TURDI FAROG'IY
(XVII asr o'rtalari - 1699/1700)
O’zbek adabiyotida hajviyot rivojiga sezilarli hissa qo'shgan shoir Turdi Farog'iy Buxoroda tug'ildi va shu yerda shoir sifatida shakllandi. Shoirning hayoti va ijodiy faoliyati Buxoro xonlari Nodirmuhammad va uning o'g'illari Abdulazizxon hamda Subhonqulixon hukmronligi davrida kechdi. XVII asr va keyinchalik XVIII asr yurtimiz tarixi uchun ziddiyatli va murakkab davr bo'ldi. Xivada qo'ng'irotlar, Buxoroda mang'itlar, Qo'qonda minglar o'z hukmronligini o'rnatib, Turkiston uch xonlikka bo'linib ketdi. Ular o'rtasida toj-taxt, hudud uchun kurashlar kuchaygandan kuchayib bordi. Bu holat vijdonli, millat taqdiriga befarq qaramaydigan xalq vakillarning noroziligiga sabab bo'lishi tabiiy edi. 1645-yilda Nodirmuhammad Xivani o'ziga bo'ysundirish uchun qo'shin tortadi. Bir yurtda yashovchilar, bir millat vakillari o'zaro to'qnashishga majbur, qon to'kilishi aniq. Xondan norozi bo'lgan yuz urug'i Xo'jandda Boqi Yuz boshchiligida qo'zg'olon ko'taradi. Turdi shular orasida edi. Chunki birodarkushlik harakati uning ham g'azabini qo'zg'agan edi. Isyonni bostirish uchun yuborilgan Abdulazizxon otasiga xiyonat qilib, qo'zg'alonchilarga qo'shildi. Ular bilan Buxoroga yurish qilib, taxtni egalladi.. Nodirmuhammadning boshqa o’g'li Subhonquli bilan taxtni qaytarish harakatlari natija bermaydi va u hajga ketishga majbur bo’ladi. Aka-uka o'rtasidagi taxt talashishlar Abdulazizxonning ham Buxoroni tashlab haj safariga jo'nashi bilan yakun topdi. U otasiga ravo ko'rgan qismat endi o'zining boshiga tushdi. Xalq otasiga tik boqqan Abdulazizxondan insof va adolat ko'rmaganidek, akasiga tig' ko'targan Subhonqulixon davrida ham ro'shnolik topmadi. 1681-yilda Samarqand yaqinidagi Miyonko'lda unga qarshi qo'zg'olon ko'tarildi. Qo'zg'olonchilar orasida yakdillik bo'lmay, bir qismi xonga taslim bo'ldi. Ikkinchi qismi Xo'jand va O'ratepa hokimi Rahimbiy Yuzdan yordam so'rab, kurashni davom ettirdi. Madad kelmay, mag'lubiyatga uchradilar. Turdi mana shu ikkinchi qism orasida edi. Chunki uning tabiatiga zolimga bo'ysunish, zulm bilan kelishish yot edi. Umrining so'nggi davrini Xo'jandda, Oqbo'tabiy huzurida muhtojlikda o'tkazadi. Quyida ana shu millatparvar, haqparast shoir ijodi namunalaridan bahramand bo'lasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |