15.4-rasm:Asosiy vositalarni joylashgan joyi (javobgarlik markaz)lari bo‘yicha turkumlanishi
Masalan, sanoat xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarida “Sanoat” tarmog‘iga sanoat mahsuloti ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektning transport moddiy-texnika ta’minoti, ombor xo‘jaligi va boshqa bo‘limlarining asosiy vositalari kiradi.
Sanoat xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari balansida aks ettiriladigan yordamchi qishloq xo‘jalik bo‘limiga qarashli ob’ektlar “Qishloq xo‘jalik tarmog‘i”, uy-joy-kommunal xo‘-jaligiga qarashli ob’ektlar “Aholiga maishiy hizmat ko‘rsatish” va “Uy-joy-kommunal ho‘jaligi” tarmog‘iga kiradi.
“Asosiy vositalar” nomli 5-son BHMSga binoan asosiy vositalar quyidagi baholarda baholanadi:
15.5-rasm: Asosiy vositalarning baholanishi Boshlang‘ich (dastlabki) qiymat aktivni xarid qilishda haqiqatda to‘langan pul mablag‘lari yoki uni barpo etishda amalga oshirilgan haqiqiy xarajatlardir. Xarid qilishning haqiqiy qiymati asosiy vositani xarid qilish va uni ishlatish uchun tayyor holga keltirishda qilingan barcha xarajatlarni, ya’ni: xarid narxi, yuridik yig‘imlar va boshqa xarajatlarni o‘z ichiga oladi. “Asosiy vositalar” nomli 5-son BHMSga binoan asosiy vositalarni xarid qilish evaziga sotib olingan asosiy vositalar ob’ektining boshlang‘ich qiymati quyidagi xarajatlardan tashkil topadi:
asosiy vositalarni yetkazib beruvchilarga hamda shartnoma bo‘yicha pudratchilarga to‘lanadigan summalar;
asosiy vositalar ob’ektiga doir huquqni sotib olish (olish) munosabati bilan amalga oshirilgan ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imlari, davlat bojlari va boshqa shunga o‘xshash to‘lovlar;
bojxona bojlari va yig‘imlari;
asosiy vositalar ob’ektlarini sotib olish (barpo qilish) munosabati bilan soliqlar va yig‘imlar summalari (agar ular qoplanmasa);
asosiy vositalar ob’ektlarini sotib olish (barpo qilish) bilan bog‘liq informatsiya va maslahat xizmatlari uchun to‘langan summalar;
asosiy vositalar ob’ektlarini yetkazib berish (barpo qilish) xatarini sug‘urtalash bo‘yicha xarajatlar;
asosiy vositalar ob’ektini sotgan vositachilarga to‘lanadigan haqlar;
asosiy vositalarni o‘rnatish, montaj qilish, sozlash va ishga tushirishga oid xarajatlar;
aktivdan mo‘ljal bo‘yicha foydalanish uchun uni ishchi holatga keltirish bilan bevosita bog‘liq boshqa xarajatlar.
Kreditdan foydalanganlik uchun foizlarni to‘lashga doir xarajatlar qarzga olingan sarmoya hisobidan butkul yoki qisman sotib olingan asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymatiga kiritilmaydi.
Asosiy vositalar asosiy vositalarni hisobga oluvchi schyotlarda quyidagi ob’ektlar uchun aniqlanadigan boshlang‘ich qiymatda hisobga olinadi:
korxonaning ustav kapitaliga ta’sischilar tomonidan ularning ulushi hisobidan kiritilgan ob’ektlar - tomonlarning kelishuviga asosan;
korxonaning o‘zida tayyorlangan shuningdek, to‘lov evaziga boshqa korxona va shaxslardan sotib olingan ob’ektlar - ushbu ob’ektlarni (inshoot, qurish, tiklash) barpo etishga ketgan haqiqiy xarajatlardan kelib chiqib yoki ushbu ob’ektlarni xarid qilishda, to‘langan va qoplanmaydigan soliqlar (boshqa majburiy to‘lovlar) shuningdek, yetkazib berish, yig‘ish, o‘rnatish, ishga tushirish va ushbu aktivni ishchi holatiga keltirish bilan bevosita bog‘liq boshqa xarajatlarni hisobga olgan holda; (O‘zR AV 25.05.2009 y. 1181-2-son bilan ro‘yxatga olingan O‘zR MV Buyrug‘i taxriridagi kichik band);
boshqa korxona va shaxslardan tekinga olingan shuningdek, hukumat idoralari tomonidan subsidiya ko‘rinishida olinganlari - qabul qilish sanadagi bozor bahosi yoki qabul qilish-topshirish hujjatlarida ko‘rsatilgan qiymat bo‘yicha.
Asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymati faqat qayta qurilganda, ta’mirlanganda va qisman tugatilganda hamda qayta baholangan hollarda o‘zgartirilishi mumkin.