Korxona ustav kapitali uning ustavi va ta’sis shartnomasiga muvofiq qoidaga ko’ra, ta’sischilarning hissalari hisobiga barpo etiladi. U korxonaning xo’jalik faoliyatidan olinadigan foydasi hisobiga, zarur bo’lganda ta’sischilarning maqsadli badallari hisobiga ham to’ldirilishi mumkin.
Ustav kapitali shakllanishining tekshiruvi vaqtida Ustav kapitali o‘z vaqtida, ya’ni uning belgilangan muddatlarda shakllanganligi, e’lon qilingan kirim ulushi to‘liq kiritilganligi va shakllanish manbalari (ta’sischilarning yoki ishtirokchilarning xususiy mablag‘lari hisobiga, uchinchi shaxslar ulushlari hisobiga) aniqlanadi.
Ustav kapitali - bu Xo‘jalik yurituvchi subyektning Nizomida ro‘yxatga olingan kapitalning eng kam miqdoridir.
Boshqacha qilib aytganda, Nizom kapitali (jamg‘armasi) bu korxona tashkil etilishida, uning ta’sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorda faoliyatini amalga oshirish uchun ishtirokchilar (mulk egalari) tomonidan mol-mulkka kiritilgan ulushlarining yig‘indisi hisoblanadi.
21-son BHMS4 ga binoan, Korxona ustav kapitalining holati va harakati to‘g‘risidagi axborotlarni umumlashtirish quyidagi schyotlarda amalga oshiriladi:
8310 - «Oddiy Aksiyalar»;
8320 - «Imtiyozli aksiyalar»;
8330 - «Pay va ulushlar».
Bozor sharoitida Nizom kapitali, bir tomondan, korxona mol-mulki qiymatini, ikkinchi tomondan esa - ta’sischilar, investorlar oldida korxona majburiyatlari bo‘yicha summalarni ifoda etadi. Nizom kapitali bo‘yicha moliyaviy-Xo‘jalik operatsiyalarni aks etish tartibi bo‘yicha o‘zgarishlar respublikada hosil bo‘lgan zamonaviy bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan. Nizom kapitalining shakllanishi amaldagi qonunchilik va ta’sis hujjatlari bilan tartibga solinadi. Nizom kapitalining shakllanishi Xo‘jalik subyektining mulkka egalik qilish shaklidan kelib chiqqan holda: aksiyadorlik jamiyatlarida - aksiyadorlar aksiyalarga yozilganligi hisobiga, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarda - har bir ishtirokchining bergan ulushi hisobiga, davlat korxonalarida-mazkur iqtisodiy subyektga biriktirilgan davlat mulki hisobiga amalga oshiriladi.
Nizom kapitalining tekshiruvida auditor uning summasi haqiqiy ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak. U buxgalteriya balansi va xususiy kapital to‘g‘risidagi hisobotda aks ettiriladi. «Nizom kapitali hisobi bo‘yicha schyotlar»ga oid qoldiq korxonaning ta’sis hujjatlarida aks ettirilgan Nizom kapitali miqdoriga muvofiq bo'lishi lozim.
Auditor Xo‘jalik subyekti davlat ro‘yxatiga olingandan keyin ushbu korxonaning buxgalteriyasida Nizom kapitali ta’sischilarning Nizom kapitaliga ulushlarini kiritish bo‘yicha qarzlarini hisobga olish schyotlarining debetlash va Nizom kapitalini hisobga olish bo‘yicha schyotlarining kreditlashini hisobga olishlari kerakligini nazarda tutishi lozim.
Agar, tekshirish vaqtida ushbu schyotlar bo‘yicha balansdagi qoldiqlar teng bo‘lsa, bu ta’sischilar tomonidan Nizom kapitaliga o‘z ulushlarini kiritilmaganligini ifodalaydi. Bunday korxonalar ta’sis etilmagan (tashkil topmagan) deb hisoblanadi va tugatilishi lozim.
Korxonaning Nizom kapitaliga ulush sifatida binolar, inshootlar, jihozlar va boshqa moddiy qiymatliklar, nomoddiy aktivlar, qo‘shma korxona ishtirokchilari davlatlarining pul mablag‘lari ko‘rinishidagi valyutalar va erkin konvertatsiya qilinadigan valyuta sifatida kiritilishi mumkin.
Auditor ta’sischilar tomonidan kiritilgan ulushlarni dastlabki hujjatlar asosida va asosiy vositalar va pul mablag‘lari, nomoddiy aktivlar, ishlab chiqarish zaxiralari va boshqalarni hisobga olish schyotlarining debeti bilan korrespondentlangan Nizom kapitali ulushlar bo‘yicha ta’sischilarning qarzi schyotning kreditidagi yozuvlari asosida tekshiradi.
Masalan, kirim kassa orderlari, asoslovchi hujjatlar ilova qilingan bankning hisob-kitob va valyuta schyotlaridan ko‘chirmalar asosida ta’sischilar ulushi hisob-kitob va valyuta schyotlariga to‘liq va o‘z vaqtida kirim qilinganligi tekshiriladi.
Ta’sis hujjatlarida qayd etilgan va Nizom kapitaliga ulush sifatida kirim qilingan moddiy qiymatliklar, nomoddiy aktivlar ta’sischilar kelishuvi bo‘yicha aniqlanadi va baholanadi. Valyutalar va valyuta qiymatliklari jamiyat ro‘yxatdan o‘tkazilgan kuniga amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Bankining kursi bo‘yicha baholanadi. Nizom kapitaliga ulush sifatida kiritilgan qimmatli qog‘ozlar va boshqa moliyaviy aktivlar ta’sischilarning kelishuviga asosan baholanadi.
Ustav kapitaliga yoki aksiyalarni to‘lash uchun haqiqatda kiritilgan moddiy qiymatliklar, nomoddiy aktivlar jamiyat aktiviga o‘tkazish davrida amalda bo‘lgan bozor narxlari bilan baholanadi. Bozor narxlariga ega bo‘lmagan nomoddiy aktivlar ta’sis hujjatlarida qayd etilgan yoki tomonlar kelishuvi bilan belgilangan narxlar bilan baholanadi. Ushbu obyektlarni baholash, odatda, yuqori malakali mutaxassislarga topshiriladi.
Ustav kapitaliga ulush sifatida amalda kiritilgan valyuta va valyuta qiymatliklari, jamiyatga kirim qilinishi vaqtida amalda bo‘lgan rasmiy kurs bo‘yicha baholanadi. Qimmatli qog‘ozlar oxirgi birja kursi bo‘yicha baholanadi.
Moliyaviy aktivlar va birjada kotirovkaga ega bo‘lmagan qimmatli qog‘ozlar tomonlar kelishuviga asosan baholanadi. Murakkab sharoitlarda hamda amaldagi qonunchilik talab qilganda, ustav kapitaliga ulush sifatida kiritilgan aktivlarning to‘g‘ri baholanishi mustaqil auditor xulosasi bilan tasdiqlanadi.
Ulush sifatida ustav kapitaliga amalda kiritilgan moddiy va valyuta qiymatliklari, nomoddiy va moliyaviy aktivlarning baholanishi ularni ta’sis hujjatlari va dastlabki kelishuvlardagi baholanishidan farq qilishi mumkin.
Asosiy vositalarni qabul qilish-topshirish dalolatnomalari, ma’lumotlar, nomoddiy aktivlar kelib tushishini tasdiqlovchi hujjatlar va asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarni hisobga olish schyotlarining debet aylanmalariga asosida o‘tkazilgan uskunalar, binolar, inshootlar, ma’naviy mol-mulkka egalik huquqlarining qiymati aniqlanadi. Materiallarni qabul qilish dalolatnomalari, tovar-transport yuk xatlari, ishlab chiqarish zaxiralarini hisobga olish bo‘yicha schyotlari ma’lumotlariga ko‘ra kelib tushgan moddiy qiymatliklar qiymati aniqlanadi.
Har bir qo‘yilma, Nizom kapitalini shakllantirish tartibiga izoh qilingan hujjatlar bilan tasdiqlanishi lozim. Bundan tashqari, ustav kapitaliga ulush sifatida kiritilayotgan mablag‘larning alohida turlari ta’sischilar - jismoniy shaxslarning shaxsiy mulk egaligini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lishi lozim. Bularga, masalan, xususiylashtirilgan xonadon, ma’naviy molk-mulk, transport vositalari va boshqalar kiradi. Shunday qilib, auditor ta’sischilar kiritgan ulushlarga oid ularning har biri bo‘yicha yuritiladigan varaqalar yoki qaydnomalarda aks etirilgan ulushlar bo‘yicha qarzlar, to‘lash muddatlari, kiritilgan aktivlar summasi va qarzlarni qoplanishi bo‘yicha tahliliy hisobni tekshiradi.
Ishtirokchilarning ustav kapitaliga kirim qilingan ulushlari hisobda va balansda ular amalda kelib tushishi bo‘yicha aks ettiriladi. Korxonaning ustav kapitaliga ulushning amalda kelib tushish vaqti bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
- pul mablag‘lari uchun - pullar hisob-kitob (valyuta) schyotiga kirim qilingan sanasi;
- moddiy va nomoddiy aktivlar uchun - moddiy va nomoddiy aktivlarni qabul qilish-topshirish dalolatnomalari va ushbu obyektlar kelib tushganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar rasmiylashtirilgan sanasi.
Korxona ustav kapitaliga ta’sischilar tomonidan kiritilgan ulushlarning to‘liqligi uning ta’sis hujjatlarida qayd etilgan va Nizom kapitali hisobining schyotlaridagi aks etilgan miqdorini Nizom kapitali ulushlar bo‘yicha ta’sischilar qarzi schyotidagi miqdori bilan solishtirish yo‘li bilan aniqlanadi.
Ustav kapitalini tekshirish vaqtida buxgalteriya hisobida to‘g‘ri rasmiylashtirilganligi va 13-sonli jurnal-orderda Nizom kapitali hisobi bo‘yicha schyotda qonuniy va to‘g‘ri aks etilganligi, ular amaldagi qonunchilikka muvofiq ekanligi aniqlanishi lozim.
Korxona ustav kapitaliga hissa sifatida binolar, inshootlar, qurilmalar va boshqa moddiy qiymatliklar: er, suv va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish huquqlari, shuningdek, boshqa mulkiy huquqlar (shu jumladan, kashfiyotlardan foydalanish uchun, «NOU XAU» va boshqa nomoddiy aktivlar); qo’shma korxona ishtirokchi davlatlarining valyutalaridagi erkin ayirboshlanadigan valyutalarda pul mablag’lari qo’shilishlari mumkin.
Ustav kapitalini auditorlik tekshiruvidan o’tkazishdan maqsad, ustav kapitalining holati aks ettiriladigan moliyaviy hisobot ko’rsatkichlarining ishonchliligi, hamda uni hisobga olish uslubiyotining me’yoriy hujjatlarga muvofiqligi to’g’risida fikr shakllantirishdan iborat.
Tekshiruvni korxona yuridik maqomini va ustavida belgilangan faoliyat turlarini, ta’sischilar va ular ulushlarining tarkibi hamda summasini, ustav kapitalining moliyaviy-xo’jalik faoliyatini amalga oshirish uchun etarliligini aniqlashdan boshlash maqsadga muvofiq.
Ta’sis hujjatlari, ustav kapitalini shakllantirishga doir dastlabki hujjatlar, hisob registrlari va hisobot ma’lumotlarini tekshirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
-ta’sis hujjatlari (ustav, ta’sis shartnomasi) mavjudligi, shakllari va to’g’ri rasmiylashtirilganligi;
-ta’sis hujjatlari mazmunining amaldagi qonunchilak va me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligi;
-ta’sischilar ulushlarining ustav kapitaliga to’liq va o’z vaqtida qo’shilishi;
-ta’sischilar mulk shaklida qo’shadigan ulushlarining to’g’ri baholanishini tekshirish;
-ustavda ko’rsatilgan faoliyat turlarining qonuniyligini tekshirish;
-ustav kapitali hajmining ta’sis hujjatlari va O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiqligi;
-ustav kapitalining to’liq va to’g’ri shakllantirilganligi;
-ta’sischilarning ustav kapitaliga o’z ulushlarini qo’shish bo’yicha yakuniy hisob-kitoblar uchun qonunda belgilangan muddatlarga rioya qilinishi;
-ustav kapitalini shakllantirishga doir muomalalarning buxgalteriya hisobi schyotlarida to’g’ri aks ettirilganligini tekshirish;
-ustav kapitaliga ulushlarning haqiqatan ham qo’shilganligini aniqlash;
-ustav kapitali hajmi o’zgarishining asosliligi, ustav va ta’sis shartnomasining qayta ro’yxatdan o’tkazilganligini hamda bu haqda tegishli hisob registrlari va hisobotda aks ettirilganligi.
Ushbu vazifalarni bajarish uchun quyidagi ma’lumot manbalari tahlil qilinadi:
-korxonaning huquqiy maqomini, ustav kapitalini shakllantirish va hisobga olish masalalarini tartibga soladigan asosiy qonun hujjatlari va yo’riqnomalari;
-ta’sis hujjatlari (notarial idora tomonidan tasdiqlangan ustav va ta’sis shartnomasi);
-moliyaviy, statistik va boshqa tegishli hisobotlar;
-ustav kapitalini shakllantirish bo’yicha muomalalar hisobga olingan dastlabki hujjatlar, analitik va sintetik hisob registrlari.
Me’yoriy hujjatlarga muvofiqlik masalasini tekshirish uchun ustav kapitalini shakllantirish va hisobga olish qoidalarini o’zida mujassamlashtirgan me’yoriy hujjatlar to’plami zarur. Bunday to’plam tekshirilayotgan korxonaning o’ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda shakllantiriladi.
Qo‘shilgan kapitalning tekshiruvi qo‘shilgan kapital hisobi schyotlari bo‘yicha amalga oshiriladi. Ushbu schyotlar Aksiyalarni nominal qiymatidan yuqori bo‘lgan narxlar bo‘yicha birinchi bor sotilishida vujudga kelgan emissiya daromadi va Nizom kapitalini shakllantirishdagi kurs farqlarini hisobga olish uchun mo‘ljallangan.
Auditor ushbu kapital to‘g‘ri shakllanishi va to‘ldirilishini tekshirishi lozim.
21-son BHMS5 ga muvofiq, oddiy va imtiyozli aksiyadan olingan, nominal qiymat summasidan yuqori bo‘lgan qo‘shilgan kapital mavjudligi va harakati to‘g‘risidagi axborotlarni umumlashtirish, ya’ni aksiyalarni birlamchi joylashtirishda nominal qiymatdan yuqori bahoda sotishdan olingan emissiya daromadi, hamda ustav kapitalini shakllantirish jarayonida vujudga keladigan kurs farqlari quyidagi schyotlarda amalga oshiriladi:
8410 - «Emissiya daromadi»;
8420 «Ustav kapitalini shakllantirishdagi kurs farqi».
Odatda, aksiyalar birinchi bor nominal qiymatidan yuqori bo‘lgan narxlarda, ya’ni mukofot bilan sotiladi. Nominal qiymati Nizom kapitaliga o‘tkaziladi, emissiya daromadi esa (bozor qiymatini nominal qiymatidan oshib ketishi) qo‘shilgan kapitalga o‘tkaziladi.
Shuningdek, korxonada «Nizom kapitali (fondi) hisobi schyotlari» bo‘yicha, ya’ni, e’lon qilingan, obuna bo‘lgan, to‘langan kapital bo‘yicha tahliliy hisob olib borilishi lozim.
Dastlabki obuna sifatida rasmiylashtirilmasdan sotilgan aksiyalar pul mablag‘lari bo‘yicha schyotlarning debetida va «Nizom kapitali hisobi bo‘yicha schyotlar» yoki «qo‘shilgan kapital hisobi bo‘yicha schyotlar» ning kreditida aks ettiriladi.
Aksiyalarni sotib olish uchun obuna bo‘lishga oid shartnomalar bilan belgilangan summaga aktsionerlik jamiyatining buxgalteriyasida, uning aktiviga pul yoki boshqa mol-mulk kelib tushishidan qat’iy nazar, Nizom va qo‘shilgan kapital tashkil ettiriladi. Hisobda obuna summasiga debitorlik qarz aks ettiriladi.
Tekshiruvda auditor korxona tomonidan chiqarilgan va to‘langan aksiyalar turlari, ularning egalariga oid schyotlari, yoki ta’sischilar va qo‘yuvchilarning xususiy schyotlari bo‘yicha ma’lumot taqdim etish imkoniyati borligiga katta ahamiyat beradi.
Aksiyalarga obuna bo‘lish to‘g‘risidagi shartnomalarda aksiyalarning sotilish narxi, qarzlarni qoplash muddatlari, to‘lovlar valyutasi yoki obuna bo‘yicha olinadigan aksiyalarni to‘lash uchun mol-mulk turlari va qiymati ko‘zda tutiladi. Aksiyalarga egalik qilishdan kelib chiqadigan huquqlarni obunachi, odatda, shartnomaga muvofiq, obuna bo‘lgan aksiyalar bo‘yicha to‘liq to‘lovlarni amalga oshirgandan keyin oladi.
Aksiyadorlik jamiyatlariga mol-mulk, pul mablag‘lari aksiyalarga obuna bo‘lish to‘g‘risidagi sharnomaga asosan beriladi. Qo‘shilgan kapital tekshiruvi vaqtida jamiyatning o‘zi tomonidan sotib olingan aksiyalar hisobi tashkil etilganligi tekshiriladi.
Xususiy aksiyalar aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan quyidagi maqsadlar uchun sotib olinadi: