Nel mezzo del cammin di nostra vita
Mi ritrovai per una selva oscura ...
(tarjimasi: Hayotimiz yo‘lining o‘rtasida Bir qorong‘i o‘rmonga duch keldim)
Dantening ulug‘ ixlosmandi bo‘lmish Jovanni Bokkachchoni ham “il cammino di vita” (hayot yo‘li) qiziqtirgan, o‘ylantirgan. Uning “Dekameron” ida bu narsa to‘g‘ridanto‘g‘ri emas, balki bilvosita tarzda yoritiladi.
Umuman, ushbu asarda “bosqich” yo “yo‘l” ning turli xillari — o‘n
kunlikning umumiy tadriji (o‘n yigit-qiz Florensiya tashqarisidagi qo‘rg‘onlarda, go‘zal tabiat quchog‘ida o‘tkazgan, yuritgan turmush tarzi, faoliyatining butunisicha tasviri), o‘n kunda aytilgan hikoyalarning mazmunan ketmaketligi, qissaxonlarning almashib borishi, o‘sha o‘n kunning o‘n hikoya aytuvchi hayotida alohida etapligi — aks etgan. Biz bu aksni bevosita ko‘rib, his qilamiz. Lekin boya aytganimiz — tasvirlashdagi bilvositalik asosan bir qancha novellalarning ichida, ularning ichki xususiy ruhidadir. Bu jihatdan ayniqsa, ikkinchi kunning sakkizinchi novellasi e’tiborli. Unda Elissa tomonidan graf Gvaltyeri Antverpeniyning tuhmat sababli uzoq yillar quvg‘indilik va ayriliq azobini chekib, so‘ng undan qutilganligi to‘g‘risida aytilgan hikoya fikrimizcha, biri ikkinchisiga turtki beruvchi ikki katta bosqichdan iborat. Ta’kidlash joizki, ular yaxlit holda fransuz saltanatining vaqtinchalik noibi umrining birgina qismidirlar, xolos. Biroq valiahd shahzodaning rafiqasi bo‘lgan malika fitnasigacha hamda keyinchalik qirolga aylangan xuddi o‘sha shahzodaning kelajakda qirolichaga aylangan xuddi o‘sha xotini sanalmish malika tavbasidan keyingi grafning hayot yo‘li Elissayu uning tinglovchilari, umuman olganda, Bokkachcho uchun kam ahamiyatli. O‘sha hikoyaning biz aytayotgan qismlari esa yo‘qlik va yo‘qlik, o‘tmish ham kelajak oralig‘idadir. “Dekameron” nuqtai nazaridan graf Antverpeniyning o‘tmishida, istiqbolida yo‘qlikdir, chunki ularda bu aslzodaning turmushi me’yorida davom etadi (takror uqtiramizki, ushbu hol faqat ”Dekameron” bo‘yichadir!). Ya’ni u aksar oqsuyaklardek xalq, jamoat, qirolning hurmatiyu ardog‘i, yuksak ishonchi ostida farovon yashaydi. Bu haqda novellaning boshiyu oxirida, anormal voqealarning ikki qutbida tilga olinadi. Ularda birgina g‘irashira epik manzara mavjud, lirizm va dramatizm esa yo‘q. Gvaltyeri boshidan kechirgan hamda qalbida paydo bo‘lgan konfliktlar, ko‘ngilsizliklaru iztiroblar, uning asar diqqat markazida turmish hayotining noodatiy pallasini tashkil qilmish. Mazkur odatdan tashqari davr quyidagi voqealar zanjiridan hosildir: Grafning kutilmaganda jinoyatda ayblanishi → uning o‘z farzandlari bilan badarg‘i bo‘lishi → birdan Fransiyada obro‘-e’tiborining yo‘qolishi → Britaniyaga borib, o‘g‘liyu qizini begonalar qo‘liga topshirishga majbur bo‘lishi → Angliya va Irlandiyada uzoq vaqt gadoychilik qilishi, og‘ir jismoniy mehnat ostida qashshoq yashashi → ko‘p yillar davomida farzandlari diydoridan benasibligi → o‘z qudasi tomonidan “sayoq” deb ta’riflanishi, buning grafga og‘ir botishi → qizining xonadonida otboqarlik qilishi → fransuz qirolining grafning beaybligi haqida farmoni chiqib, uni topib, avvalgidanda ziyodroq rutba bilan taqdirlamoqchiligi hamda bu to‘g‘rida Antverpeniyning eshitishi.
Graf peshonasidagi ushbu mungli yillar silsilasida eng xarakterli jihat shu: aslzoda bo‘lib tug‘ilgan va aslzoda bo‘lib o‘lguchi Antverpeniy bunda aslzodalarga xos yashay olmadi, aksincha, o‘ziga nomunosib tarzda yashirinib yurdi, aslida kim ekanligini bekitdi, dashnomlar, xo‘rliklar, yetishmovchiliklar iskanjasida bo‘ldi.
Bu ulug‘ zotning nufuz borasida eng yuqori cho‘qqidan eng quyiga “qulash” i noodatiylikdir. Aslini olganda, hayotimizni ana shunday noodatiyliklar bezaydi. Graf Antverpeniy bilan ham shu hol ro‘y berdi, garchi bu “bezak” darbadarlik, firoq, iztiroblar kolleksiyasi esada. Gvaltyeri yigirma yilga yaqin quvg‘indilik davrida o‘zining eng yaxshi fazilatlarini aslo yo‘qotmadi, bil’aks oliyjanob xislatlari og‘ir sinovlarda toblandi, g‘ururini boy bermadi, aristokratik ruhini saqlab qoldi. Bu fikrni uning kuyovi Jakkettoga aytgan mazkur gapi yaqqol tasdiqlaydi:
Prendi cotesti doni dalla magnificenza di monsignore lo re, e ricordera’ti di dire a tuo padre che i tuoi figliuoli, suoi e miei nepoti, non sono per madre nati di paltoniere.
(Tarjimasi: Qirol a’lo hazratlarining ushbu saxiy tuhfasini qabul qilib ol, illo o‘z otangga shuni aytib qo‘yishni unutmaki, sening o‘g‘illaring va mening nabiralarimning ona tomonidan bobosi sayoq emas)
Bu bilan uni daydi, tagipast deyishganiga shama qilyapti. Demak, Antverpeniy o‘zining bir vaqtlar qirol noibi bo‘lganini, oliyjanob va oliyzot kishilar avlodi ekanligini o‘n sakkiz yillik “tagipastlik” “faoliyat” idada unutmagan ekan. Umuman, Bokkachchoning “Dekameron” da aslzodalik va tagipastlik masalasidagi fikrlari juda murakkab dialektik xususiyatga ega. To‘lqin misol o‘zgaruvchi mulohazalarni kuzatish maroqli, albatta. Parodoksal yondashuv graf Antverpeniy haqidagi o‘sha novella uchun ham xos. Bu holda oldin quyidagi savollarni oldimizga qo‘yishimiz darkor:
1) Bokkachcho aristokratiya tarafdorimi? 2) u zoti pastlardan jirkanadimi? 3) yo adibning har ikki toifaga munosabati u qadar baland ham, past ham emasmi? 4) yoki Bokkachcho tagipastlarga xayrixohmi?
Ma’lumki, Gvaltyeri bir qancha vaqt o‘z tabaqasiga xos bo‘lmagan vaziyatda yashadi. Bunday kun beshinchi kunning to‘qqizinchi novellasidagi Federigo deli Alberigining ham boshiga tushgan. Florensiyalik oliynasab ushbu yigit faqatgina hikoyaning muqaddimasi va intixosida badavlat, e’tiborli shaxsdir. Qolgan hollarda esa nihoyatda nochor. Shu jihatdan egiz novellalar-dagi ikki bosh personaj hayotining noodatiy, anormal qismi boshlanishi bilan muallif oddiy odamlar, quyi tabaqa vakillariga tarafdor sifatida maydonga chiqadi, bizning subyektiv fikrimizcha. Chunki birinchidan, zodagonning ham zotipastning ahvoliga tushish ehtimoli mavjudligi eslatilayotgan, ikkinchidan, boyu sernufuz shaxsda xorlik daryosini kechib o‘tsa, nima bo‘libdi, qabilidagi irratsional fikr Bokkachchoning botinida aks etgan, nazarimizda.
Antverpeniy voqeasida graf qizi Jannettaning qaynotasi aytgan “E, baxtlari qora bo‘lgurlar! Zotiga tortishganda, onalarining otasi sayoq odam edi, shu boisdan bularning ham sayoqqa suykalishiga hech ajablanmasa bo‘ladi” ko‘rinishidagi gapdan boshlab esa adibning tagipastlarga munosabati manfiy tomonga o‘zgardi. Antverpeniy o‘ziga “sayoq” deb orqavarotdan yorliq yopishtirilgani uchun qattiq eziladi, “sayoqlik” dan nomus qiladi. Bu bosqichga kelib tushundikki, demak, Bokkachcho zotsizlarga past nazar bilan qarar ekan. Ammo ta’kidlamoq o‘rinliki, grafning shunday ko‘rguliklari bo‘lmaganda o‘z qadrining, ahamiyatining mohiyatini bunchalik tushunmasdi, tuymasdi. Axir tagipastliksiz aslzodalik ham mavjud emasku?! Illo, biz shuniyam esda tutishimiz kerak: Antverpeniy ham, Federigo ham bechorahol paytlarida bir zum bo‘lsin oliynasablarga xos fazilatlarini yo‘qotdimi? Yo‘q. Ularni ornomus, saxovat tuyg‘ulari umuman tark etmadi. Chunki oltin har qanday joyda bo‘lsin, oltinda.
Shunday qilib, Antverpeniy to‘g‘risidagi hikoyaning keyingi rivojidagi bir qator alomatlar (masalan, o‘g‘li Luijiningda, qizi Jannettaningda aristokrat oiladan o‘zlariga turmush o‘rtoq topganligi) “Dekameron” muallifi o‘tmish zamonlar aristokratiyasiga chuqur hurmat bilan qaraganligidan dalolat beradi.
Xo‘sh, o‘zi Bokkachcho oliynasablik deganda nimani tushungan-u, oliynasablarga qanday talablar qo‘ygan?
Beshinchi kunning dastlabki novellasida oqsuyaklarning sifatlari sifatida quyidagilar sanaladi: — barchaga o‘rnak bo‘larli tarzda kiyinish; — aslzoda, mustahiq kishilar bilan ulfat tutinish; — ilmfan, falsafadan xabardorlik; — xushovoz bo‘lish; — qo‘shiq va musiqa haqida yaxshi fikr yurita olish; — mohir chavandoz bo‘lish va hokazo.
Tilga olingan mazkur xususiyatlar Bokkachchoning shaxsiy talablari emas, asrlar davomida butun Yevropada shakllangan traditsiyalar bilan bog‘liq, albatta. Endi Bokkachchoning nuqtai nazaridagi aristokrat timsoliga to‘xtalsak: — hukmdorga, davlat manfaatlariga sadoqat; — kutilmagan zarbalar oldida dovdirab qolmaslik; — tagipastlar holiga tushishdan cho‘chimaslik; — va lekin “tagipast” deb aytishlaridan nomus qilish; — oz-moz kibr-havoli bo‘lish; — o‘zining qadrdon narsasini boshqalardan ayamaslik.
Ushbu xarakteristika Gvaltyeri Antverpeniy hamda Federigo del’i Alberigiga daxldor. Unda aytilgan xislatlar qahramonlar hayotining faqat g‘ayrioddiy qismida yuzaga balqib chiqdi. Bir qarashda bu mantiqsizdek — aslzodalik ruhi bilan odmi odamlarning turmushi aro uyg‘unlik bormikan?! Ammo har bir inson taqdirida anormal pallaning qanday rol o‘ynashiga boya bir necha bor urg‘u berdik.
Antverpeniy yoki Federigo singari aslzotlar uchun esa bunday davr
xo‘rlik, qashshoqlik damlari va yo shu kabilar bo‘lishi ehtimol. O‘sha paradox,
ya’ni tagipastlar bilan teng yashash, bundan oliynasablik fazilatlarining yanada bo‘rtib, yorqin qiyofa kasb etishi butunlay boshqa mavzu bo‘yicha ham xulosaga sababdir. Bu irsiyat va ijtimoiy ta’sir masalasidir. Bokkachchocha ongning ostki qatlamlarida genetik omilga simpatiya, uning sotsial jihatlardan ustunligini tan olishga mayl mavjud, nazarimizda. Chunki grafda, Federigoda qanday tug‘ilgan bo‘lsa, umrlari so‘ngigacha o‘shandayliklaricha qoldi. Jamiyatdagi o‘tkinchi jarayonlar oqibatida ham ularning oliyjanob qalbiga darz ketgani yo‘q. Anormal xarakterdagi turli sotsial bo‘hronlar, o‘zgarishlar ular hayoti mundarijasiga shunchaki qo‘shimcha mazmun bag‘ishladi, xolos.
Do'stlaringiz bilan baham: |