TALAFFUZ LUGʻATI Soʻzlarning adabiy talaffuzi qayd etiladigan lugʻat; orfoepik lugʻat. Masalan, “O‘zbek tilining orfoepik lugʻati” («O‘qituvchi» nashriyoti, 1977).
TALAFFUZ ME’YORI Adabiy tilga xos talaffuzni belgilovchi me’yor; orfoepik me’yor: kotta emas, katta; ena emas, ona talaffuz qilish kabi.
TALAFFUZ Nutq tovushlarining aytilishi: toʻgʻri talaffuz, adabiy talaffuz.
TANGLAY TOVUSHI – q. Palatal tovush.
TANGLAY-TISH UNDOSHLARI Havo oqimi ogʻiz boʻshlig‘ida ikki toʻsiqdan (til bilan milk orasidan va til orqa qismi bilan yumshoq tanglay orasidagi toʻsiqdan) sirgʻalib oʻtishi bilan hosil boʻladigan til oldi undoshlari. Masalan, j, sh undoshlari.
TAQLID SOʻZ Inson, hayvon va boshqa narsalarning tovushini, harakat-holat obrazini taqlidan ifodalovchi soʻz: chars-churs, gup, miyov; lip-lip, lov-lov, yalt-yult va b. Taqlid soʻzlarning ikki turi farqlanadi: 1) tovushga taqlid soʻz (q.); 2) obrazga taklid soʻz (q.)
TAKRORIY SOʻZ Ayni soʻzni takror holda qoʻllash bilan tuzilib, koʻplik, davomlilik kabi ma’nolarni ifodalovchi soʻz; soʻzning takroriy shakli. Takroriy soʻzda pauza oddiy takrordagidan juda qisqa boʻladi: dona-dona, katta-katta, tez-tez, qarab-qarab, hoʻng-hoʻng kabi: Uzun-uzun pushtalarda katta-katta olachipor tarvuzlar dumalab yotibdi. (Sh. Sa’dulla)
TAQSIM SON Predmet miqdorini taqsimlash, guruhlash yoʻli bilan bildiruvchi son. Sonning bu turi -tadan qo‘shimchasi yordamida yasaladi: beshtadan, toʻqqiztadan kabi.
TAKT Nutqning talaffuz jihatdan yaxlitlangan va pauza (pauzalar) bilan ajraladigan parchasi.
TARIXIY FONETIKA Tilning tovush tomonini tarixiy taraqqiyotda (diaxronnk planda) oʻrganuvchi fopetika.
TARIXIY MORFEMA Hozirgi tilda ma’nosini yoʻqotgan (til birligi sifatida yoʻq), tarixan ma’noli boʻlgan morfema. Masalan, yalpoq, yaylov kabi soʻzlarping yal-, yay- qismi tarixan lugʻaviy ma’noli morfema boʻlgan.
TARIXIY SOʻZ O‘tmishga oid voqea-hodisalarni ifodalaydigan, bu voqea-hodisalarni nomlash maqsadida hozirgi tilda ishlatiladigan soʻz: kanizak, darvesh, g‘ulom, kashkul, juvoz, omoch va b.
TARJIMA LUGʻATI Bir tilning (tarjima qilinayotgan tilning) lugʻaviy birligiga boshqa tilning ma’no jihatdan ekvivalenti beriladigan, oʻzga tilning lugʻaviy birligi tarjima etiladigan lugʻat. Bunday lugʻatlar ikki tilli yoki koʻp tilli boʻlgʻishi mumkin: ruscha-oʻzbekcha lugʻat, inglizcha-ruscha-oʻzbekcha lugʻat va b.
TARTIB SON Predmetning sanoq jihatdan tartibini bildiruvchi son. Sonning bu turi -(i)nchi qo‘shimcha yordamida yasaladi: ikkinchi, oltinchi, oʻninchi kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |