- Tilim charchar, ajab, gohi
Seni tarjima qilmoqdan.
Serzavq yurak tuygan barcha sezimlarni til bilan ifodalash mushkul. Ta'sirchan shoir yuragi shunchalar ko'p voqealarga daxldorki, unga tarjimon bo'lgan til, albatta, charchaydi. Qaynoq yurak bilan yashash - qiyin, biroq zavqli. Bunday yurak egasi orom bilmaydi. U hamisha hayajonda bo'ladi. Hamisha harakat qilishga majbur. She'rning xotima qismi ayni shu holatni ifoda etadi. She'rda muhim ma'no tashiydigan so'zlar birikmasi, hatto bitta so'z ham alohida qatorga tizilib, misraga aylantiriladi. Natijada, ularni alohida urg'u bilan o'qish zaruriyati paydo bo'ladi. Shu tariqa she'r o'zgacha ohang kasb etadi. She'rning so'nggi bandi gursillab urib turgan yurak zarbiga uyg'un tarzda o'qiladi:
Itoat et!
Agar sendan
Vatan rozi emas bo'lsa,
Yoril, chaqmoqqa aylan sen,
Yoril! Mayli, tamom o’lsam!
Bu she'r o'quvchining tuyg'ularini hayajonga soladi. Hayajon kishini befarqlikdan xalos etadi. Kimnidir befarqlikdan qutqara bilgan she'r asl badiiyat namunasidir. Usmon Nosirning «Yana she'rimga» asari uning ijodiy qiyofasini belgilaydigan she'rlar sirasiga kiradi. Ushbu she'rni sinchiklab o'qigan she'rxon shoirning shu xildagi asarlarni yozib, adolatsiz zamon talablariga bo'yin egmay, yosh jonidan judo bo'lganining sababini anglaydi. She'rda chinakam asar ulkan dardning mahsuli ekanligi juda chiroyli va lo'nda ifodalanadi:
O’t bo'lurmish ishqi yo’q tanda?
Dardimsanki, she'rim, yaxshisan.
Usmon Nosirning fikricha, she'r ko'ngil ermagi emas. U «hayot shaxsi». She'rning o'z hayoti, o'z umri bor. O'z hayotiga ega she'rlar yaratish uchun shoir «saharda qon tupurish»ga ham rozi. «Nasimaga deganim» she'rida Usmon Nosir o'z maqsadini yuksak badiiy shaklda ta'sirchan bayon etadi. «Ko'p hali hayotda nasibam», - deb hisoblagan shoir o'zining oldida og'ir sinovlar turganligini sezadi. Shoirning xavotirli bashorati shunday ifoda etiladi:
Oldimda kutadir imtihon
Men og'ir janglarda bo'larman.
Nasima! Bu kungi issiq qon,
O, balki to’kilur... o’larman...
Kurashlarga tashna, janglarga tayyor, o'limdan ham qaytmas insonning otash qalbi tug'yonlari bu she'rda g'oyat ta'sirchan ifodalangan. Usmon Nosir Cho'lponni o'zining eng buyuk ustozi hisoblagan. Ularning she'rlarida anchagina ruhiy yaqinlik bo'lsa-da, tashqi o'xshashlik kuchli emas. Cho'lponning she'rlari - ancha mayin. Eng bezovta tuyg'ular, eng qahrli noroziliklar ham sharqona mayinlik va o'zbekona musiqavorlik bilan she'rga solingan. Usmon Nosirda boshqa holatni kuzatish mumkin. U qaynoq tuyg'ularni, po'rtanali ruhiy holatlarni kishini hayajonga soladigan tarzda aks ettiradi. She'r bitayotganda o'zini hadeb jilovlayvermaydi. Uning she'rlari o'z mualliflarining qanday odamligini ayon ko'rsatib turuvchi badiiy hujjatlardir.
Do'stlaringiz bilan baham: