Yonilg‘i moylash materiallarining yong‘in va portlash jihatdan xavfliligi
va elektrlanishi.
Barcha neft mahsulotlari yong‘in va portlash jihatidan xavfli bo‘lib, ularning
bug‘i zaharlidir. Ular ma’lum miqdorda havo bilan aralashib, portlovchi aralashma
hosil qiladi. Havoda benzinlar, kerosinlar, dizel yonilg‘isining bug‘lari hajm
bo‘yicha 1,1 dan 6,0 foizgacha bo‘lganida ular portlash jihatidan xavfli
hisoblanadi. Bu chegaralar ob-havo sharoitiga (harorat, bosim, havo namligi), neft
mahsulotlari turi va aralashma hosil bo‘lish sharoitiga qarab o‘zgaradi. O‘t olish
haroratiga ko‘ra neft mahsulotlari ikki guruhga: oson alangalanadigan (o‘t olish
harorati 45°C dan past bo‘lgan: benzin, kerosin, yengil fraksion tarkibli dizel
yonilg‘ilari) va yonuvchi (45°С dan yuqori: dizel yonilg‘isi, mazutlar, pechka va
qozon yonilg‘ilari, yengil moylar) turlarga bo‘linadi. Oson alangalanadigan
yonilg‘ini tashish, saqlash, undan foydalanishning barcha bosqichlarida juda
ehtiyot bo‘lish shart.
Ko‘pgina neft mahsulotlarining, ayniqsa, yonilg‘ining dielektrik xossalari
yuqori bo‘ladi. Shuning uchun ular quvurlardan oqizilganida, avtosisternada
tashilganida uning devoriga ishqalanishi natijasida statik elektr zaryadlari paydo
bo‘ladi. Ular razryadlanganida elektr uchquni paydo bo‘lib, neft mahsulotlarining
portlashi va alangalanishiga sabab bo‘lishi, xizmat ko‘rsatayotgan kishilarni
shikastlashi mumkin. Buning oldini olish uchun barcha sig‘imlar, avtosisternalar,
qabul qilish-tarqatish uskunalari, o‘tkazgichlar mexanizatsiyalangan yonilg‘i
quyish vositalari yerga ulanishi zarur; shunda hosil bo‘lgan elektr zaryadi yerga
o‘tib ketadi.
Neft mahsulotlari bug‘lari ajralib chiqadigan joylarda uchqun chiqishi,
portlash yoki yong‘in chiqishiga sabab bo‘luvchi asboblardan foydalanish qat’iyan
man etiladi.
To‘ldirilgan yoki bo‘sh bochkalarni maxsus ko‘targichlar yoki ko‘tarish-
tashish mexanizmlari yordamida ko‘tarish va tashish kerak. Agar
mexanizatsiyalashtirilgan yonilg‘i quyish vositalari bo‘lmasa, neft mahsulotlari
quyilgan bochkalarni dumalatishga ruxsat etiladi. Massasidan qat’i nazar,
bochkalarni orqalab tashish, shuningdek, chetidan itarib dumalatish mumkin emas.
To‘ldirilgan bochkalarni tashish va saqlashda ularning buraladigan qopqoqlari
(tiqinlari) yuqoriga qaratib bir qator qilib joylashtiriladi va dumalab bir-biriga
urilib ketishining oldini olish maqsadida mahkamlab qo‘yiladi. Benzindan
bo‘shatilgan idishlar xavfli hisoblanadi. Benzindan bo‘shatilgan 200 litrli idishida
10–50 g miqdorda qoldiq benzin bug‘larining havo bilan aralashmasi bo‘ladi. Bu
aralashmaning uchqun ta’sirida portlash xavfi bo‘lganligi tufayli idishlar tiqinlarini
bolg‘a yoki boshqa asboblar bilan urib ochish taqiqlanadi, chunki bunda uchqun
chiqish ehtimoli bor. Idishlarni ta’mirlashda alangadan foydalanilganida benzin va
boshqa bug‘larning havo bilan aralashmasining portlash xavfining oldini olish
uchun zarur choralar ko‘rish lozim. Bunda bochkalar, shuningdek,
avtomobillarning yonilg‘i baklariga suv quyib ta’mirlanadi yoki ular issiq suv bilan
bug‘latiladi, shundan so‘ng karbon gazi to‘ldirilgan holda ta’mirlanadi.
Neft mahsulotlarini olov, uchqun, mashina va uskunalarning qattiq qizigan
qismlari tegib ketishidan saqlash lozim. Neft mahsulotlarini ochiq idishda saqlash
qat’iyan man etiladi. Neft mahsulotlari saqlanadigan joylarda doimo o‘t o‘chirish
asboblari to‘plami bo‘lishi lozim.
Neft mahsulotlari omborlarida, shuningdek, mashinalarga neft mahsulotlari
quyiladigan, neft mahsulotlari qabul qilib olinadigan va tarqatiladigan joylar
yaqinida chekish hamda alangadan foydalanish taqiqlanadi.
Neft mahsulotlari bilan ishlaydigan shaxslar o‘z vaqtida yong‘in xavfsizligiga
oid dastlabki (ishga qabul qilinayotganda) va davriy (yiliga kamida ikki marta)
yo‘riqnoma olishlari lozim.
Neft ombori va yonilg‘i-moylash materiallarini tarqatish shoxobchalarida,
yong‘inga qarshi belgilangan ajratish masofalarining o‘lchamlariga rioya qilinishi,
ozodalikni saqlash zarur, shuningdek, yaxshi ko‘rinadigan joylarga «Yong‘in xavfi
bor!», «Chekilmasin!» degan yozuvlar osib qo‘yilishi lozim.
Statik elektrlanish natijasida uchqun paydo bo‘lishining oldini olish uchun
hamma o‘tkazgich va sig‘imlar yerga ulanadi. Yonilg‘i quyish shoxobchalari va
moylash postlarining to‘ldirish kolonkalari va agregatlari yashin qaytargichlar
bilan jihozlanadi. Neft omborlari kerakli birlamchi o‘t o‘chirish qurollari, shitlar,
belkuraklar, ilmoqlar va boshqa asboblar, qumli idishlar, o‘t o‘chirgichlar,
namatlar bilan jihozlanadi.
Statik elektrlanish natijasida yong‘in va portlash kelib chiqishining oldini
olish uchun quyidagi tadbirlarni amalga oshirish lozim:
– yonilg‘ini haydashda ishlatiladigan barcha vositalar, o‘tkazgich quvurlar,
sisternalar, yonilg‘i quygichlar va sig‘imlar yaxshilab yerga ulanishi lozim;
– yonilg‘ini quyish ochiq oqim ko‘rinishida bo‘lmasligi va yonilg‘i
sachratilmasligi lozim;
– yonilg‘ining suv va havo bilan aralashishiga yo‘l qo‘ymaslik;
– idishga neft mahsulotlari quyilayotganida shlangning uchi har doim neft
mahsuloti ichida bo‘lishi, bo‘sh idishga yonilg‘i quyishda shlang uchi yonilg‘iga
botib turadigan bo‘lgunicha yonilg‘ini juda sekin oqizish lozim;
– yonilg‘i tashiydigan avtosisternalarning yerga ulanadigan (tegib turadigan)
zanjirlarini mustahkamlash kerak. Yong‘in chiqqanida, yonayotgan neft
mahsulotlarini o‘chirish uchun kimyoviy ko‘pik, karbon kislota gazi, qum va
tuproq ishlatilishi lozim. O‘t o‘chirishda toza suvdan foydalanish taqiqlanadi,
chunki suvning zichligi yonayotgan neft mahsulotining zichligidan yuqori
bo‘lganligi tufayli neft mahsuloti suv yuziga qalqib chiqadi va yonishda davom
etadi, yonish kuchayadi va atrof muhitga tez tarqaladi.
Idishlardagi neft mahsulotlarining yonishini to‘xtatish uchun o‘t o‘chirgichlar
oqimini idishlarning yonayotgan devorlari chekkasiga shunday yo‘naltirish
kerakki, bunda yonayotgan neft mahsuloti sachramasligi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |