Dunyo okeanining atmosfera va quruqlikka ta'siri
Dunyo okeani Yerning barcha qobiqlari bilan muntazam o‘zaro aloqada bo‘lib, sayyoramiz tabiatiga kuchli ta’sir etib turadi. Dunyo okeanining atmosfera, litosfera, biosfera bilan doimiy o‘zaro ta’siri natijasida „okean-atmosfera-quruqlik" tizimi tarkib topgan. Bu tizimda modda va energiya almashinuvi kuzatiladi. Tizimdagi moddalarning harakatini ta’minlaydigan qudratli kuch quyosh energiyasidir. Dunyo okeani Yer yuzasiga Quyoshdan kelayotgan issiqlikning 70%ini yutadi. Natijada okean issiqlik „akkumulatori"ga aylanadi va atmosferani ilitib turadi, bug‘ holatidagi namlik bilan ta’minlaydi, quruqlikka va barcha suv havzalariga yog‘in beradi. Quyosh energiyasi ta’sirida harakatga kelgan „issiqlik mashinasi" butun Yer yuzasi bo‘ylab „okean-atmosfera-quruqlik" tizimida issiqlik va namlik taqsimotini ta’minlaydi. „Issiqlik mashinasi"ning harakat yo‘nalishi, tezligi kabi xususiyatlariga Oy va Quyoshning tortishi hamda Koriolis kuchi, Yerning ichki energiyasi, hatto antropogen omil ham ma’lum miqdorda ta’sir etadi. Oqibatda tabiatda turli xil jarayonlar yuzaga keladi.
Okeanning atmosfera va quruqlikka ta’sir etishida havo massalarining o‘rni katta. Okean quyosh issiqligini to‘playdi, ularni dengiz oqimi turli kenglik va uzoqliklarga olib ketadi, atmosferani ilitadi.
Agar havo massalari okean yuzasida hosil bo‘lsa, dengiz havo massalari, aksincha, quruqlik ustida hosil bo‘lsa, kontinental havo massalari deb ataladi. Bu havo massalari „okean-quruqlik" tizimida issiqlik va sovuqlikni tashuvchi vosita vazifasini bajaradi.
Atmosferada sodir bo‘ladigan shamol, bo‘ron va quyunlarning bosh sababchisi ham „okean-atmosfera-quruqlik" tizimidagi modda va energiyaning almashinuvidir. Quyun (tayfun) va bo‘ronlar ikkala yarimsharning 5-20° kengliklari oralig‘idagi okean yuzasida tarkib topadi.
Dengiz oqimlari ham okeanning atmosfera va quruqlik o‘rtasidagi o‘zaro aloqasiga kuchli ta’sir etadi. Ayniqsa, iliq va sovuq dengiz oqimlari issiqlik va sovuqlikni geografik kenglik hamda uzoqliklar bo‘yicha tashiydi.
Okeanlarning yashash uchun qulay bo‘lgan sohillarida qadimdan odamlar makon qurgan. Hozir ham qirg‘oqning 50 km gacha bo‘lgan qismida dunyo aholisining 27% i yashaydi.
Yer sirtining okeanlar va dengizlar suvlari bilan qoplangan yuzasi umumiy nom bilan Dunyo okeani deb ataladi. U planetamizning suv qobig’i bo’lgan gidrosferaning ajralmas va asosiy qismidir. Gidrosfera dunyo okeanidan tashqari yuqorida aytilganidek, quruqlikdagi suvlar, daryolar, ko’llar va muzliklardan, atmosferadagi suv bug’laridan, tuproqdagi namlikdan, shuningdek, yer osti suvlaridan tashkil topgan.
Dunyo okeani Yer kurrasi umumiy maydoni (510 mln km)ning 361 mln. km yoki 71% ini egallagan, quruqlik yuzasi esa 149 km yoki uning 20% ini tashkil etadi.
Yer kurrasida quruqlik va suv yuzalari notekis taqsimlanadi: quruqlikning katta qismi shimoliy yarim sharda bo’lib, uning yuzasi 39% ni tashkil etadi: Janubiy yarim sharda esa quruqlik bor yo’g’i 10% ni egallagan. Bunday taqsimlanish atmosferaning umumiy tsirkulyatsiyasiga va suvning tabiatdan aylanishiga katta ta‘sir ko’rsatadi. Gidrosferaning turli qismlarida suv miqdorining taqsimlanishi to’g’risidagi ma‘lumotlardan ko’rinib turibdiki, Yer kurrasidagi suvning umumiy hajmi 1386 mln. km dan ortiq.
Bundan 1338 mln. km dunyo okeanida, 294 mln. km Yer po’stida, 26 mln. km muzliklarda, 176 ming km ko’llarda, 2,1 ming km esa daryolardadir. Yerdagi suvning umumiy hajmi taxminan hisoblangan, chunki yer osti suvlarining miqdori ham unchalik hisoblangan emas.
Yer kurrasidagi chuchuk suvlarning umumiy zahirasi 35 mln. km deb baholanadi. (Yerdagi umumiy suv hajmining 2,3%i), uning 68% dan ko’prog’i Antarktida va Grenlandiya muzliklarida va 30%i yer osti suvlaridan iboratdir. Hozirgi paytda foydalanish uchun mumkin bo’lgan chuchuk suvlar miqdori Yerdagi umumiy suv hajmining taxminan 0,3% ini tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |