NASIMAGA DEGANIM
Yo'q, hali hammasi o'tganmas,
Ko'p hali hayotda nasibam.
Silligim bezarar, hech gapmas.
Borini ko'raman, Nasimam,
Yo'q, hali hammasi o'tganmas!
Oldimda kutadir imtihon –
Men og'ir janglarda bo'larman.
Nasima! Bu kungi issiq qon
O, balki to'kilur... o'larman...
Oldimda kutadir imtihon!
O'ylanib ko'zingga qarasam,
Ikkita dengizday ko'rinur...
Nasima! Ichaman rost qasam,
Olovdek lovillab dil yonur,
Baxtliman, janglarga yarasam!
* * *
Dengiz oyna kabi yaltirar,
To'lqinlarga suqim oqadi.
Oqqush mungli-mungli oh urar,
Hazin kuyi dilga yoqadi.
O'tiraman ko'nglim osuda,
Boshim uzra barglar shitraydi.
Soyalari limmo-lim suvda
Tanga-tanga bo'lib titraydi.
Qanday yaxshi kechqurun yolg'iz
Yursang, ko'ngil asti to'ymasa.
Oy go'yoki parishonhol qiz
Sochlarini yozib o'ynasa...
Do'stlaringiz bilan baham: |