«Elektron hukumat» tizimi va interaktiv davlat
xizmatlarining rivojlanishi
Dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari bugungi kunda «elektron hukumat» milliy tizimini faol ravishda joriy qilmoqdalar, bu davlat tuzilmalarini boshqarishga, davlat va tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda biznes-jarayonlarni samarali rivojlantirishga, shuningdek fuqarolarga Internet tarmog‘i orqali ochiq interaktiv shaklda davlat xizmatlarini ko‘rsatishga yordam beradi.
SHu yil 18 mart kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining matbuot-konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekistonda «elektron hukumat» tizimi va interaktiv davlat xizmatlarini rivojlantirish to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.
«Elektron hukumat» – davlat boshqaruvining elektron hujjat aylanishi tizimi bo‘lib, mamlakat miqyosidagi boshqaruv jarayonlarining barchasini avtomatlashtirishga asoslangan va davlat boshqaruvining samaradorligini oshirish hamda jamiyatning har bir a’zosi uchun ijtimoiy kommunikatsiya xarajatlarini kamaytirish maqsadiga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda anchadan buyon davlat organlarining veb-saytlari va O‘zbekiston Respublikasi Hukumat portali orqali aholiga hamda yuridik shaxslarga interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilgan. 2007 yildayoq 49 tadan iborat Asosiy interaktiv davlat xizmatlarining ro‘yxati tasdiqlangan. 2009 yilda u 94 taga ko‘paygan, hozirgi vaqtda esa u 195 taga etgan.
Bugungi kunda «elektron hukumat»ning samarali elementlari sifatida 20 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Ular quyidagilar:
• O‘zbekiston Respublikasi Hukumat portali – gov.uz bo‘lib, tashkilotlar, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida elektron-axborot hamkorlik infratuzilmasining tizim hosil qiluvchi elementi hisoblanadi.
Har bir fuqaro yoki korxona, tashkilot, muassasa vakili O‘zbekistondagi davlat hokimiyatining barcha elementlari yuzasidan to‘liq axborotni olishi mumkin, shuningdek hokimiyatning u yoki bu organiga gov.uz portali orqali elektron shaklda rasmiy so‘rov yuborishi mumkin. Mazkur portalda Asosiy interaktiv davlat xizmatlarining to‘liq ro‘yxati ham chop etilgan.
• «E-Kommunal.uz» portali uy-joy, kommunal xo‘jaligi sohasidagi umumiy axborot infratuzilmasi bo‘lib, aholi, nazorat qiluvchi organlar va uy-joy mulkdorlarining shirkatlari, shuningdek kommunal xizmatlar o‘rtasida axborot almashishni osonlashtiradi. Mazkur portalda O‘zbekistondagi uy-joy va kommunal xo‘jaligining barcha masalalariga doir axborot, shuningdek tariflar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi va hatto barcha kommunal xizmatlarning interaktiv kalkulyatori qulay shaklda joylashtirilgan. Xohlovchilar portalda kommunal xo‘jaligi sohasidagi u yoki bu muammoga oid xabar, fotosuratlarni joylashtirishlari mumkin, davlat hokimiyati tegishli organlari tomonidan ko‘rib chiqilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralari qo‘llaniladi.
• Tadbirkorlik sub’ektlarining elektron shakldagi statistik, soliq va boshqa moliyaviy hisobotlarini to‘plash va ishlov berishni avtomatlashtirish tizimi (stat.uz, soliq.uz). Davlat soliq qo‘mitasi saytida har bir soliq to‘lovchi ham yuridik, ham jismoniy shaxs sifatida elektron shaklda maslahat orqali xizmatlarning to‘liq ro‘yxatini olishi, soliq hisobotini yoki daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishi yoxud o‘zining soliq to‘lovchi identifikatsiya raqamini (INN) tasdiqlashi mumkin.
Statistika davlat qo‘mitasining sayti orqali har qanday tadbirkorlik sub’ekti elektron shaklda statistik hisobotni topshirishi mumkin, yangi firma tashkil etayotganda esa, har bir fuqaro Firma nomlarini rezerv qilishning elektron tizimidan foydalanish imkoniyatiga ega. Hozirgi vaqtda davlat statistik hisobotining 101 ta shakli (141 ta amaldagi shakldan) Internet tarmog‘i orqali elektron shaklda yuborilishi mumkin. Joriy yilning 1 fevral holatiga ko‘ra 103 mingdan ortiq firma nomlari elektron shaklda rezerv qilingan.
• O‘zbekiston qonunchilik milliy bazasi (lex.uz) 25 mingdan ortiq normativ hujjatni barcha uchun ochiq tarzda o‘z ichiga olgan. Lex.Uz milliy tizimining asosiy maqsadi yuridik va jismoniy shaxslar uchun normativ-huquqiy hujjatlarga keng kirishni ta’minlash yo‘li bilan aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, aholini huquqiy axborot bilan ta’minlash ishlarini takomillashtirishdan iborat.
Ushbu ma’lumotlar bazasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 1990 yildan hozirgacha qabul qilingan qonunlar, mamlakat kodekslari, Oliy Majlis palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari hamda boshqa hujjatlari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari o‘zbek va rus tillarida joylashtirilgan. SHuni ta’kidlash lozimki, Lex.Uz milliy bazasi Internet tarmog‘i orqali normativ-huquqiy hujjatlarga bepul kirishni ta’minlovchi O‘zbekistondagi yagona axborot-huquqiy tizim hisoblanadi.
• Har bir elektr energiyasi iste’molchilari o‘zlarining shaxsiy ma’lumotlariga kirishlarini ta’minlovchi alohida xona (uzbekenergo.uz). Har qanday korxona, tashkilot yoki oila elektr energiyasi iste’molchisi hisoblanadi. Mazkur loyiha mamlakatdagi barcha iste’molchilarning elektr energiyasidan foydalanish hisobini qulay interaktiv shaklda nazorat qilish imkonini beradi.
• CHet el fuqarolari uchun O‘zbekistonga viza olishni rasmiylashtirish maqsadida onlayn-anketa (evisa.mfa.uz). Tizim O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi veb-saytining bir bo‘lagi bo‘lib, hozirda alohida veb-sahifa sifatida o‘zbek, ingliz va rus tillarida ishlamoqda, kelajakda dunyoning boshqa tillarida ham ishlashi mumkin. O‘zbekiston eVisa tizimini joriy etgan dunyodagi 9-mamlakat ekanligi diqqatga sazovordir, bu shubhasiz mamlakatimizning turistik va biznes salohiyatini oshiradi.
• Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati va litsenziya hamda ruxsatnomalar olishning tartib-taomillari, talab etiladigan hujjatlar va boshqa masalalar to‘g‘risida axborot olish imkonini beradigan litsenziatning yagona portali (license.uz). O‘zbekistonda litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlari doimo qisqaradi va ularni olish tartib-taomillari soddalashtiriladi. Mazkur loyiha barcha axborotni olishga va zarur litsenziyalarni olishda ortiqcha rasmiyatchilikni kamaytirishga yordam beradi.
Asosiy interaktiv davlat xizmatlari «elektron hukumat» mukammal tizimining bir bo‘lagi ekanligini tushunib etish zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 18 yanvardagi 2012 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2013 yilgi iqtisodiy dasturning asosiy ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov mamlakatda «elektron hukumat» tizimini shakllantirish konsepsiyasi va kompleks dasturini ishlab chiqish muhimligini ta’kidlagan edi.
Ushbu sohada dunyoda peshqadam bo‘lgan Koreya Respublikasi va boshqa etakchi xorijiy mamlakatlarning «elektron hukumat» sohasidagi ilg‘or tajribasini hisobga olgan holda davlat organlarining rahbarlari va mutaxassislaridan maxsus tuzilgan ishchi guruh tomonidan «Elektron hukumat» tizimini shakllantirish konsepsiyasi va kompleks dasturini, shuningdek 2013–2017 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturini ishlab chiqish ishlari amalga oshirilmoqda.
Loyihalarni ishlab chiqishda koreyalik va boshqa xorijiy ekspertlar faol ishtirok etmoqdalar, O‘zbekistondagi turli vazirliklar va idoralarning mutaxassislari bilan birgalikda mazkur yo‘nalish yuzasidan davra suhbatlari, uchrashuvlar, seminarlar va majlislar o‘tkazilmoqda.
Ishlab chiqilayotgan «Elektron hukumat» tizimini shakllantirish konsepsiyasi va 2013–2017 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi loyihalari davlat organlarining, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini hamda hozirgi holatini e’tiborga olgan holda «Elektron hukumat» tizimini shakllantirish va rivojlantirishning asosiy vazifalarini belgilab beradi.
«Elektron hukumat» tizimini joriy etishga doir taklif etilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini baholash uchun maqsadli ko‘rsatkichlar va davlat organlari interaktiv xizmatlarining turli sohalari va yo‘nalishlari bo‘yicha indikatorlar ishlab chiqilgan.
«Elektron hukumat» tizimining joriy etilishi natijasida turli instansiyalarga borish zaruriyati hamda davlat xizmatlari olish uchun davlat xizmatchilariga aholi va biznes vakillari tomonidan bevosita murojaat qilishni istisno etadigan tranzaksiyaviy xizmatlarga to‘liq o‘tilishi kutilmoqda, bu o‘z navbatida, aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilishiga va biznes yuritish uchun sharoitlarning yaxshilanishiga ko‘mak beradi.
Nashr vaqti: 2013 yil 27 mart
Manba:
http://infocom.uz/2013/03/27/razvitie-sistemy-elektronnoe-pravitelstvo-i-interaktivnyx-gosudarstvennyx-uslug/
Do'stlaringiz bilan baham: |