ALIFBE-TOPISHMOQ Alfavitdagi harflar ketma-ketligi asosida yaratilgan janr. K.Turdiyeva topishmoqlarni shunday ketma-ketlikda beradiki, ularning javobi alfavitdagi harflar bilan boshlanadi. M:
A– Asal yig‘ar, nishi bor. (Asalari)
B– Sariq meva dorivor.(Behi)
D– Marjonlardek terilgan. (Do‘lana)
E – Aqlliga berilgan. (Es)
F – Juda ham ulkan jonzot. (Fil)
G – U bilan go‘zal hayot. (Gul)
H – Qovunga kichik ini. (Handalak)
ALIFBE-SHE’R Alifbe she’r alfavitdagi har bir harf bilan boshlanuvchi she’r bo‘lib, kichkintoylarga ularni esda saqlash, to‘g‘ri talaffuz qilish maqsadini ko‘zlaydi, alliteratsion tovushlar tizimi o‘quvchilarni shu tovush talaffuziga o‘rgatib boradi. XX asr bolalar adabiyotida alohida janr darajasiga ko‘tarilgan alifbe she’rlar tadrijiga Sulton Jo‘ra, Asqad Muxtor, Muxtor Xudoyqulov kabi shoirlar alohida hissa qo‘shishgan. Istiqlol yillarida esa K.Turdiyeva, D.Rajab bu janrda barakali ijod qilib kelmoqda. M:
Aa – Men “A”dirman, “A”dirman,
Ko‘p narsaga qodirman,
“Qor”, “Bol”, so‘zlarga qara:
Yasadim “Qora, bola”
Bb – “B” harfiman beaho,
Boshlaganim besh baho.
Sen o‘ylagan barcha o‘y,
Meni qo‘shsang cho‘zar bo‘y.
ALIFBE O‘GIT Alifbedagi har bir harf bilan boshlanuvchi o‘gitlar. Ijodkor alfavitdagi har bir harf bilan boshlanuvchi o‘gitlarni she’riy misralarga tizib chiqadi. Masalan, K.Turdiyevaning “Alifbeda nasihat” she’ri:
“A” aql, adolat, azal, asli hammadan Afzal,
“B” botir bo‘lsang bil shafqat, bemehr bo‘lma faqat.
“D” dono so‘zdan yarar dil, donolarni do‘sting bil,
“E”eshit, esingda tutgin, erinishni unutgin.
“F” fahm, farosat albat, eng foydali fazilat.
“G” go‘zaldir gul-u giyoh, gullarni toptash gunoh.
“H” hadis, hikoya, hikmat, uyg‘otar mehr, himmat.
“I” intil ilm izlashga, shu maqsadni ko‘zlashga.
“J”jahlingni jilovlab ol, janjal naf bermas biror.
“K” kamtarga kamol chopar. Kekkaygan zavol topar…
ALLA 1. Bolani orom oldirish, uxlatish uchun faqat kuylanadigan qo‘shiq, janr. A.ni shunchaki aytish yo deklomatsiya qilish mumkin emas. Monoton ohang o‘zbek allalari uchun mushtarak xususiyatdir. Odatda, allalar kuyi bilangina bolaga orom bag‘ishlaydi, uni elitadi. Bola uchun uning so‘zi emas, balki kuyi muhim. Chunki u hali so‘zni anglamaydi. Alladagi so‘zlar ona uchun muhim: ular ona qalbining nidolari. M:
Bulbul qushning bolasi,
Alla, qo‘zim-o, alla.
Daraxtda bo‘lar uyasi,
Alla, bolam-o, alla.
Daraxt boshini sel olsa,
Alla, qo‘zim-o, alla.
Shaydolar bo‘lar onasi,
Alla, bolam-o, alla
2. uxlamoq; kichkintoylar tiliga xos so‘qma so‘z. 3. L.Z.Budagov chig’atoychada «allala» boshning orqasi, ya’ni «ensa»ni anglatishini qayd etgan.1
Do'stlaringiz bilan baham: |