Ovozga taqlid nazariyasi. Bu nazariya qadimgi yunon olimlari Demokrit va Platonlar davrida paydo bo`lib, XX asrgacha
yashab keldi. Ovozga taqlid nazariyasi talqiniga ko`ra, yer yuzida paydo bo`lgan dastlabki odamlar ongli ongsiz ravishda tevarak-
atrofdagi turli – tuman predmetlarning tovushlariga, chunonchi, yirtqich hayvonlarning o`kirishi, qushlarning sayrashi, tezoqar suvning
shildirashi, shamolning uvillashi kabilarga taqlid qilish natijasida nutq paydo bo`lgan. Masalan, sharshara, qarg`a, kaklik, chirillamoq,
shildiramoq, g`urillamoq; rus tilida: шипет,шипение, гавкат, кукушка kabi. Agar tillardagi, jumladan, o`zbek yoki rus tilidagi so`zlar
faqat taqlidlardan, to`g`rirog`i, tovushga taqlidlardan iborat emasligini hisobga oladigan bo`lsak, bu nazariyaning u darajada asosli
emasligini sezamiz. Va yana aytish mumkinki, tabiatda tovush chiqaradigan predmetlar soni tovush chiqarmaydigan narsalar soniga
qaraganda kamroq. Tovushsiz narsalarning (tuproq, tog`, quyosh, osmon, g`or, qor kabi) nomi qaerdan paydo bo`lgan-u, til va
tafakkursiz nutq qanday yuzaga kelgan? XX asrning 90-yillarida – Avstraliya va Janubiy Amerikada topilgan, ibtidoiy formatsiyani
boshidan kechirayotgan qabilalarda – o`tkazilayotgan tajribalarning ko`rsatishicha, bu tillarda tovushlarga taqlid asosida paydo bo`lgan
so`zlar miqdori nihoyatda oz. Bundan tashqari, tabiatdagi tovushlarga taqlid qilish uchun insonda nihoyatda rivojlangan nutq organi
bo`lishi ham zarur.
Demak, ovozga taqlid nazariyasi tafakkur va tilning chambarchas bog`liqligini inobatga olmaydi, til va nutqni farqlamaydi, tilning
paydo bo`lishidagi ijtimoiy zaruratni e’tibordan chetda qoldiradi. Bu nazariya tilning paydo bo`lishi masalasini hal etmaydi.
Undov nazariyasi. Bu nazariya tilning paydo bo`lish masalasini boshqacha talqin etadi. Ushbu nazariya tarafdorlari tildagi
barcha so`zlar kishilarning his -tuyg`ulari, qahr-g`azablari, hayajonlari ta’sirida ixtiyoriy yoki ixtiyorsiz baqirishlari natijasida paydo
bo`lgan, deb da’vo qiladilar. Bunday so`zlarga oh (ohlamoq), uff (uflamoq), voy (voyvoylamoq), dod (dodlamoq) kabilarni misol
keltiradilar va tildagi boshqa so`zlar esa ana shu kabi so`zlarning kombinatsiyalaridan kelib chiqqan, deb hisoblaydilar. XVIII asrda
yashagan fransuz olimi Jan Jak Russo ham shu nazariya tarafdorlaridan biri bo`lgan. Madomiki, tildagi barcha so`zlar haqiqatan ham
shu nazariya tarafdorlari aytganidek yaratilgan bo`lsa, tildagi emotsiyalardan yiroq ming – minglab predmetlarning nomi qanday paydo
bo`lgan? Tabiiyki, undov nazariyasi tarafdorlari bu kabi savollarga javob berishga ojiz. Undov nazariyasi tilning ijtimoiy xarakterini
inobatga olmaydi, ya’ni biologik aspektning birgina jihatiga tayanib inson va kishilik jamiyatining paydo bo`lishini hisobga olmaydi. Bu
g`ayriilmiy nazariyadir.
9
Do'stlaringiz bilan baham: |