3. Mulkni baholashda qo’llaniladigan yondashuvlar xususiyatlari Qiyosiy yondashuv.Qiyosiy yondashuvda anolog-obyektlarga tuzatishlar kiritish baholanayotgan aktiv bilan amalga oshirilgan bitimlar yoki bozorda aylanayotgan qimmatli qog‘ozlar o‘rtasidagi farqlarni hisobga olish maqsadida amalga oshiriladi. Qiyosiy yondashuvdan foydalanganda anolog-obyektlarga kiritilayotgan odatiy tuzatishlarning asosiysi ― bu chegirmalar va mukofotlar hisoblanadi.
Biznesni baholashda ko‘pincha qiyosiy yondashuvdan foydalaniladi, chunki bu aktivlar odatda baholash yondashuvlari va usullari (6-son MBS)da (bundan buyon matnda 6-son MBS deb yuritiladi) belgilangan mezonlarga javob beradi.
Quyidagilar biznesni qiyosiy yondashuvdan foydalanib baholashda qo‘llaniladigan keng tarqalgan ma’lumotlar manbalari hisoblanadi:
o‘xshash tijorat korxonalarida ishtirok etish ulushlari erkin muomala qilinadigan ommaviy qimmatli qog‘ozlar bozorlari;
baholanayotgan biznes ulushlari bilan ilgari amalga oshirilgan bitimlar yoki ular bo‘yicha takliflar;
butun kompaniyalar yoki tijorat korxonalarining nazorat ulushlari sotiladigan va sotib olinadigan qo‘shib yuborish va birlashtirishlar bozori.
Qiyosiy yondashuv o‘xshash korxonalar yoki ulardagi mulk ulushlarining sotuv narxlari tahliliga asoslanadi.
Qiyosiy yondashuv doirasida kapital bozori usulidan va bitimlar usulidan foydalanganda baholovchi kamida uchta o‘xshash korxonani tanlab olishi lozim. Taqqoslash uchun o‘xshash korxonalarni tanlashda qiyosiylik mezonlari tarkibi baholash shartlari va zaruriy axborot mavjudligi bilan belgilanadi.
Quyidagilar baholovchi hisobga olishi lozim bo‘lgan asosiy mezonlar hisoblanadi:
baholash obyekti va o‘xshash korxonalar bir tarmoqqa mansubligi;
miqdor jihatidan qiyosiylik, sotuvlar hajmi, aktivlar jami qiymati, bozorga oid kapitallashtirish va boshqa ko‘rsatkichlarda ifodalanishi mumkin;
daromadlarning o‘sish sur’atlari jihatidan qiyosiylik.
Baholash obyektining bozor qiymatini qiyosiy yondashuv usullari bilan aniqlash uchun quyidagi formula bo‘yicha hisoblanadigan multiplikatorlar qo‘llaniladi:
M=H/K
M ― multiplikator;
N ― o‘xshash korxonaning sotuv narxi (yoki qiymatni belgilovchi o‘zga asos);
K ― korxona faoliyatini tavsiflaydigan moliyaviy, ishlab chiqarishga oid yoki moddiy ko‘rsatkich.
Baholash obyektining narxi moliyaviy ko‘rsatkichni tegishli multiplikatorga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanishi mumkin:
N = M * K Multiplikatorlar umuman korxona bo‘yicha yoki bir aksiyaga nisbatan hisoblanishi mumkin.
Biznesni baholashda multiplikatorlarning quyidagi asosiy turlaridan foydalaniladi:
narx/daromad (foyda, pul oqimi);
narx/dividendlar. Bu multiplikator amalda to‘langan dividendlar asosida yoki bunday to‘lovlarga xos bo‘lgan o‘xshash korxonalar bo‘yicha sof foydaga nisbatan foiz hisobida o‘lchanadigan ehtimol tutilgan dividend to‘lovlari asosida hisoblanadi;
narx/realizatsiyadan kelgan tushum;
narx/ishlab chiqarish fizik hajmi;
narx/xususiy kapital (sof aktivlar)ning balans qiymati.
Baholash obyekti va o‘xshash korxonalarning xususiyatlariga qarab baholovchi boshqa turdagi multiplikatorlarni qo‘llashi ham mumkin.
Baholash obyektini baholash uchun o‘rinli bo‘lgan multiplikatorlarning tanlanishini asoslash va hisoblash taomilining tavsifi baholash to‘g‘risidagi hisobotda keltirilishi lozim.
Baholash obyektining bozor qiymati qiyosiy yondashuv yordamida multiplikatorlarning tanlangan qiymatlarini baholash obyektining tegishli moliyaviy yoki boshqa ko‘rsatkichlariga ko‘paytirish orqali olingan natijalarni muvofiqlashtirish va yakuniy tuzatishlar kiritish yo‘li bilan aniqlanadi:
agar qiymatni belgilovchi asos sifatida investitsiyalangan kapital qiymati olingan bo‘lsa, uzoq muddatli qarzlar ayirib tashlanadi;
xususiy aylanma kapitalning taqchilligi ayirib tashlanadi (ortiqcha aylanma kapital qo‘shiladi);
daromadni shakllantirishda ishga solinmagan aktivlarning (agar ular mavjud bo‘lsa) bozor qiymati qo‘shiladi;
qoida tariqasidagi xaridor uchun jalb qiluvchan bo‘lmagan ishlab chiqarish diversifikatsiyasi mavjud bo‘lsa, portfelli chegirma ayirib tashlanadi;
mulkning baholanayotgan ulushi uning o‘xshashlari bilan taqqoslaganda beradigan nazorat qilish imkoniyati darajasiga qarab, nazoratning yo‘qligi uchun chegirma ayirib tashlanadi yoki nazorat uchun mukofot qo‘shiladi.