Tadqiqotning tuzilishi. Magistrlik dissertatsiyasi Kirish, besh bob, Xulosa va adabiyotlar ro‘yxatidan tashkil topgan. Hajmi 96 bet.
I bob
TARIX. TARIXIY HAQIQAT VA BADIIY TALQIN
I.1. Tarixiy voqelik
Adabiyotni davrlashtirish muhim nazariy-amaliy ahamiyatga ega ekanligi hammamizga ma’lum. Shu jumladan, turkiy adabiyotlarni ham. Gap shundaki, har qanday davrlashtirish o‘sha adabiyotning tarixiy taraqqiyot bosqichlarini belgilamoqdir. Taraqqiyot bosqichlarini belgilamoq esa, xos jihatlarini aniqlamoqdir. Bular esa, o‘z navbatida, uni o‘rganish va o‘rgatishning asosiy omillarini tashkil qiladi. Shu jihatdan olib qaraganda, turkiy adabiyotlarning bosib o‘tgan yo‘li g‘oyat sermazmun va benihoya ibratlidir.
Bu bosqichlarning xronologik chegaralari: birinchisi — X asrgacha
bo‘lgan davr, ikkinchisi — XIX asrgacha bo‘lgan davr, uchinchisi — XIX asrdan buyog‘i. Lekin bunday davrlashtirish ham masalani hal qilib bera olmaydi. Adabiyotni eng kami ikki-uch yo‘nalishda — xalq tarixining muhim bir qismi, xalq hayoti oynasi, va tabiiyki, badiiy tafakkur rivoji nuqtai nazaridan o‘rganish unga juda ko‘p jihatlardan yondashishni taqozo qiladi.
Akademik O. Dadashzoda 1979 yilda nashr etgan «Azerbaydjanskaya literatura» kitobida mazkur adabiyotni shunday davrlashtiradi:
Xalq og‘zaki ijodi — XI-XII asrlar adabiyoti — XIII-XIV asrlar adabiyoti — XVII-XVIII asrlar adabiyoti — XIX asr adabiyoti — XX asr adabiyoti — sovet davri adabiyoti.
XX asrning 80-yillari o‘rtalarida chop etilgan 6 jildlik «Tatar adabiyoti tarixi»da davrning ijtimoiy-siyosiy, etnik belgilarini umumlashtirishga moyillik seziladi. Masalan, tatar hamkasabalarimiz yozma adabiyotning ilk davri IX—XIII asrlarni «Bulg‘or davri» deb ataydilar va Qul Alining «Qissai Yusuf»ini shu davr adabiyoti mahsuli sifatida o‘rganadilar.
Ma’lumki, Turkiston o‘lkasi umuminsoniyat taraqqiyotining yirik o‘choqlaridan biri hisoblanadi. Afsuski, bu qadimiy davrlarga tegishli yozma ma’lumotlar o‘zaro urushlar, tabiiy ofatlar va chet el bosqinchilarining tajovuzlari orqasida kamdan-kam saqlangan. Ayniqsa, arab xalifaligining hujumlari madaniy merosni yo‘q qildi. Bu haqda buyuk alloma Beruniy shunday yozgan edi: «712 yilda arab lashkarboshisi Qutayba ibn Muslim o‘lkaga bostirib kirib xorazmliklarning yozuvini bilgan, ularning rivoyatlarini saqlab qolgai barcha kishilarni, ular orasidagi barcha olimlarni imkoni boricha quvg‘in qildi va qirib yubordi, natijada ularning o‘tmishi shu qadar zulmat bilan chulg‘andiki, endi biz bu yerga islom kirib kelgan vaqtda ularning tarixida bo‘lgan voqealar to‘g‘risida haqiqiy bilimga ega emasmiz».
Mumtoz o‘zbek adabiyotining ilk belgilari Ahmad Yassaviy hikmatlarida
va uning ma’naviy vorislari yaratgan adabiy maktabning badiiy tilida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Bundan to‘qqiz asr burun zo‘r ilhom va mahorat bilan yaratilgan «Devoni hikmat» insoniy haqiqatni anglash va ilohiy qudratdan madad olib yashash yo‘llarini o‘rgatadi.
Buyuk vatanparvar Ahmad Yassaviy XII asrdayoq ona tilimizning hi
himoyachisi va targ‘ibotchisi bo‘lib maydonga chiqqandi.
Ahmad Yassaviy hikmatlari va uning adabiy maktabi Turon va Xurosondan tashqari, sharqda Mo‘g‘uliston-u shimoli-g‘arbda Volga bo‘ylaridagi Oltin O‘rdagacha, Qora dengiz va O‘rta Yer dengizi bo‘ylaridagi Turkiyagacha ulkan hududlarda ijod qilgan turkiyzabon shoirlarni bir adabiy
til atrofiga jipslashtiradi.
Xorazmiyning «Muhabbatnoma»si, Sayfi Saroyining «Turkiy Guliston» i, Turkiyada ijod qilgan Hoji Bektosh asarlarining badiiy tili Ahmad Yassaviy hikmatlarining eng yaxshi an’analariga asoslanganligi bu fikrni isbot etadi.
Insonni ma’naviy kamolot yo‘liga chorlagan eng kuchli islomiy ta’limot tasavvuf deb atalishi ko‘pchilikka ma’lum. Yassaviy Buxoro madrasasida tahsil olgan yillarida tasavvuf ilmini Yusuf Hamadoniydek mashhur allomadan o‘rgangan.
Bahouddin Naqshbandning ustozi Abdulxoliq G‘ijduvoniy ham Yusuf
Hamadoniyning shogirdi bo‘lgan. Ahmad Yassaviyga mana shunday buyuk
pirlar tasavvuf saboqlarini meros qoldirganlar.
Ahmad Yassaviy hikmatlari «Alp Er To‘ng‘a» dostonida ko‘p tilga
olinadigan eranlarni ulug‘laydi. Hikmatlar tili «Devonu lug‘otit turk» va
“Qutadg‘u bilig» tilining donishmandlik an’analarini davom ettiradi.
Ma’lumki, Ahmad Yassaviy XI-XII asrlarda Turonzaminda ichki urushlar
avjiga chiqqan, ma’naviy inqiroz kuchaygan davrda yashagan. X-XI asrlarda
Beruniy, Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib va Mahmud Qoshg‘ariy kabi ulug‘
siymolar faoliyat ko‘rsatgan davridagi ma’rifatparvar hukmdorlar o‘rnini
XII asrda mol-u dunyoga hirs qo‘ygan, ilm-u ma’rifatdan yiroq bo‘lgan, mudom toj-u taxt va amal talashib, xalqni qirg‘inbarot urushlar girdobiga tashlagan noshud xonu beklar davlat tepasiga kelgan edi. Ularning atrofida yurgan ayrim xushomadgo‘y, nursiz saroy olimlari turkiy tilga past nazar bilan qaraganini Yassaviy quyidagi satrlarda ochiq aytadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |