3-§. Islom
Islom – (al-islom – «Allohga bo‘ysunmoq» «itoat qilmoq») – jahon dinlaridan biri.
Zamonaviy islom – e'tiqod qiluvchilari soni jihatidan ikkinchi (xristianlikdan keyin) jahon
dini. Taxminiy hisoblarga ko‘ra, yer kurrasida musulmonlarning umumiy soni 1 mlrd. kishiga
boradi (ulardan 90 foizga yaqini sunniylar), bundan uchdan ikki qismidan ortig‘i Osiyoda
(qit'a aholisining 20% dan ziyodi), qariyb 30 foizi Afrikada (qit'a aholisining 49 foizi)
yashaydi. Jahondagi musulmon jamoalari bo‘lgan 120 tadan ortiq mamlakatdan 35 tasida
musulmonlar aholining ko‘pchiligini tashkil etadi. Osiyo va Afrikadagi 28 ta davlatda islom
davlat dini (yoki rasmiy din) deb e'tirof etilgan
406
. Ayrim mamlakatlarda «islom» so‘zi
ularning nomiga kiritilgan: Eron Islom Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi,
Mavritaniya Islom Respublikasi va boshqalar.
Islom ijtimoiy-mafkuraviy hodisa sifatida Arabiston jamiyati taraqqiyotining tarixiy
in'ikosi, butun Yaqin Sharq qadimgi zamondan o‘rta asrga o‘tishi davrida unga xos bo‘lgan
umumiy jarayonlarning natijalaridan biri bo‘ldi. Sof diniy nuqtai nazardan uning paydo
bo‘lishi o‘zidan oldingi dinlar – xristianlik, yahudiylik va zardushtiylikning ta'siri va rivoj
topishi bilan ham, Arabiston aholisi diniy ongining tadrijiy yuksala borishi hamda sinkretik
(qorishiq) yakka xudolikning arablarga xos shakllari bilan ham bog‘liq bo‘ldi.
«Al-islom» atamasi Qur'onda «al-imon» (ishonch, e'tiqod) va «ad-din» (diniy
majburiyatlar majmui, din) so‘zlariga yaqin ma'noda sakkiz marta uchraydi. Ana shu
tushunchalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanishni islom ulamolari turlicha izohlaydilar. Sunniylar
orasida tarqalgan nuqtai nazarlardan biriga ko‘ra, «ad-din» tushunchasi beshta arkonning yoki
asosiy diniy qoidalarning majmui sifatida «al-islom»ni, Allohning va Muhammad payg‘ambar
aytgan hamma narsaning chinligiga ishonch sifatida «al-imon»ni va ma'naviy fazilat sifatida
«al-ehson»ni o‘zida mujassam etadi.
Islom diniy ta'limotining beshta arkoni (ustuni) to‘g‘risidagi tasavvur musulmon
jamoasining vujudga kela boshlagan ilk davridayoq tarkib topgan. Bu beshta arkon (arkon
shariat al-islom, arkon al-islom, al-arkon al-xamsa) quyidagilardir:
1) ash-shahoda (kalimai shahodat) – islomning ikkita asosiy aqidasini, ya'ni Allohning
yagonaligiga iqror bo‘lish (at-tauxid)ni va Muhammadning payg‘ambarlik vakolati e'tirof
etilishi (an-nubuvva)ni o‘zida mujassam etgan dinga e'tiqod qilish; 2) as-salat (namoz
o‘qish); 3) as-saum (ro‘za tutish); 4) az-zakot (faqiru bechoralarga berish, Alloh yo‘lidagi
ishlarga sarflash uchun berilishi shart bo‘lgan xayr-ehson); 5) al-xadjj (muqaddas joylarga,
xususan Makka shahriga ziyoratga borish). Islom diniy ta'limotining beshta arkonidan to‘rttasi
ma'naviy-axloqiy va marosimga oid ko‘rsatmalarni o‘z ichiga oladi hamda shu asnoda islom
asoschisining marosimlarga va diniy hayot qoidalariga ko‘proq e'tibor qaratganligini aks
ettiradi. Bu holat keyinchalik aqidalarga qaraganda huquqning ustunlik bilan rivojlanishini
ta'minladi. Shu bilan birga, ilk islomda aqidalar va odat-taomillar, din va huquq o‘rtasida aniq
farq bo‘lmagan.
«To‘g‘ri e'tiqodlilik» va «adashganlik» muammosi musulmon ilohiyotchiligining bosh
muammolaridan biriga aylangan. Turli maktablarga mansub sunniy ilohiyotchilar faqat
sunniylar (ahli as-sunna va-l-jama’a) 73 ta islom jamoasi orasida «to‘g‘ri yo‘ldan» borayotgan
yagona jamoa sifatida «najot topishi», jannatga tushajagi haqidagi, Muhammad payg‘ambarga
nisbat berilgan hadisga asoslanib «to‘g‘ri e'tiqodlilik» tarafdorlari ekanliklarini qat'iyat bilan
himoya qilganlar. G‘arb va mamlakatimiz islomshunosligida an'anaviy, sunniylik
yo‘nalishidagi islomga ergashuvchilarni «e'tiqodi mustahkamlar» (ortodokslar) deb, ularning
muxoliflarini – «bid'atchilar» (yeretiklar), «mazhabchilar» (sektantlar) deb ataydilar. Lekin
xristianlikdagi «ortodoksiya», «eres», «sektantlik» tushunchalari islomning din sifatidagi
mohiyati va o‘ziga xosligini ifodalay olmaydi. Islomda xristianlikdagi Dunyo xristianlarining
yig‘ini singari aqidalarni qonunlashtirib qo‘yadigan institut (tuzilma) yo‘q; islomning
teokratik oliy maqsadi davlat bilan bir qatorda diniy institutning (cherkovning) mavjud
bo‘lishi g‘oyasiga zid edi. Islomda barcha mintaqalarda umumiy e'tirof etilgan diniy maktab
bo‘lmagan. Diniy masalalarning turlicha sharhlanishi ehtimoli ana shundandir. Qarama-qarshi
nuqtai nazarlarning tarafdorlari ayni birday yengillik bilan Qur'ondan va sunnadan o‘z fikrlari
foydasiga va o‘z muholiflariga qarshi dalillar topganlar.
1
1
Ислам. Энциклопедический словарь. М., 1991. 109-б.
Islomga tarixiy voqyelik sifatida qarashda unga g‘oyalar va fikrlar kurashida shakllangan
va hozirda ham amal qilib turgan mafkuraviy tizim sifatida yondashish noxolislik va bir
tomonlamalikni bartaraf etishda yordam berishi mumkin. Islomdagi ana shu g‘oyalar va
fikrlar xilma-xilligi, uning yangi g‘oyalarni o‘zlashtirib olishga va moslanuvchanlikka
moyilligini, uning o‘zgarib borayotgan dunyo sharoitidagi yashovchanligini ta'minladi.
XIX asr boshlaridan to XX asrning ikkinchi yarmigacha bo‘lgan bir yarim asr islom
tadrijiy rivojlanishida muhim burilish bosqichi bo‘ldi. Sharq mamlakatlarida ro‘y bergan
ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmalardagi o‘zgarishlar, yangi sinfning – milliy burjuaziyaning
shakllanishi, milliy-ozodlik harakatining avj olishi – bularning hammasi qo‘shilib, islomning
jamiyatdagi tutgan o‘rniga qarashlarda ham, ijtimoiy hayotning yangi voqyeliklarini
islomning o‘zi tomonidan asoslashda ham o‘zgarishlarga olib kelmasligi mumkin emasdi.
Islom diniy-falsafiy va huquqiy me'yorlarining XIX asr o‘rtalarida boshlangan hamda
hozirda ham davom etayotgan yangi tarixiy sharoitga moslashuv jarayonini ko‘pgina
tadqiqotchilar, garchi u xristian reformatsiyasidan jiddiy farq qilsa ham, «musulmon
reformatsiyasi» (isloh) atamasi bilan belgilamoqdalar. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish taqozosi
musulmon islohiyotchilari va huquqshunoslari oldiga islomning bir qator an'anaviy
qoidalarini yangicha mushohada qilish zaruriyatini qo‘ydi. Biroq ushbu jarayon juda og‘riqli
va davomli bo‘ldi. Bu, masalan, musulmon mamlakatlarida bank tizimini vujudga keltirish
joizligi (yoki gunoh hisoblanishi) xususidagi bahsda aks etdi. Bahs, bir tomondan, qarz foizini
undirish man etilishi (riba’) haqidagi qoida atrofida, ikkinchi tomondan esa – sarmoyaning
ishlatmay tashlab qo‘yilishini shariat man etishi vajidan avj oldi.
Turmush tarzining qat'iy belgilab qo‘yilganligi islomning zamonaviy globallashuv
voqyeliklariga moslashuviga to‘sqinlik qilmoqda va «g‘arblashtirishga» qarshi harakat
kuchayishiga olib kelmoqda. Garchi o‘zining butun tarixi davomida islom siyosatdan chetda
turmagan bo‘lsa-da islomga siyosiy ruh berilishi musulmon mamlakatlarida milliy-ozodlik
kurashi kuchaygan va milliy o‘zlikni anglash o‘sgan sayin tobora ko‘proq namoyon bo‘la
boshladi. XXI asr boshlarida xalqaro xavfsizlikka va jahondagi barqarorlikka eng ko‘p tahdid
soluvchi turli radikal (ekstremistik) va terrorchilik kuchlari tomonidan «islom
fundamentalizmi» shiorlaridan foydalanish hozirgi sharoitda islomga siyosiy ruh berilishining
eng keskin ko‘rinishlariga aylanmoqda.
XI Bo‘lim. QADRIYaTLAR FALSAFASI (AKSIOLOGIYa)
Do'stlaringiz bilan baham: |