2-rasm. Xususiy aksiyalarni sotib olish maqsadlari6
Buxgalteriya hisobida sotib olingan xususiy aksiyalar sotib olingan xususiy Aksiyalar bo‘yicha schyotlarda sotib olingan narxlar bo‘yicha aks ettiriladi.
Sotib olingan xususiy aksiyalarni jamiyat o‘z balansida ushlab turishi yoki ularni jamg‘arma bozorida qaytadan sotishi mumkin. Aksiya egalari qarori bilan Nizom kapitali sotib olingan xususiy aksiyalar summasiga kamaytirilishi, aksiyalarning o‘zi esa bekor qilinishi mumkin. Lekin «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq bunday aksiyalar hisobda bir yildan ortiq bo‘lgan muddatda ushlab turilishi mumkin emas. Auditor buni tekshirib ko‘rishi kerak, chunki sotib olingan va balansda bir yildan ortiq muddatda hisobda bo‘lgan aksiyalar bekor qilingan deb hisoblanadi. Korxona ushbu muddat o‘tgandan keyin ularni sotishi yoki Nizom kapitalini shu summaga kamaytirgan holda, bekor qilishi lozim.
Emitent o‘zining xususiy aksiyalarini sotib olgan barcha holatlarda, bir vaqtning o‘zida aksiyadorlik kapitali kamaygani bilan birga, uning mol-mulki ham kamayadi. Keyinchalik, sotib olish va xususiy aksiyalarni ikkinchi marotaba sotish operatsiyalari sodir etilganda, agar aksiya sotib olingan qiymatdan ortiq narxlarda sotilsa, ortiqcha olingan summa 9590-«Moliyaviy faoliyat bo‘yicha boshqa daromadlar» schyotining kreditiga yozib qo‘yiladi.
Aksiyalar sotib olingandan past narxlarda sotilsa, oradagi farq 9690- «Moliyaviy faoliyat bo‘yicha boshqa xarajatlar» schyotining debetida aks ettiriladi.
Sotib olingan aksiyalarning bekor qilinishi bir vaqtning o‘zida Nizom kapitalini kamaytirish yo‘li bilan amalga oshiriladi:
Debet «Nizom kapitali hisobi schyotlari»,
Kredit «Sotib olingan xususiy aksiyalar hisobi schyotlari».
Bularni tekshirayotganda auditor qimmatbaho qog‘ozlar bilan operatsiyalar qonuniy ravishda amalga oshirilayotganligini bilishi kerak.
Zaxira kapitali, agar ustavda ko‘zda tutilgan bo‘lsa, sof foydani zaxira qilish yo‘li bilan xususiy kapitalni to‘ldirib borish uchun tashkil etiladi. O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchilikka muvofiq aksiyadorlik jamiyatlari jamiyat Nizomi bilan belgilangan, lekin Nizom kapitalidan 15% kam bo‘lmagan miqdorda zaxira kapitali tashkil etish huquqiga ega.
21-son BHMS ga ko‘ra, «Korxona ta’sis hujjatlariga asosan foyda hisobidan shakllantiriladigan zaxira kapitali, mulkni qayta baholashdan yuzaga keladigan inflyatsiya rezervlari, pul mablag‘laridan tashqari tekinga olingan mulklar to‘g‘risidagi axborotlarni umumlashtirish quyidagi schyotlarda amalga oshiriladi:
8510 - «Mulkni qayta baholash bo‘yicha tuzatishlar»;
8520 - «Rezerv kapitali»;
8530 - «Tekinga olingan mulk».
Auditor zaxira kapitali hisobi bo‘yicha buxgalteriya o‘tkazmalari to‘g‘ri ekanligini tekshirishi lozim.
Korxona Nizom kapitalini xorijiy kapital ishtirokida shakllantirishda qo‘shilgan kapital deb ko‘rsatiladigan kurs farqi hosil bo‘lishi mumkin.
Nizom kapitaliga ulush sifatida haqiqatda kiritilgan, moddiy qiymatliklar, nomoddiy va moliyaviy aktivlarni baholash ularni ta’sis hujjatlarida va dastlabki kelishuvlarda baholashdan farq qilishi mumkin.
Auditor, shuningdek, zaxira kapitali to‘g‘ri tashkil etilganligi va to‘ldirilganligi, ya’ni: foydadan ajratmalar hisobiga tashkil etilgan zaxira kapitali Nizom kapitalining 15% dan kam emasligi, mol-mulkni (asosiy vositalarni) qayta baholashdan hosil bo‘lgan barcha inflyatsiya zaxiralari zaxira kapitali ko‘payishiga o‘tkazilganligi, bepul kelib tushgan mol-mulkning barchasi zaxira kapitalning ko‘payishiga o‘tkazilganligini tekshiradi. Tekshirish manbasi bo‘lib korxona Nizomi, O‘zbekiston Respublikasi hukumatining qayta baholash to‘g‘risidagi qarori, qayta baholash bo‘yicha hisob-kitoblar, mol-mulkni bepul olish to‘g‘risida shartnomalar, qabul qilish-topshirish dalolatnomalari, bildirishnomalar (avizo) va boshqalar hisoblanadi.
Zaxira kapitali ishlab chiqarishni rivojlantirish, korxona faoliyati tugatilganda ish haqi va soliqlarni budjetga to‘lash, inflyatsiya bo‘yicha zararlarni qoplash, aksiyadorlik jamiyati hay’ati qaroriga muvofiq Nizom kapitalini to‘ldirish, qayta baholash summalarini qoplash va aksiyadorlik jamiyatining boshqa yo‘nalishlari uchun foydalaniladi. Ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlarida foyda yo‘qligi yoki u yetarli emasligida zaxira kapitali imtiyozli aksiyalar bo‘yicha dividendlarni to‘lash uchun yo‘llanishi mumkin.
Auditor zaxira kapitali mablag‘lari korxona xodimlariga moddiy yordam ko‘rsatishga, mehnatga haq to‘lashga yoki mukofotlar to‘lashga ishlatilganligi holatlari bilan to‘qnash kelishi mumkin. Shu bois, auditor zaxira kapitali ishlatilishini zaxira kapitali schyotidagi yozuvlarni tahlil qilish yo‘li orqali ta’sischilar bilan hisob-kitoblar hisobi va taqsimlanmagan foyda schyotlari bilan korrespondentlanishini sinchkovlik bilan tekshirishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |