VOQEABAND LIRIKA Lirik kechinmani voqeaning ixcham tasviri asosida ifodalovchi she’rlar, zamonaviy she’riyatda keng tarqalgan janr. Voqeaband lirikada voqeani tasvirlash asosiy maqsad emas, balki bir vosita, lirik kechinmani ifodalash vositasidir. Masalan, X.Davronning “1941-yil. 22-iyun. Peshin” she’ri:
Ularni qo‘yishdi jar yoqasida…
Otasin qo‘lini ushlagan go‘dak
Chor atrofga qarab sho‘x, olazarak,
So‘radi: “O‘q tegsa og‘rirmi, dada?”
Uning ovozini bosdi guldurak…
Bahorda jarlikni qoplar o‘t-o‘lan,
O‘tlar uzra suzib o‘tar oq bulut
Va shunda giyohlar achchiq dard bilan
Shivirlar-shivirlar: “Og‘rirkan, dada!”
Bu nola hech qachon bo‘lmaydi unut…
Shoir urushga munosabatini ifoda etish uchun konkret voqeani oladi, lekin uni izchil tasvirlamaydi, uning eng muhim nuqtasini jonlantirish bilan cheklanadi: ko‘zlagan maqsadi uchun shuning o‘zi yetarli.
XARAKTER, badiiy xarakter (yun. character – iz, belgi, farqlovchi xususiyat) Muayyan davr kishilariga xos eng muhim xususiyatlar bilan alohida shaxsga xos individual xususiyatlarni o‘zida mujassam etgan inson obrazi.
XRESTOMATIYA esk. (yun. chrestos – yaxshi, foydali + mathano –o‘rganaman, o‘qiyman) Taniqli yozuvchi yoki olimlarning tanlangan asarlaridan yoki ulardan parchalardan tuzilgan to‘plam shaklidagi o‘quv qo‘llanmasi. Mas. bolalar adabiyoti xalq axloqiy qarashlarini badiiy aks ettiruvchi pedagogik xrestomatiyadir. Adabiyot xrestomatiyasi.
YALINCHOQ Mohiyatan tabiat hodisalari bilan bog‘liq bo‘lib, ibtidoiy animistik qarashlar zamirida vujudga kelgan va yagona vazifadoshlik kasb etgan holda shakllangan bolalarning mavsum-marosim qo‘shiqlari. Davrlar o‘tishi bilan animistik e’tiqod ham so‘na borgan, natijada unga daxldor marosim ham so‘ngan. Biroq marosimga oid ayrim qo‘shiqlar, inchunin, quyoshga, oyga, kamalakka, yulduzlarga, shamolga, yomg‘irga va boshqa tabiat hodisalariga yalinishdan iborat animistik mohiyatini yo‘qotgan holda bolalar repertuariga o‘tib, goh rudiment holida, goh transformasiyaga uchragan holda yashay boshlagan. Bolalar repertuarida g‘oyat keng tarqalgan va xilma-xil variantlarga ega “Oftob chiqdi olamga” yalinchog‘i bu jihatdan e’tiborga loyiq.
YECHIM Sujet unsuri. Epik yoki dramatik asar asosida yotgan asosiy voqealar rivojining yakuni, ularning nihoyasida qahramonlar ruhiyatida, taqdirida yuzaga kelgan holatni, personajlar orasidagi konfliktning yechimini bayon qiluvchi sujet qismi. Masalan, X. To‘xtaboyevning “Sehrli qalpoqcha” qissasida Hoshimjonning turli kasblarga urinib ko‘rib muvaqqayiytsizlikka uchragach, “odam o‘qimasa, agronom ham, shoir ham, injener ham bo‘lolmas ekan. Endi o‘qiyman” degan xulosaga kelishi qissaning yechimidir.Yechimda konfliktli holat, qahramonlar orasidagi ziddiyatlar o‘zining badiiy yechimini topadi. Biroq bu qat’iy qoida emas. Ko‘plab asarlarda yechimdan so‘ng ham ziddiyatlar, qahramonlar taqdiridagi chigalliklar hal qilinmaganicha qolaveradi yoki yechim berilmaydi. Bu o‘quvchini o‘ylashga, mushohada qilishga undaydi. Ya’ni tom ma’nodagi yechimning mavjud emasligi asarning ta’sir kuchini, o‘quvchuning ijodiy faolligini oshirishga xizmat qiluvchi usulga aylanadi.
YUMOR (ingl. humour – kayfiyat, moyillik) Badiiy adabiyotga mansub yumoristik asarda yozuvchi ijtimoiy hayotdagi, shaxsiy turmushdagi, xususan, ayrim kishilardagi baʼzi kamchilik, nuqsonlardan kulib, uni tanqid qiladi. Bunda yozuvchi tanqid qilinayotgan obyektning yoʻqotilishiga tarafdor emas, unga achinadi, undagi mavjud kamchilikning tuzalishini istaydi. Yengil tanqid, hazil ruhi bilan yumor satiradyan farq qiladi. Satirik asarda ijtimoiy hayot hodisalari zaharxanda kulgi orqali fosh etilsa, xarakterdagi nuqsonlar hazil-mutoyiba, kinoya bilan tanqid qilinadi. Satirada yumor unsuri boʻlganidek, yumorda ham satira unsuri bor. Har qanday jiddiy asar (roman, qissa, hikoya, doston, sheʼr)da, xalq ijodi namunalarida ham yumor boʻladi. Gʻarb adabiyotidagi asosiy namoyandalari Servantes, L. Stern, Ch. Dikkens, N. V. Gogol, M. Tven; oʻzbek adabiyotida esa Muqimiy, Gʻ. Gʻulom, A. Qahhor, S. Ahmad va boshqalar.
G‘AZAL (ar. ayollarga xushomad qilish, ayollarni madh etish) Sharq mumtoz she’riyatida eng ko‘p tarqalgan lirik janr, 3-4 baytdan 19 baytgacha bo‘lgan hajmda yozilib, a-a, b-a, v-a, g-a … tarzida qofiyalanuvchi she’r.
Gʻazal dastlab ishqiy mavzuda yozilgan boʻlsa-da, keyinchalik uning mavzu doirasi kengayib bordi hamda ijtimoiy-siyosiy, falsafiy-axloqiy, mavʼiza (pandnasihat) va hajviy gʻazallar yuzaga keldi. Gʻazal tuzilishiga koʻra 4 mustaqil turga ajraladi: mustaqil baytlardan tuzilgan (parokanda) gʻazal; yakpora gʻazal; voqeaband gʻazal.; musalsal gʻazal. Maʼno jihatidan esa orifona, oshiqona va rindona gʻazallarga boʻlinadi.
G‘azalning o‘zaro qofiyalangan misralardan iborat birinchi bayti matla’ yoki mabda’ (boshlanma, boshlanish), oxirgi bayti esa maqta’ (tugallanma, xotima) deb yuritiladi.
G‘OYA, badiiy g‘oya Badiiy mazmunning muhim komponenti, asardan kelib chiqadigan obrazli, umumlashma fikr. Asarda tasvirlanayotgan voqea-hodisalarga muallifning g‘oyaviy-hissiy munosabati, obrazlar sistemasi vositasida qo‘yilgan problematikaning badiiy idrok etilishi va baholanishi natijasida namoyon bo‘luvchi badiiy hukm. Masalan, X. To‘xtaboyevning “Sehrli qalpoqcha” qissasining g‘oyasi “ inson o‘qimay, bilim olmay turib hech qanday kasbni egallay olmaydi, jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmaydi” degan fikrdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |