalikda kreditlash. yirik investitsiya loyihasi - umumiy qiymati tijorat banklarining birinchi darajali kapitalining 25 foizidan oshadigan investitsiya loyihasi. bank sindikati - sinditsiyalashtirilgan kredit berish borasida ikki yoki undan ortiq banklar o‘rtasida o‘zaro kelishuv. etakchi bank - sinditsiyalashtirilgan kreditlash tashabbusi bilan chiqqan va zimmasiga ishtirokchi-banklar nomidan kredit hujjatlarini yuritish mas’uliyati yuklatilgan qarz oluvchining asosiy talab qilib olinguncha depozit hisob varag‘iga xizmat ko‘rsatuvchi bank. ishtirokchi bank – sinditsiyalashtirilgan kredit berishda qatnashuvchi bank. Sinditsiyalashtirilgan kreditlar faqat yuridik shaxslarga beriladi. Tijorat banklari tomonidan sinditsiyalashtirilgan kreditlash qaytarishlik, to‘lovlilik, ta’minlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida amalga oshiriladi. Sinditsiyalashtirilgan kreditni berish qarz oluvchi va ishtirokchi banklar o‘rtasida to‘ziladigan kredit shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Sinditsiyalashtirilgan kredit berish muddati yirik investitsiya loyihalarini qoplanish muddatiga bog‘liq holda kredit shartnomasida belgilanadi. Sinditsiyalashtirilgan kreditdan foydalanganlik uchun foiz stavkasi miqdori sinditsiyalashtirilgan kredit to‘g‘risidagi kelishuv shartlariga ko‘ra qarz oluvchi va ishtirokchi banklar o‘rtasida to‘ziladigan kredit shartnomasi asosida belgilanadi. Zarar ko‘rib ishlovchi, nolikvid balansga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga hamda samarasiz investitsiya loyihalarini taqdim qilgan xo‘jalik sub’ektlariga sinditsiyalashtirilgan kreditlar berilmaydi. Sinditsiyalashtirilgan kredit olgandan keyin moliyaviy ahvoli yomonlashgan qarzdordan berilgan kreditlar o‘rnatilgan tartibda muddatidan avval undirib olish chora- tadbirlari ko‘rilishi lozim. Bu qoida kredit shartnomasida albatta qayd etilgan bo‘lishi kerak. Qarz oluvchi o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi bankka yirik kredit berishni so‘rab murojaat qilganidan keyin, bank kreditlash uchun lozim bo‘lgan standart tadbirlarni: o‘zining ichki kredit siyosatiga mos ravishda mijozning kreditga qobiliyatliligi tahlilini, biznes-rejasi tahlilini, kredit qaytarilishini ta’minlanganligi tahlilini va boshqalarni amalga oshiradi.
Sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirishning mumkinligi to‘g‘risida kredit qo‘mitasi qaror qabul qilgan taqdirda, bank bir vaqtning o‘zida ushbu bitimga boshqa banklarni jalb etish hamda sinditsiyalashtirilgan kreditlash tashkilotchisi sifatida bank sindikatini tashkil etish haqida qaror qabul qiladi. Ishtirokchi banklarni ushbu bitimga jalb etish va bank sindikatini tashkil etish to‘g‘risida etakchi bank kredit qo‘mitasi qaror qabul qilinganidan keyin, etakchi bank sinditsiyalashtirilgan kreditlashda ishtirok etish xohishini bildirgan banklarni aniqlaydi va ularga sindikatda qatnashish taklifi bilan birga tayyorlangan qarz oluvchi to‘g‘risidagi axborotni taqdim etadi. SHundan keyin etakchi bank ishtirokchi banklar bilan investitsiya loyihasi bo‘yicha barcha kredit hujjatlarini taqdim etadi.
Taqdim etilayotgan ma’lumotlar bank siri hisoblanadi. Sinditsiyalashtirilgan kreditni berishga xorijiy banklar va boshqa xorijiy moliyaviy institutlar jalb etilishi mumkin. Bu holda sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish xorijiy banklar va moliyaviy institutlar bilan tuzilgan bitimlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ishtirokchi banklar bilan muzoqaralar boshlangunga qadar etakchi bank tomonidan bankning ichki kredit siyosati bilan belgilangan tartibda kredit paketini tahlili asosida barcha kredit hujjatlari hamda ishtirokchi banklar o‘rtasida to‘ziladigan investitsiya loyihasini birgalikda kreditlash borasidagi o‘zaro kelishuv loyihasi tayyorlab qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Etakchi bank ishtirokchi banklarga taklif yo‘llashdan oldin qarz oluvchi haqidagi ma’lumotlarni Banklararo kredit byurosi ma’lumotlari bilan solishtirishi lozim. Kredit shartnomasining yakuniy variantini ishlab chiqish va imzolash faqatgina etakchi bank va ishtirokchi banklar o‘rtasida mazkur investitsiya loyihasini sinditsiyalashtirilgan kreditlash to‘g‘risida o‘zaro bitim tuzilgandan keyin amalga oshiriladi.
Ishtirokchi banklar o‘rtasida mazkur investitsion loyihani birgalikda kreditlash borasida bitim imzolangandan keyin bank sindikati tuzilgan hisoblanadi va ushbu bitimni imzolagan barcha ishtirokchi banklar o‘zlariga sinditsiyalashtirilgan kreditlash borasida majburiyat olgan hisoblanadilar. Bank sindikati tuzilgandan keyin ushbu bitimdan chiqish, ya’ni sinditsiyalashgan kredit berish borasidagi kredit shartnomasini imzolashda bosh tortilgan taqdirda ishtirokchi bank qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa ishtirokchi banklar oldida boy berilgan foydani qoplab berish borasida javobgar bo‘ladi.
Yirik investitsiya loyihasi uchun sinditsiyalashtirilgan kredit olish uchun, qarz oluvchi etakchi bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi: kredit buyurtmasi; loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishi; qarz oluvchining bank hisobvarag‘iga pul tushumlari (pul oqimi) taxmini albatta ko‘rsatilgan biznes-reja; qarz oluvchining kreditga layoqatliligini aniqlash uchun Davlat soliq xizmatining mahalliy (tuman) organi tomonidan tasdiqlangan 1, 2, 2a-,3, 4, 5 shakllardagi oxirgi 3 yillik moliyaviy hisoboti; sindikatli kreditlashning ta’minot shakllaridan birini; etakchi bankning kreditlashni tashkil etishga doir ichki qoidalarida ko‘zda tutilgan boshqa hujjatlar. Olingan kreditni qaytaraolmaslik xatarining oldini olish maqsadida qarz oluvchi tez va erkin sotilish talablariga javob beradigan ta’minotga ega bo‘lishi kerak. Qarz oluvchi bankka quyidagi ta’minot turlarini taqdim etish huquqiga ega: mulk yoki qimmatli qog‘ozlar garovi; bank yoki sug‘o‘rta tashkiloti kafolati; uchinchi shaxsning kafilligi; sug‘o‘rta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytaraolmaslik xatarini sug‘o‘rta qilingani to‘g‘risidagi sug‘o‘rta polisi; Yirik investitsion loyihani moliyalashtirish maqsadida xorijiy bank yoki boshqa moliyaviy institutlar ishtirokida sinditsiyalashtirilayotgan kredit amalga oshirilayotgan bo‘lsa, kreditni qaytarish majburiyatini ta’minoti sifatida hukumat kafolati taqdim etilishi mumkin. Ta’minot turlaridan biri kreditni qaytarish ta’minoti sifatida ishtirokchi banklar talab qilayotgan summani qoplash uchun etishmasa, qarz oluvchi etakchi bank roziligi bilan uning etishmayotgan qismini qoplash uchun qo‘shimcha ravishda yuqorida sanab o‘tilgan ta’minot turlarining biri yoki bir nechtasini bir-birini to‘ldirishi asosida taqdim etishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasining «Garov to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq, muomaladan chiqarilgan buyumlardan tashqari, har qanday mulk, shu jumladan, buyumlar va mulkiy huquqlar (talablar), qimmatli qog‘ozlar (ishtirokchi banklar emitent bo‘lgan qimmatli qog‘ozlardan tashqari) va boshqalar garov predmeti bo‘lishi mumkin. Bunda garov shartnomasi bir tomondan qarz oluvchi va ikkinchi tomondan ishtirokchi banklar tomonidan imzolanadigan shaklda to‘ziladi.
Kafolat Fuqarolik kodeksining 299-moddasiga muvofiq kafolat beruvchining etakchi va ishtirokchi banklar oldidagi yozma majburiyati shaklida rasmiylashtiriladi. YOzma majburiyat etakchi bankda saqlanadi. Kafillik Fuqarolik kodeksining 292-moddasiga muvofiq, etakchi va ishtirokchi banklar-benifitsiarlar foydasiga kafil, etakchi, ishtirokchi banklar va qarz oluvchi tomonidan imzolanadigan yozma shakldagi kafillik shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Etakchi bank ishtirokchi banklar bilan kelishgan holda ularga eng qulay bo‘lgan ta’minot shaklini tanlash huquqiga ega.
Bunda etakchi bank ishtirokchi banklar bilan birgalikda tavsiya etilayotgan ta’minot turini tahlil qilishi shart. Jumladan, garov taqdim etilgan taqdirda, etakchi bank garov sifatida taklif etilayotgan mulkni qarz oluvchi hamda ishtirokchi banklar vakillari ishtirokida birgalikda baholashi yoki qonunchilikda belgilangan tartibda litsenziyaga ega bo‘lgan mustaqil baholovchini jalb etgan holda baholashni amalga oshirishi mumkin. Kafolat, sug‘o‘rta yoki uchinchi shaxsning kafilligi taqdim etilgan taqdirda, etakchi bank kafolat beruvchining, sug‘o‘rta kompaniyasining yoki qarz oluvchiga kafil bo‘layotgan shaxsning moliyaviy ahvolini batafsil tahlil qilishi va o‘z xulosasini ishtirokchi banklarga ma’lum etishi lozim.. Bank sindikati kredit jildidagi barcha hujjatlarni ko‘rib chiqib kredit berish to‘g‘risida qaror qabul qilganidan, etakchi va har bir ishtirokchi bankning sinditsiyalashtirilgan kreditdagi ulushi aniqlangandan keyin, etakchi va ishtirokchi banklar va qarz oluvchi o‘rtasida kredit shartnomasi imzolanadi. Kredit shartnomasida kreditning umumiy summasi, maqsadi, foiz stavkasi, muddati, har bir ishtirokchi bank tomonidan ajratiladigan kredit miqdori, kredit maqsadsiz ishlatilganligi aniqlanganda ishtirokchi banklar tomonidan ko‘riladigan jazo choralari va jarjarimalar, kredit shartnomada belgilangan muddatlarda ajratilmgan hollarda ishtirokchi banklarga nisbatan qo‘llaniladigan jarima miqdori va boshqalar belgilangan bo‘lishi shart.
Kredit yig‘ma jildi etakchi bankda yuritiladi va unda saqlanadi. Kredit yig‘ma jildining nusxasi har bir ishtirokchi bankda saqlanadi. Ishtirokchi banklar tomonidan qarz oluvchi bilan sinditsiyalashtirilgan kredit berish to‘g‘risida kredit shartnomasi tuzilgandan so‘ng, ishtirokchi bankning ichki tartibida belgilangan tarzda tegishli mas’ul xodimi tomonidan buxgalteriyaga kreditning miqdori, muddati va foiz stavkasini ko‘rsatgan holda, ssuda hisobraqamini ochish to‘g‘risida farmoyish beradi Sinditsiyalashtirilgan kredit hisobidan investitsion loyihalarni moliyalashtirish har bir ishtirokchi bank tomonidan Markaziy bankning Adliya vazirligida 2000 yilning 2 martida 906- raqam bilan davlat ro‘yxatiga olingan «O‘zbekiston Respublikasi banklarida kredit hujjatlarini yuritish tartibi to‘g‘risidagi Nizom (yangi tahriri)» asosida barcha zarur loyiha-smeta va boshqa hujjatlar nusxalari etakchi bankka taqdim etilgandan keyin boshlanadi. Ishtirokchi banklar va qarz oluvchi o‘rtasida kredit shartnomasi tuzilgandan so‘ng, har bir ishtirokchi-bank sinditsiyalashtirilgan kreditlash to‘g‘risidagi kelishuvda qayd etilgan shartlar asosida qarz oluvchiga o‘z bankida belgilangan tartibda alohida ssuda hisobvarag‘i ochadi.
Ishtirokchi banklar tomonidan kreditlashni amalga oshirish kredit shartnomasida belgilangan maqsadlar va muddatlarda har bir ishtirokchi bank uchun belgilangan kalendar muddatida qarz oluvchining to‘lov topshiriqnomalari asosida tovar-moddiy boyliklar, bajarilgan ishlar va xizmatlar uchun ssuda hisobvarag‘idan naqd pulsiz shaklda to‘lash yo‘li bilan amalga oshiriladi. Sinditsiyalashtirilgan kreditning summasi har bir ishtirokchi bank balansida, uning tomonidan berilgan kredit miqdoriga teng ulushda aks ettiriladi. Qaytarish muddatlari pul oqimining kelib tushish istiqboliga qarab, bir necha bosqichda qoplanishini ko‘zda tutuvchi jadval shaklida taqdim etilishi mumkin. Qaytarish muddati etib kelganda va qarz oluvchining pul mablag‘lari mavjud bo‘lmagan taqdirda, kredit muddati o‘tgan ssudalar hisobvarag‘i orqali undirib olishga taqdim etiladi, u bo‘yicha muddatli majburiyatnomalar esa 2-kartotekaga joylashtiriladi va qonunchilikda belgilangan tartibda undiriladi.
Etakchi bank tomonidan qarz oluvchining kreditni qaytarish qobiliyatini, berilgan kreditdan maqsadli foydalanishi va garov holati yoki kafilning moliyaviy holati bo‘yicha kreditdan foydalanishning butun muddati davomida monitoringni amalga oshiriladi. Ushbu monitoring ishtirokchi banklar talabi asosida, ular ishtirokida yoki kredit shartnomasida belgilangan tartibda har bir ishtirokchi bank tomonidan mustaqil amalga oshirilishi mumkin. Monitoring jarayonida etakchi bank va har bir ishtirokchi bank tomonidan qarzdorning xo‘jalik-moliyaviy faoliyati, uning tomonidan tuzilgan shartnomalarga (buyurtmalarga) muvofiq mahsulot etkazib berish majburiyatlarini bajarilishi, ishlab chiqarish hajmlari, noishlab chiqarish xarajatlari va yo‘qotishlar, muomala chiqimlari, foyda, o‘z aylanma mablag‘larining mavjudligi dinamikasi, tovar-moddiy boyliklar zahiralari ahvoli, aylanma mablag‘larning aylanishi, barcha bank hisobvaraqlaridagi harakatlarni tahlil qiladi va ushbu ko‘rsatkichlarni qarzdorning kredit yig‘majildida umumlashtirib boradi. Bankka taqdim etilgan garovning holati va kreditdan samarali hamda maqsadli foydalanishi kredit shartnomasida kelishilgan shartlarga muvofiq joyiga chiqib o‘rganiladi. Qurilishni moliyalashtirish uchun berilgan kreditlar bo‘yicha etakchi va ishtirokchi banklar monitoring jarayonida kreditlangan ob’ektda bajarilgan ishlar hajmini nazorat o‘lchovini kredit shartnomasida qayd etilgan muddatlar va shartlar asosida amalga oshiradi.
Monitoring natijalari etakchi bank tomonidan ishtirokchibanklarga hamda ishtirokchi banklar tomonidan boshqa sindikat a’zolariga sinditsiyalashtirilgan kredit haqidagi kelishuvda belgilangan muddatlarda yuboriladi. Monitoring sifati va muammoli kreditlarni o‘z vaqtida aniqlanishi bo‘yicha javobgarlik har bir ishtirokchi bank zimmasida bo‘ladi.
Monitoringni amalga oshirish bank sindikati kelushivida yoki kredit shartnomasida etakchi bank zimmasiga yuklatilishi mumkin. Bunda monitoring sifati va muammoli kreditlarni o‘z vaqtida aniqlash borasidagi javobgarlik etakchi bank zimmasida bo‘ladi. Berilgan kreditlardan boshqa maqsadlarda foydalanganlik holati aniqlanganda, ishtirokchi banklar yoki etakchi bank kredit shartnomasida belgilangan tartibda, kreditning maqsadga nomuvofiq ishlatilgan qismini qarz oluvchining talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘idan muddatidan oldin undirib olish huquqiga ega.
Sinditsiyalashtirilgan kredit bo‘yicha o‘z vaqtida to‘lanmagan hisoblangan foizlarni undirish va kreditni qaytarish etakchi va ishtirokchi banklar tomonidan ularning mazkur kredit umumiy summasidagi ulushiga mos holda qarzdorning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisob varag‘ida mavjud mablag‘lar hisobidan, kredit shartnomasida belgilangan tartibda va muddatlarda undiriladi. Hisoblangan foizlar va kredit qoldig‘i bo‘yicha barcha majburiyatlarini bajarish uchun qarz oluvchining mablag‘lari etarli bo‘lmagan taqdirda kredit uchun hisoblangan foizlar va kredit qarzi qoldig‘ini to‘lash bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlikni qaytarish Fuqarolik kodeksining 784-moddasiga muvofiq belgilangan navbat tartibida amalga oshiriladi.
Etakchi bank tomonidan muammoli kreditni paydo bo‘lishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar boshqa ishtirokchibanklar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Etakchi bank, uning tomonidan kreditlash jarayonini noto‘g‘ri tashkil etilishi va uning natijasida zarar ko‘rilishiga olib keladigan quyidagi harakatlar bo‘yicha javobgar bo‘ladi: kredit hujjatlarini noto‘g‘ri rasmiylashtirish, yuzaki monitoring o‘tkazish, ishtirokchi-banklarga kredit qaytarilishi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar borligi haqida ma’lum qilmaslik, qarz oluvchining depozit hisobraqamida mablag‘lari bo‘lgan taqdirda, kreditlarni qaytarish uchun mablag‘larni o‘z vaqtida o‘tkazmaganlik yoki umuman o‘tkazmaganlik va hk.
Qarzdorning to‘lovga layoqatsizligi tufayli kreditni va uning foizlarini o‘z vaqtida to‘lay olmaganligi uchun mas’uliyat sinditsiyalashtirilgan kredit to‘g‘risidagi kelishuv asosida barcha ishtirokchi-banklar zimmasida bo‘ladi. Etakchi bank mazkur bitimni tashkil etish paytidagi bevosita va qo‘shimcha vaqt va mablag‘ sarflarini qoplashi uchun qarz oluvchidan vositachilik haqi undirish huquqiga ega.
Vositachilik haqi miqdori sinditsiyalashtirilgan kreditlash haqidagi kelishuvda va kredit shartnomasida nazarda tutiladi. Qarz oluvchi tomonidan asosiy qarzni va unga hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida kelishilgan muddatda qaytarilmasa, etakchi bank boshqa ishtirokchi-banklar bilan kelishilgan holda Fuqarolik kodeksining 280- moddasi ikkinchi qismiga muvofiq sudga murojaat qilmasdan, undirishni mustaqil ravishda garov predmetiga qaratishga haqlidir. Garovga qo‘yilgan mulkni sotishdan tushgan mablag‘ summasi barcha hisoblab yozilgan foizlar va kredit qarzi qoldig‘ini qoplash uchun etarli bo‘lmagan taqdirda u ishtirokchi banklar o‘rtasida ularning mazkur sinditsiyalashtirilgan kredit bo‘yicha qarzdorlik qoldig‘idagi ulushiga nisbatan mutanosib ravishda taqsimlanadi. Sinditsiyalashtirilgan kreditni qaytarilishini ta’minlashning boshqa shakllarida ham ishtirokchi banklar talablarini qondirish xuddi shu tartibda amalga oshiriladi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda respublikamizda loyihalarni loyihaviy moliyalashtirishning huquqiy asoslari yaratildi. SHu bilan birga, bu huquqiy asoslarni takomillashtirish va loyihalarni loyihaviy moliyalashtirishda, uning ustuvor shakllarini qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |