QO'RQINCH BIK JASORAT
Qobilboy bu so'zni eshituvchi quloqlariga ishonmagandek, Anvarning yaqinrog'iga surildi.
- Nima deyapsiz, Anvar, men yaxshi anglamadim? Anvar yana o'sha so'zni takrorladi. Qobilboy, endi biroz orqasiga tisarilib, ko'zini katta ochdi va bir necha vaqt qotib turdi...
- Siz nima qilmoqchisiz, uka. O'z oyog'ingiz bilan... Yo'q, bu bo'lmagan gap! Balki bu - xonning unga popisasidir, shu hiyla bilan maqsadga yetmoqchidir... Qo'ying bu gapni, uka, qo'ying!..
Anvar hamon boyagi vaziyatda, ko'zini bir nuqtaga tikib, sandal ustidagi qog'ozni og'asi yaqinrog'iga surib qo'ydi...
- Basharti, popisa bo'lmasa?. - dedi Anvar. - Xon
1 Popisa - po'pisa, yolg'ondan qo'rqitish.
popisani bilmaydi, uning hamma harakati jiddiy! Shunday, siz bu xatni ertaga uning qo'liga berasiz va undan har bir yordamingizm ayamaysiz.
- Bu aqllik gap emas, uka...
- Men endi shunga qaror berganman! - dedi Anvar o'zgarishsiz. - Bu azmdan qaytish, yo'q... Faqat, siz unga yordamingizni ayamaslikka menga so’z bersangiz bo’ldi! Qobilboy entikdi, xatni olib, bir necha fursat sukutda o'ltirdi... So'ngra birdan o'rnidan turib hujradan chiqa boshladi.
- Yo'l bo'lsin?
- Ketayapman.
- Xayr, kechiringiz!
Qobilboydan javob bo'lmadi.
Kun qiyomga yaqinlashgan. Yana biror soatdan so'ng Sultonalini o'limga olib chiqar edilar. O'rdadan hech kim uning najot topishiga ishonmas; xonning oldiga chaqirildi - o'ldi, basharti, gunohi bo'lib, iqror qilsa, yana jazoga qoldi, vassalom. Ammo Anvar xon huzuriga kelib, o'zini uning hukmiga topshiradi, chin yigitlik yo'li bilan do'stini qutqaradi, degan xayolga kim ishonsin? Kecha jarchi ko'y-guzarlarni aylanib, Anvarni insofga chaqirdi, kishi qoniga qolmaslik fazilatini tarannum ettirdi. Biroq Anvarning bunday «hamoqati»ga axloqan sukut etib, vijdonan so'zlagan o'rda arbobi va boshqalar ishonsinmi! Shunda o'rda arbobi bukun peshindan biroz ilgariroq mujassam bir vijdon, tog'yurak bir yigit va o'lim sari kulib keluvchi bir arslonni o'z tarixida birinchi martaba ko'rdi va tong ajabda qoldi. Bu ulug' jasorat bir necha daqiqalargacha zulm itlarini sukutga soldi, ularni ishdan to'xtatdi. O'rda arboblarining mahkamada o'tirganlari eshik yoniga chiqib, yo'lda borganlari harakatsiz qolib, parvosiz, har kim yonidan salomlashib o'tguvchi arslonni tomosha qildilar. Anvar devonxona qarshisiga yetganda, nima maqsad bilandir darichalar va eshik yonida mo'ralashuvchi mirzolarga umumiy bir ta'zim ifoda qildi va sobitqadam zinalarga oyoq qo'yib, yuqoriga, xon huzuriga chiqib ketdi. Poytaxt bo'sag'asidagi doimiy yasovullardan o'tib, dahlizda to'xtadi. Chunki bundan o'tish uchun xudaychi vositasida xondan ruxsat oldirish lozimdir. Birinchi eshik yonida qo'l qovushtirib turuvchi Darvesh xudaychi taajjub va hayrat ichida Anvarni qarshilab, ikkinchi xonadagi “janob» huzuriga ketdi.
1 Qiyom - tush. 2 Hamoqat - ahmoqlik.
Taxtiga takya qilgan Xudoyor ikki ko'zi to'g'risida ikki jallodni qo'yib, yonidagi domla shig'ovul, Tursun otaliq va g'ayri bir necha ayonlar bilan suhbatlashar edi.
- Pushti panoho! - dedi xudaychi, - Xiyonatkor o'z ixtiyori bilan kelib, domi adolatingizga taslim bo'lmoqchi. – Xiyonatkoring kim?
- Mirzo Anvar!
Xon seskanib ketdi, hamnishinlar ham alang-jalang bo'ldilar.
- Keltir!
Xudaychi qulluq qilib, orqasiga qaytdi. Dahlizdagi Anvar birinchi xonadagi a'yonni hayratga solib, ikkinchi tanobiyning bo'sag'asida, jallodlar o'rtasida to'xtadi va xonga ta'zim ado qildi. Raqibni bu qadar jasoratda ko'rgan Xudoyorning kiprik ostlari uchib, soqol tuklari silkindi va biroz so'z topolmagandek tamshanib turdi.
- Sen bizga xiyonat qilding’, it uvli!
Anvar bosh irg'atdi.
- Iqrorman.
- Tuzumni unutding'!
- Tonmayman!
- Iqrorsan, tonmaysan, o'bdon ish! - dedi zaharxanda qilib xon. - O'luvdan ham qaytmaysan!
- Men sizdan marhamat so'rab kelgan emasman! - dedi iljayib Anvar. - O'zimni o'limga berib, bir gunohsizni qutqarish uchun kelganman! Hamnishinlar lablarini tishladilar. Xudoyor istehzoli kuldi. - Pusulmonchilik qig'onsan-da!
- Albatta! - dedi Anvar. - Boshqalar kishi gunohi uchun gunohsizni tutib, pusulmonchilikdan chiqqach, men pusulmonlik bilan o'lishni o'bdan bildim!
Bu javob Xudoyorni qip-qizil tusga qo'yib, manglayida terlar ko'rindi, g'azab o'ti alanga oldi.
- Sening qig'on ishing pusulmonchilikda bormi, it uvli?!
- Musulmonchilikda yuzlab xotin ustiga, bir kambag'al uylanmoqchi bo'lgan qizga ham zo'rlik qilish bormi, qiblayi olam!
- Chiqar buni, jallod!!!
Jallodlar harakatlandilar:
1 Takya qilgon - suyangan. 2 Shig'ovul - saroy marosimlarini boshqarib turadigan amaldor. 3 G'ayri - boshqa, o'zga. 4 Homnishin - birga o'tirganlar.
- Xanjarimiz qonsirag'an! Anvar bosh chayqab kuldi.
- Gunohsizni mening ko'z oldimda banddan ozod qilinmas ekan, Anvarni bu yerdan chiqara olmaslar, qiblayi olam, dedi va o'zini tashqariga torta boshlagan. Jallodlarni arslonlarcha siltab yubordi. - Sizda adolat bormi, Janob!
Qo'rqinch bu hayqiriq Xudoyorni insofga keltirdi. Jallodlarni to'xtatishga va xudaychini Sultonalini hozirlashga buyurdi. Ko'zi qonlangan Anvar, ikki qo'lini yoniga tashlab Xudoyor qarshisida turib qoldi. Hamma sukutda. Shunday fursatlarda gunohkorni odobsiz so'zlar bilan so'kib turuvchi Xudoyor ham jim. Chunki a'yon nazarida har bir odobsizligiga Anvar tarafidan kuchli haqorat olish ehtimoli bor. Shayx Sa'diy aytgancha, dunyoda hayotidan qo'l yuvguvchidek tili uzun kishi bo'lmas. Darhaqiqat, insonni razolatga solguvchi uning manfaati taqozosi, qola bersa o'limdir. Bu ikkisidan kechguvchiga esa podshohning qahri va jahannamning qa'ri farqsizdir. Ko'p fursat o'tmay xudaychining orqasidan Sultonali kirdi, xonga qarshi turuvchini tanib, titradi... Titrar ekan, Anvardan biroz keyinda turib xonga ta'zim qildi.
- Siz ozod bo'lding'iz! - dedi xon, - Devong'a chiqib o'z ishing'izg'a qarang!
Sultonali ixtiyorsizcha xon tomon bukilib oldi... Anvar <
- Menim qarshimga ishlab, janobga neqadar sodiq qolsangiz ham, sadoqatingiz sizni najotga chiqara olmadi, bil'aks, siz o'ylagancha men - insofsiz sizni qutqardim... Siz shuni unutmasangiz bo'ldi, Sultonali aka, - dedi Anvar va xonga ishorat qildi, - qo'limni bog'lasinlar, chiqarib o'ldirsinlar!
Sultonali orqasiga qaytdi, qaytar ekan, ko'zidan bir necha tomchi yosh oqib tushdi. Jallodlardan biri Anvarning qo'lini orqasiga bog'ladi. Anvarning qo'li bog'lanar ekan, Muhammad Niyoz domla o'rnidan turib, xonga qulluq qildi.
- Shu odobsizning gunohini mening uchun kechirsinlar. Xon yuzini chetga o'girdi:
- Rastag'a chiqaring!
Anvar, xonni va hamnishinlarni masxaralagandek, ta'zim ado qildi. Jallod oldinga tushdi, uning orqasidan Anvar yurdi va orqadan ikki nafar qurollik yasovul ergashdilar. Anvar o'zini o'rdaga kirishda qanday tetik tutgan bo'lsa, o'lim sari chiqishda ham o'shandog' parvosiz edi. Ko'zi tushgan tanish har kimsa bilan «xayr», «xo'sh» degan kabi imlashib olar edi. Rangi quv o'chib, hushsiz kabi tashqi darvoza yonida turgan Sultonali bilan ham alohida vidolashdi. Anvarning qarashidagi ma'noga tushungan Sultonalining yuragi suv bo'lib oqdi va hushsiz, hissiz Anvar Ko'zdan yo'qolguncha qarab qoldi... Yangi rastada xalq qaynar edi. Qo'lida yalang'och xanjarini ushlab, beliga oyboltasini qistirgan manfur jallod orqasidan keluvchi mahkumga ko'zi tushgan xalqdan ba'zisi jazo maydoniga qarab og'ildi va ba'zisi nafratlangan ko'yi o'zini chetga tortdi. Jazo maydoni yangi rasta bilan o'rda bog'ining muyushida bir dor va dor ostiga qon oqizish uchun qazilgan chuqurdan iborat edi. Dor ostiga kelib yetdilar. Bir onda dor atrofiga yuzlab yig'ilgan tomoshabin xalqni yasovullar chetlanishga buyurdilar. Xalq orqaga siljigan bo'lib, yana siqilisha berdi. Dor ostida Anvarning qo'li yechilib, tahorat olish uchun unga suv berildi. Chunki bu mahkumning qonuniy haqqi edi, Anvar tahorat olar ekan, jallod va yasovullar xanjar yalang'ochlab, uning tevaragini qurshab turdilar. Anvar tahoratlanib, ustidagi to'nini yerga yozdi. Jallodlar doirani biroz kengaytirib, Anvar ikki rakat namoz o'qidi. Duodan so'ng Anvar o'rnidan turdi, qo'lini bog'lashga berib, atrofga besaranjom alangladi. Tevarakni sirib olgan xalq oldida manfur ko'zini moylantirib o'z ustiga to'ppa-to'g'ri qarab turgan mulla Abdurahmonni ko'rdi. Anvar titradi, Abdurahmon iljaydi.
- Kulishga haqqingiz bor, domla, chunki o'ch olasiz! - dedi Anvar. - Birdan hammaning ko'zi Abdurahmonga tushdi. - Faqat siz ifloslik natijasida kulasiz, men... men to'g'rilik samarasini o'raman; siz iflos vijdon bilan g'olibsiz, men sof vijdon bilan mag'lubman... Meni dor ostiga kim keltirdi? Vijdon emasmi, taqsir! Sizni bu yerda kim tomoshabin qildi? Ifloslik emasmi, taqsir? Xalq chuqur sukutda, o'z orasida turgan «peshvo»ga kiynalik ko'z bilan tikilgan edi... Jallod qo'li bog'langan Anvarni dor tomonga olib bordi. Anvar o'z ixtiyoricha chuqur yoniga o'tirdi va xanjarini yanib kelgan jallodga qo'li bilan «ozgina to'xtang» ishorasini qilib, Abdurahmon tomonga kuldi:
- Mening holimni ko'ringiz, domla, - dedi Anvar kulib, - qo'lim bog'langan, ustimda xanjar yaltiraydi. Lekin men kulaman... Nima uchun bunday, taqsir! Chunki vijdon rohatda, jon tinch, yurakda ishq!.. Durust, men ko'milgach, qabrim ustida ko'ksi dog'li qizil lolalar ko'karar... Nimadan bu? Bu - sizning kabi tubanlar solgan iz!..
Tomoshabinlar toqatsizlangandek ko'rindilar, Anvar uzanib yotdi... Jallod xanjarini yengiga yanib, Anvar ustiga engashdi... Engashdi, biroq orqadan berilgan kuchli bir zarb bilan Anvarning ustidan oshib; munkigancha chuqurga yiqildi. Jalloddan besh qadam narida turgan yasovullar ham ko'kdagi xanjarlik qo'llarini ostiga bukolmay, kimlar bilandir olishib yotar edilar va shu onda kuchli shapaloq tovushi eshitilib, sallasi chuvalgan bir yosh mulla yerga o'tirib qoldi... Xalq tartibsizlandi... Qobilboy Anvarning dastbandini kesdi va ikkisi tartibsizlik ichiga kirib yo'qoldilar. Qurolsizlantirilgan yasovullar, «gurr» etib, turli tomonga sochilgan xalq ichidan do'st-dushmanni ajratolmay garangsidilar. Shu vaqt butun a'zosi eski qonlarga belangan jallod chuqurdan chiqishga intilar edi...
Do'stlaringiz bilan baham: |