MILLATNI BIRLIKKA CHORLAGAN SHOIR
Turdidan bizga ijodining juda oz qismi - 400 misra atrofidagi o'n sakkizta she'r yetib kelgan. Ularning ko'pchiligi g'azal va muxammaslardan iborat. Bir g'azal va bir muxammasi tojik tilida bitilgan. Bu uning zullisonayn (ikki tilda ijod qiluvchi) shoir bo’lganligidan darak beradi. She'rlarida «Turdi» hamda «Farog’iy» taxalluslarini qo'llagan.«Tor ko'ngullik beklar...» she'ri g'azal janrida yozilgan. U adabiyotimiz tarixidagi xalqni milliy birlikka chaqirgan, o'zaro tenglikka da'vat etgan, hududiy yaxlitlikni targ'ib qilgan siyosiy ruhdagi birinchi she'r sifatida alohida e'tiborga molikdir. O'zbeklar etnik jihatidan to'qson ikki urug'dan iborat bo'lgan. Ular qirq, yuz, ming, jaloyir, jig'alboyli, oytamg'ali, xitoy, qipchoq, nayman, boymoqli, sirg'ali, o'roqli, bolg'ali, boyovut, qo'ng'irot, so'loqli, qaropchi, kenagas, mang'it kabi nomlar bilan atalgan. Bu urug'larning boshchilari, yurt kattalari mavqe, amal, hudud talashib urug'-aymoqlar o'rtasida o'zaro nizolarni kuchaytirdilar. Bundan oddiy xalq aziyat chekdi, qishloqlar vayron, ekinzorlar payhon bo'ldi. O'lka parokandalikka yuz tuta boshladi. Bu holdan qattiq g'azablangan shoir Turdi mamlakat, mansab uchun qirpichoq bo'layotgan beklarni ko'ngillaridagi tor shaxsiy g'arazlarni qo'yib, keng miqyosda millat uchun qayg'urishga chaqiradi:
Tor ko'ngullik beklar, man-man demang, kenglik qiling,
To'qson ikki bovli o'zbak yurtidir, tenglik qiling.
Keyingi baytda parokandalik, tarqoqlikdan voz kechib, bir hukmdor qo'l ostida yaxlit bir mamlakat, yagona bir milliy davlat haqidagi orzularini bayon etadi. Keyingi uch urug'ning nomi sonlarga uyg'unligidan foydalanib, tazod vositasida mazmunga mos shakl topa biladi. Ya'ni urug'ingiz nomi qirq, yuz, ming bo'lsa-da, siz bir xonlikda yashashni, bir mamlakat bo'lib birlashishni odat qiling, deydi shoir. Uchinchi baytda g'azalning umumiy g'oyasi yanada yorqinroq, ta'sirliroq ifodalangan. Birlikka da'vat etayotgan shoir baytdagi misralarda «bir” so'zini bir maromda besh marta takrorlaydi va uni bitta kiyimning qismlari misolida ifoda etadi:
Bir yaqodin bosh chiqorib, barcha bir to'ng'a kirib,
Bir o'ngurlik, bir tirizlik, bir yaqo, yenglik qiling.
Oxirgi ikki baytda o'z mulki, ya'ni mamlakatini boshqarishni uddasidan chiqmagani holida boshqa erlarga ko'z olaytirayotgan beklarni tanqid qiladi, yuragida mardlar kabi maydonda zahmat chekish javhari - jur'ati yo'q yurt kattalariga o'zining achchiq kinoyasini, istehzosini bildirishga jur'at etadi. Uch baytdangina iborat «Turdiman» radifli g'azali hasbi hol - o'z ahvolini bayon etish tarzida yaratilgan. Unda ma'lum darajada shoirning taqdiri, kechmishlari aks etgan deyish mumkin. «Qatradek nochiz», ya'ni oddiy odam bo'lsada, o'z tirishqoqligi, jonkuyarligi, izchil harakatlari bilan ezilgan kishilarni oyoqqa turg'izgan, isyon va qo'zg'olonlarni keltirib chiqargan, she'rlari bilan amaldorlar yuziga ham haqiqatni tik ayta olgan shoir: «Kelturan amvojga bahri talotum Turdiman», - deya faxrlanishga haqli edi. Lekin qirq, yuz, ming va boshqa urug'lardagi millatdoshlari uning olijanob harakatlarini, yakdillik haqidagi yonib-kuyishlarini anglab yetmaydilar, ba'zilari hatto nafrat bilan qaraydilar. Bundan iztirobga tushgan shoir o'zini «baxti qaro», «toleyi shum» deb biladi. Shaxsiy hayotida esa tirikchiligi «chashmi so'zan», ya'ni igna teshigidan o'tkazilayotgan ip kabi qiyin o'tadi. Shoir shu taxlit o'zining o'tmishini, iztirobli kechinmalarini, turmush tarzini siqiq, lo'nda shaklda bayon etadi. «Yod mandin kim berur, yaxshi zamonlar ko'rdiman» misrasi bilan boshlanuvchi muxammasini ham hasbi hol mazmunida deyish mumkin. She'rning avvalida shoir bir paytlar yaxshi zamonlar ko'rganligini eslaydi. Uning yaxshi kunlari «rind sarxayli» - mayparastlar boshlig'i soqiy huzurida damodam aysh surganligi, oshiqlar halqasida bazm-u majlislar qurganligi, soflik mayi bilan dimog'i xush bo'lgan ulfatlar davrasida bo'lganligi deb e'tirof etiladi. Umar Xayyom ijodini o'rganish orqali soqiy - tarbiyalovchi ustoz pir, oshiqlar - ilohiy ishq talabgorlari, ularning majlisi - so'fiylar suhbati, may - ishqi ilohiy ekanligini bilib olgan edingiz. Shundan kelib chiqib birinchi bandga yondashsak, Turdi ham so'fiylar davrasida ilohiy ishq suhbatlarida qatnashganligi anglashiladi. Bu kunlar shoir hayotining eng xushbaxt onlari edi. Keyingi baytlarda ifodalangan hayotining izdan chiqqanligi, ishlarining ortga ketishi, g'am-anduhga to'lishi ana shu saodatli kunlarning qadriga yetmaganligi, shu nurli davrani yo'qotganligidan deya izohlanadi. Agar diqqat bilan o'qisangiz, shoir baxtsizligi sababini birovlardan axtarmaydi, o'zgalarni ayblamaydi. Aybni aynan o'zidan qidiradi, shum nafsidan ko'radi. Bu esa barchaga ibrat bo'ladigan fazilatdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |