Homiylik kengashining umumiy yig’ilishi – o’rta maxsus ta’lim muassasalari
Homiylik kengashi ishining tashkiliy shakli. Uning asosiy vakolatlariga quyidagilar
kiradi: Homiylik kengashi faoliyatining asosiy yo’nalishlarini aniqlash; Homiylik
kengashining joriy va istiqbol rejalari, ularning bajarilishi to’g’risidagi hisobotlarni
tasdiqlash; maxsus jamg’armani tuzish va undan foydalanish tartibi; Homiylik
kengashi belgilagan vazifalarni bajaruvchi organlarni tuzish; kredit olish to’g’risida
qaror qabul qilish; Homiylik kengashining tarkibini kengaytirish to’g’risida qaror
qabul qilish; xarajatlar smetasini tasdiqlash; o’quvchilarga stipendiyalar tayinlash;
o’quv yurtining rahbarlari, pedagogik personal va boshqa xodimlarning maoshiga
ustama haq to’lash, mukofotlar va bir marotabalik to’lovlar miqdorini tasdiqlash;
o’quv yurtining Homiylik kengashi raisi va taftish komissiyasini saylash; Homiylik
kengashi a’zolarining kirish va joriy badallarining miqdorini aniqlash.
Kengashning umumiy yig’ilishida hal qiluvchi ovoz berish huquqiga ega bo’lgan
a’zolari yoki ularning vakillari qatnashadi. Bunda jamoa a’zolari bittadan vakil
yuboradi. Homiylik kengashining umumiy yig’ilishi, agar ularning yarmidan ko’pi,
shu hisobda ikki va undan ortiq vakilning ishonchnomasi bo’lgan shaxslar
qatnashgan taqdirda qaror qabul qilishga haqli, shuningdek, u o’z vakolatlari
doirasida boshqa masalalarni ko’rib chiqishi, o’quv yurti direktoriga o’z vakolatlarini
berishi mumkin. Homiylik kengashi umumiy yig’ilishi tomonidan qabul qilgan
qarorlar uning barcha a’zolari tomonidan birdek bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Homiylik kengashining umumiy majlisi o’z qarorlarini bajarish uchun asosiy
hujjat bo’lgan protokol (bayonnoma) bilan rasmiylashtiradi. Kengashning umumiy
yig’ilishi 3 oyda kamida bir marta tashkil etiladi. Mazkur kengash raisi navbatdagi
yig’ilish vaqti va joyini, kun tartibini belgilaydi va majlisdan 10 kun oldin
kengashning barcha a’zolariga majlis kun tartibi va uning loyihalarini yuboradi.
A’zolarning kamida 1/3 qismi kengash raisiga navbatdan tashqari yig’ilish kun
tartibini belgilash orqali yozma ravishda murojaat qilganda Homiylik kengashining
navbatdan tashqari yig’ilishi chaqirilishi mumkin.
Homiylik kengashi a’zosi, agar u yig’ilishda qatnasha olmasa, kun tartibining
barcha masalalari bo’yicha o’z mulohazalarini yozma ravishda bayon qilish huquqiga
ega. Ovoz berishni talab qiladigan masalalar bo’yicha, yig’ilishda qatnashmayotgan
Homiylik kengashi a’zosi yozma ravishda ovoz beradi. Umumiy yig’ilish jarayonida
kun tartibiga kiritilishi kerak bo’lgan masalalar yig’ilishda qatnashmayotgan
Homiylik kengashi a’zolarining yozma ravishda ovoz berganidan so’ng qabul
qilinadi.
Yillik moliyaviy rejani tasdiqlash; Homiylik kengashi tartibiga yangi a’zolar
kiritish; kengash a’zolarining kirish va joriy badallarining miqdorlarini aniklash
Homiylik kengashi a’zolarining bir ovozga ega bo’lishi muhimdir. Homiylik
kengashi raisi agar ovozlar teng bo’lgan taqdirda o’z vakolatiga ko’ra 2 ta ovozga ega
hisoblanadi. Homiylik kengashining o’z majburiyatlarini bajarmagan yoki to’liq
bajarmagan a’zosi Kengash safidan chiqariladi. A’zolarni kengash safidan chiqarish
to’g’risidagi qaror umumiy yig’ilish tomonidan qabul qilinadi.