III.3. Dante “Ilohiy komediya” sida yurisprudensiya,
fizik qonuniyatlar hamda georgafiya fanining
o‘ziga xos talqini
Dante xuddi Eney va havoriy Pavel singari ruhi tanini tark etmay oxirat bo‘ylab sayohatga chiqqan ekan, A’rof tog‘iga oyoq qo‘ymasdan, jannat ko‘klarida parvoz etmasdan oldin u dastavval dahshatli o‘pqon —Do‘zaxning mudhish, rutubatli qavatu doiralaridan o‘tmog‘i darkor edi. Yo‘lini uch yirtqich (Qoplon, Arslon va Qashqir) ko‘rinishidagi uch ofat to‘sgan florensiyalik shoir qarshisida namoyon bo‘lgan najotkor ruh —Vergiliy ilohiy kuchlar marhamatila Dantega ana shu mashaqqatli, ayni paytda, sharafli safarda rahbonlik qiladi:
61 Zulmat vodiysida edim betadbir,
Bir zot paydo bo‘ldi qarshimda nogoh,
Go‘yo tanho, belutf, toliqqan haqir.,
(1-qo‘shiq)
139 ... Faqat ko‘ngul ichra yolg‘iz bir tilak:
Sen menga hodiysan, ustozsan, sohib”.
Iltijom shu bo‘ldi, men tutib etak,
142 Ketdik xilvat, qora jarliklar oshib.
(2-qo‘shiq)
Arosatga qadar yer qa’rining vujudni magnit misol tortib ketuvchi to‘qqiz doirasini ustozi, antik Rim adibi madadila kezish jarayonida turli darajadagi jazolarga mahkum etilgan turli gunohkorlarni uchratdi. Ularning mash’um holidan dahshatga tushdi hamda boshdan oyog‘igacha jahannam g‘uborila qoplanganiga qaramasdan, qalbida aristotelcha ibora bilan aytganda, “katarsis” (poklash) jarayonini yuz berdi.
Bu — italyan xalqining daho farzandi Dante Aligyeri (1265-1321) qalamiga mansub “Ilohiy komediya” dostoni tarkibidagi ilk kantika bo‘lmish “Do‘zax” ning umumiy mazmuni. Mohiyatini muqaddas troitsaga ishora tarzidagi uchliklar (tepalikdagi uch hayvon, Do‘zaxda uch qasos ilohasi — furiyalarga duch kelish, Lyutsifer (Azozil) ning uch xil rangdagi uch yuzi, Jahannamning to‘qqiz doira (3×3) dan iboratligi va boshqalar) tashkil etuvchi ana shu mazmun bizga Do‘zaxning azobuqubat hamda jazo dunyosi ekanligidan xabar bermaydi, balki ilohiy so‘z qudrati-la “chizib”, ko‘rsatib beradi. Kitobxon esa harakatdagi mazkur “surat” ichiga kirib ketadi, voqealar ishtirokchisiga aylanadi va Dante kabi qalbi Dahshat tuyg‘usidan dahshatga tushadi.
Jirkanch maxluq changalida balchiqqa qorilish, mangu otashdan jizg‘anak bo‘lish, bekordan bekorga bahaybat harsanglarni sudrash, olov yomg‘iri ostida qovrilish, daraxtga aylanib, garpiylarga yem bo‘lish, zil-zambil qo‘rg‘oshin kiyim bilan sudralib yurish, ulkan muzlik komida to‘ngib yotish... Bu vahshatlarga badiiy so‘z san’ati vositasida guvoh bo‘lgan zamonamiz o‘quvchisi yodiga shunda ehtimol, natsistlar tomonidan Osvensim, Buxenvald konslagerlarida millionlab kishilarni yirtqichlarcha o‘ldirib yuborgani, ular ustida turli tajribalar o‘tkazilib, dahshatli qiynoqlarga duchor etilgani yoki osmondan yog‘ilgan balodan — yadro quroli ofatidan behisob aziyatlar chekkan, radiatsiyadan zaharlanib, mayib-majruhga aylangan xirosimaliklar, nagasakiliklar kelar?! Ha, foniy dunyo odamlari ko‘rgan musibatlar Dante Do‘zaxidagi osiylarning ahvolotidan sira qolishmaydi!
Umuman, butun “Komediya” nuqtai nazaridan, Yer ostidagi Do‘zaxning
azob, baland tog‘dagi A’rofning poklanish, ko‘kdagi Jannatning esa farog‘at maskani ekanligi sir emas. Ular xuddi yurisprudensiyada mavjud jazo, amnistiya hamda koronatsiya jarayonini eslatadi. Bu hol insonning butun faoliyati, shu jumladan, fanlar ham tabiat hodisalaridan ko‘chirma ekanligini ta’kidlovchi Aristotel ta’limotining haqqoniyligiga bir dalildir. Qizig‘i, yunon faylasufining muhibi bo‘lgan Dante tobora pastlab borguvchi ma’vo — Do‘zaxdagi jazo sababi — gunohlar bilan foniy dunyodagi jazo sababi — jinoyatlar o‘rtasida anchagina farq bor. Atrofimizni o‘ragan moddiy olam — Yer yuzida mavjud jamiyatlar umumiy tarzda quyidagilarni jinoyat sanaydi: o‘g‘rilik, talonchilik, firibgarlik, tuhmat, pora olish va pora berish, kontrabanda, birovni obro‘sizlantirish, haqorat qilish, nomusga tajovuz, mulkni o‘zlashtirish, tan jarohati yetkazish, qotillik, vatanga xiyonat va hokazo. Endi Do‘zax krimina listikasiga e’tiborni qaratsak: zino → ochko‘zlik → xasislik va isrofgarlik → badjahllik → dahriylik → qotillik, zo‘ravonlik, xudkushlik, san’atga, tabiat qonunlariga, ilohiyotga bepisandlik, umuman, zolimlikning har qanday ko‘rinishi → firib, aldov va fitnaning har qanday ko‘rinishi → xiyonatning har qanday ko‘rinishi.
Ta’kidlash o‘rinliki, Do‘zax jinoyat kodeksidan farqli o‘laroq, bu dunyodagi sivilizatsion jamiyatlarning aksariyatida zinogarlik, ochofatlik, ziqnalik, badfe’llik, ateizm qonun yo‘li bilan taqiqlanmagan (Diniy davlatlar bundan mustasno). Shunchaki kamchilik sanalinuvchi bu illatlar hozirga kelib Yer yuzidagi anchamuncha kishilar uchun salbiy ma’no kasb etmay qolgan. Madaniy saviyasi nisbatan yuqoriroq bo‘lgan ba’zi odamlar ham ularga oddiygina amoralizm sifatida qaramoqda. Ammo shu illatlar emasmi zaminga SPID, narkomaniya, odam savdosi, oqibatsizlik, shafqatsizlik, e’tiqodsizlik kabi ofatlarni yoyayotgan?! O‘rmonlarni yong‘in balosi tinim bilmay yamlayotgani (Dit shahridagi olovlar buning oldida holva!), bir yoqda suv toshqinlari, yana bir yoqda suv tanqisligi ... Dunyoning bir burjida global isishdan, boshqa burjida esa bemahal tushgan qahratondan kelayotgan ulkan zararlar ...
Bularning bari hatto fazilat darajasiga ko‘tarilayozgan axloqsizlik, egoizm,
befarqlikning oqibati emasmi?!
Agar Dante “Do‘zax” ning dastlabki olti doirasiga “joylashtirgan” gunohkorlar yorug‘ dunyoga qaytarilganda edi, ular bunda jinoyatchi hisoblanmasdi. Yettinchi va to‘qqizinchi doiralar oralig‘ida esa aksincha, hatto
bizning butunjahon hamjamiyatlarimiz ham jinoyatchi sanaydigan osiylar bandi etilgan: qotil, zolim Attila, Obitsso d’Este, poraxo‘r Bonturo, Gomita, o‘g‘ri Vanni Fuchchi, Kak, soxta pul yasash bilan shug‘ullangan usta Adamo, yurtini, yurtdoshlarini sotgan Bokka deli Abati, Buozo da Duera va boshqalar. Foniy dunyo esa ulardan beshbattarini ham ko‘p ko‘rgan. Manfur vujudida sadizm qoni oqqan Gitler, Beriya, Chikatillolarning o‘zi bularning yorqin dalilidir.
Nima bo‘lganda ham Dante jinoyat-gunohlarni yorug‘ dunyodagi yuridik
qonunlardan ayricha tarzda axloq prinsipi asosida tasniflagan. Ulug‘ shoir tasvirlagan Do‘zax sxemasidagi eng chuqur qavat — to‘qqizinchi doira xoinlarga mo‘ljallangan:
64 ... Ditning taxti turgan eng teran chuqur —
Olam tubi bo‘lmish eng pastki qabat —
Sotqinlar ahlini manguga yutur”.
(11-qo‘shiq)
Bu doira o‘z navbatida xiyonat darajasiga qarab to‘rt qismga bo‘lina di: Kainda qarindoshlariga, Antenorda yurtiyu hamfikrlariga, Tolomeyada esa do‘stlariga sotqinlik qilganlar jazo tortsa, so‘nggi mintaqa bo‘lmish Judekka Insoniyat hamda Ilohiyotning eng oliy namoyandalaridan yuz o‘girgan xiyonatkorlar to‘ng‘igan ma’vodir. Dantening fikricha, barcha illat-u gunohlar to‘planib, yig‘ilib, oxiri XIYONATga evriladi. Demak, dantecha dunyoqarash bo‘yicha eng dahshatli gunoh — sotqinlik.
Agar Do‘zaxda aytilgan gunohlar umumlashgan holda tasniflansa,
ularning quyidagi uch yirik gunohga birlashishini sezish qiyin emas:
Badnafslik (2-6-doiralar), Zo‘ravonlik (7-doira) va Aldov (8-9-doiralar)
Shoir hali foniy dunyodaligida tepalik bag‘rida aynan shu uch illatga to‘qnash kelgani yodingizdadir? Faqat ular o‘shanda Qoplon, Arslon hamda Qashqir ko‘rinishida edi.Ancha keyin, do‘zaxning turli qavatlarini bosib o‘tish jarayonida Spiramida, Kleopatra, Axilles, Paolo, Francheskalar (zinokorlar), Serberning tish-u tirnoqlaridan terisi shilinib, balchiqqa belanib yotgan Chakko singari ochko‘zlar, shuningdek, Dionisiy, Pirr, Attila, Obitsso d’Este, Atssolinolar (zolimlar) ning dahshatli azoblarga hukm etilganining guvohi bo‘lar ekan, Dante foniy dunyoning azaliy illatlari — Buzuqchilik (badani qoramtirchipor dog‘lar bilan to‘lgan Qoplon), Zo‘ravonligu manmanlik (ishi qon to‘kish bo‘lgan Arslon) hamda Badnafslik (ochofat Qashqir) jahannamning ham asosi ekanligiga tushunib yetadi. Bu ishonch eng chuqur qavat bo‘lmish to‘qqizinchi doiraning Judekka nomli eng so‘nggi qismida to‘ng‘ib yotgan Lyutsifer (Azozil) ning uch yuzi uch xil tusda ekanligi unga ma’lum bo‘lgandan keyin yanada mustahkamlandi. O‘sha uch yirtqichga mansub Qora, Qizil, Sarg‘ishoqish ranglar xuddi elektr toki simlari misol oxiroqibat olam tubidagi Iblisga borib taqalar ekan.
Albatta, Jahannam safari nihoyasidagina Dante uch hayvon Do‘zax
mundarijasi bo‘lganini tushunib yetgani shubhasiz. Faqat Do‘zaxni tark
etayotgandagina sayyoh shoir shunday xulosaga kelganligi muqarrar. Dante
ning bu xulosalari “Komediya” ning ilk kantikasini to‘liq mutolaa qilgan o‘quvchi — adib bilan xayolan narigi dunyoga sayohatga chiqqan kitobxon — dahshat nimaligini uni ko‘rgachgina tushungan odamzod uchungina yorug‘, ravshandir. Shu bois asliyatida ropparosa o‘n sakkiz bor “Paura” (Dahshat) so‘zi qo‘llangan “Inferno” (“Do‘zax”) bashariyat uchun hamisha ogoh qo‘ng‘irog‘i bo‘lib qolaveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |